Tahlilchilar: Andijon voqeasi kutilmagan hol emas


- O'zbekiston prezidenti Islom Karimov 2002 yilning martida Vashingtonda prezident Jorj Bush bilan uchrashgan paytida, Klinton rahbariyati bizga demokratiya haqida yaxshi tushuntirmagan ekan, mana siz bilan gaplashib, uning mag'zini bildim. O'zbekistonda islohotlar uchun yo'l ochiladi, -deya va'da bergan edi. Mana 2005 yilda yashayapmiz. Qani, o'sha islohotlar? - deya so'raydi siyosiy tahlilchi Ariel Koxen.

Janob Koxen Vashingtonda joylashgan konservativ siyosatni olg'a suruvchi Heritage Foundation deb atalmish tadqiqot markazining sobiq Sovet mamlakatlari, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari bo'yicha katta ilmiy xodimi.

Mazkur markazda O'zbekistondagi hozirgi sharoit va Andijonda shu yilning 13 mayida yuz bergan zo'ravonliklarni muhokama qilish uchun yig'ilgan yetakchi mutaxassislar -Farg'ona vodiysidagi ko'ngilsizliklar kutilmagan yoki to'satdan ro'y bergan hodisalar emas, - deya ta'kidladilar. Ular nazarida, mamlakatdagi siyosiy-iqtisodiy sharoitning og'irligi yuqoridagi kabi qonli voqealarning yuzaga kelishida muhim omildir.

"Andijondagi xunrezlik inson huquqlarining eng ashaddiy darajada poylmol etilishidir... Buning yuz berishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan edi,"- dedi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga (YXHT) tegishli, AQSh qonun chiqaruvchilari va vazirlaridan iborat Helsinki Komissiyasi vakili Shon Vu.

Janob Vuning fikricha, Karimov hukumati YXHTga voqea yuzasidan tekshiruv boshlashga hamda mamlakatda fuqaro erkinliklari yo'lida faoliyat ko'rsatuvchi dasturlarni ko'rib chiqishga rozilik berishi lozim. Aks holda, deydi u, nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa inqirozga yuz tutishi mumkin.

Ozodlik Radiosining siyosiy sharhlovchisi Daniel Kimmaj nazarida, Andijon voqeasi haqida aniq ma'lumotlarning kamligi masalani yanada chigillashtiradi. Biroq, ko'plab ommaviy axborot vositalarining ma'lum qilishicha, 500 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo'lgan to'qnashuv, xalqaro hamjamiyatni chuqur xavotirga solayotgani sir emas.

Rossiya va Xitoy o'z fuqarolariga qarshi o't ochmaganini ta'kidlab kelayotgan O'zbekiston hukumati tomonini olmoqda. AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar hamda yirik xalqaro tashkilotlar esa O'zbekistonni Andijon fojiasi ustidan mustaqil xalqaro tekshiruv olib borish uchun yo'l berishga undamoqda.

Qo'shma Shtatlar O'zbekiston hukumati bilan qay darajada til topishishi yoki kelisha olishi mumkinligini aniq bilib olishi lozim, deya ta'kidlaydi tahlilchi Kimmaj. Uning fikricha, O'zbekistondagi hozirgi ahvol to'rt turlicha holga olib borishi mumkin:

- Birinchisi, hech narsa o'zgarmaydi. Xalqaro maydonda kimlardir O'zbekiston tomonda, kimlardir esa unga qarshi turaveradi. Ammo, bu qachongacha davom etishi mumkin? Andijondagi kabi voqealar takrorlanishi mumkinmi?

- Ikkinchi hol, mintaqada islomiy ekstremist kuchlarning doirasi kengayadi. Andijon voqeasi musulmon dunyosidagi zo'ravon kuchlarni birlashishga va O'zbekiston hukumatiga qarshi harakat qilishga chorlagan bo'lsa, ajabmas.

- Uchinchi ehtimoliy hol shuki, O'zbekistonda hukumat ag'darilishi mumkin. Bunda mamlakatda klanlar va turli tarqoq siyosiy partiyalar o'rtasida qanday kelishmovchiliklar bo'lishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin.

- To'rtinchisi, savol shaklida: O'zbekiston yoki mintaqa qonli mojaroga yuz tutishi mumkinmi?

Xelsinki Komissiyasi vakili, "Biz O'zbekiston rahbari bilan yuzma-yuz, ochiqcha gaplasha oladigan maxsus elchi tayinlashimiz kerak. Jeyms Beyker, Bob Doul singari siyosatchilarga murojaat qilish lozim,"- dedi.

Tadqiqotchi Koxen nazarida esa AQSh uchun O'zbekiston bilan shirin gaplar almashib, umidga to'ladigan vaqtlar o'tib ketdi. "500 dan ortiq kishining hayoti zavol bo'ldi. Gapning po'stkallasi shu,"- dedi u.

XS
SM
MD
LG