Yosh bolalar qo'rg'oshinli bo'yoqdan zaharlanishi mumkin


Bolalar qo’rg’oshindan turli yo’llar bilan zaharlanishlari mumkin: masalan, suv orqali. Ammo ekspertlarning fikricha, bolalarning, tarkibida qo’rg’oshin bo’lgan bo’yoqdan zaharlanishlari eng ko’p uchraydigan holdir. Hozirda bu masalaga dunyo bo’ylab e’tibor qaratilmoqda. AQSh atrof-muhitni himoyalash agentligi xodimi Vendi Kleland-Xamnet shunday deydi:

- Biz Shimoliy Amerikada, jumladan Kanada, hamda Meksika va dunyoning boshqa davlatlari bilan birgalikda bu masalani yechish ustida ishlayapmiz.

AQShda qo’rg’oshinli bo’yoqdan foydalanish 1978 yilda man etilgan edi, ammo uni hali ham eskiroq uylarda uchratish mumkin. Amerikaning ba’zi burchaklarida bu katta muammo, deydi Jeff Ruk, atrof-muhitni himoyalash bo’yicha faoliyat yurituvchi notijoriy tashkilot raisi.

- Bunday uylar Amerikaning markaziy-g’arbida va sharqiy sohilidagi qator eski sanoat shaharlarida joylashgan.

Yetti yoshgacha bo’lgan bolalarda qo’rg’oshindan zaharlanish ehtimoli ancha yuqori.

Ular ko’chib tushgan bo’yoqni og’ziga solishi yoki qo’rg’oshinli changda nafas olishi mumkin.

Organizmga oz miqdorda tushgan qo’rg’oshin zehnni, eshitish qobiliyatini pasaytiradi, bo’y o’sishini kechiktiradi. Ko’p miqdorda bo’lsa og’ir behushlik, tomir tortishi va o’limga ham olib borishi mumkin.

Ota-ona uyda qo’rg’oshinli bo’yoq ishlatmasligi yoki uni oldirib tashlashi mumkin, albatta. Bu haqda Kleland-Xamnet shunday deydi:

- Qo’rqoshinli bo’yoqdan qutulish murakkab ish. Ancha qimmatga tushishi mumkin.

Qimmat, ammo bu xizmatni cho’ntak ko’taradi, deydi Kleland-Hamnet. Janob Ruk esa sal boshqacha fikrda:

- Odatda uy egalari tuzatish ishlarini boshlarkanlar, qo’rg’oshinli bo’yoqdan tezda qutulish yo’lini izlashadi. Ular tozalash jarayonining xavfli ekanini tushunmasalar, biror havaskor ishchining xizmatidan foydalanishadi.

Atrof-muhitni himoyalash agentligi, bolalarni qo’rgo’shinli bo’yoqdan zaharlanish holatini oldini olish niyatida, keng-ko’lamli yangi dastur boshlagan.

Dasturga ko’ra, xavf ostida bo’lgan bolalarning qoni muntazam tekshirib boriladi.

"Bolalarni ko’rikdan o’tkazib turish juda muhim," -deydi Vendi Kleland-Xamnet. "Ularning qonida ko’p miqdorda qo’rg’oshin yig’ilmasligi kerak."

Ammo Michigan shtatida o’tkazilgan tadqiqotga ko’ra, ko’rik har doim ham o’tkazilavermaydi, deydi Professor Aleks Kemper:

- Biz Michigan shtatida 3600 ga yaqin bolalar qonida ko’p miqdorda qo’rg’oshin borligini aniqladik. Ulardan atigi deyarli yarmi qayta ko’rikdan o’tkazilgan ekan.

Jumladan, qora-tanli va lotin amerikalik kam-daromadli oilalarning bolalari ko’rikdan muntazam o’tmaydi. Bunga sabab, xususan ular uchun doimiy bir tibbiy muassasaning yo’qligidir. Buning ustiga, bunday oilalarning kasallik tarixi bilan bog’liq hujjatlar bir joyda saqlanmaydi.

Lekin barcha oilalarni bo’yoqdan zaharlanishini oldini olish kerak, deydi Ruk.

- Qo’rg’oshindan zaharlangan qonni qayta tozalashning deyarli iloji yo’q.

Uy havosini qo’rg’oshin zarrachalaridan toza tutish va ularning bola atrofidagi buyumlar ustiga o’tirib qolishining oldini olish uchun, uyni tez-tez changdan tozalab turish kerak.

XS
SM
MD
LG