Muhojirlarning vatanlariga jo'natayotgan puli ichki iqtisodiyotga katta yordam bo'lmoqda


Dunyo bo'ylab immigrantlar ishlab, pullarini odatda o'z vatanlariga oilalariga jo'natadilar. O'tgan yili banklar orqali o'tgan ana shunday pulning miqdori 126 milliard dollarga teng keldi. Eng ko'p pul AQShdan jo'natiladi.

Pedro Amaya Virjiniyaga El Salvadordan sakkiz yil ilgari kelgan. AQShga kelgan minglab lotin amerikaliklar singari Pedro ham to'rt aka-ukasi bilan qurilishda ishlaydi. U bilan rafiqasi va yosh farzandi yashaydi. Har oyda Pedro ota-onasiga El Salvadorga pul jo'natib turadi.

"Ba'zi paytda 300 dollar jo'natsam, ba'zida oyiga 200 dollar jo'nataman," deydi u. "Ular ham ozgina pul qilishadi o'zlari, biroq hayotlari uchun yetarli darajada emas. Mamlakatimiz iqtisodiyotining ahvoli yaxshi emas."

Iqtisodiyot bo'yicha tadqiqotchilarning fikricha, hunari past ishchilar uylariga pulni tez-tez va kichik miqdorda jo'natib turar ekan. Ularning ko'pchiligi turizm va restoranga o'xshash xizmat ko'rsatish jabhalarida oz maoshga ishlaydigan noqonuniy immigrantlardir. Hunari baland va ko'p maosh oladiganlari ham pulni uylariga jo'natishadiyu, biroq onda-sonda. Shunga qaramay jo'natadigan pulning miqdori kattaroq. El Salvadorning Vashingtondagi elchisi Rene Leon ham uyga pul jo'natar ekan.

"Albatta jo'nataman. AQShdan chet-elga jo'natiladigan 2,5 milliard dollarda mening ham ulushim bor."

AQShdagi 2 millionga yaqin el salvadorliklar o'tgan yili mamlakatlariga ana shuncha pul jo'natganlar. 2,5 milliard dollar El Salvador ichki yalpi mahsulotining 13 foizini tashkil etadi.

Mariya ham El Salvadordan. U ham yillar davomida vatanidagi ota-onasi va qiziga pul jo'natib turadi. U mehmonxonalarni tozalaydi va sotuv uchun uyda shirinliklar tayyorlaydi. Uning tan olishicha, ba'zida u rasmiy yo'l bilan bank orqali pul jo'natsa, ba'zida esa El Salvadorga yo'l olayotgan do'st va tanishlari orqali naqd pulni yuborib turadi.

Bank va Vestern Yunion orqali jo'natilayotgan pul miqdorining 10 dan 20 foizigacha soliq to'lash kerak bo'ladi. Oz maosh oladigan bu odamlar uchun bu albatta katta puldir. Jahon bankining ma'lumotiga ko'ra, shunga qaramay o'tgan yili banklar orqali jo'natilgan pul 126 milliard dollarni tashkil etdi. Dilip Ratxa Jahon bankining katta iqtisodchisi.

"Immigrantlar bank vositachiligisiz, naqd pul bilan vatanlariga jo'natayotgan pulni hech kim qanchaligini aniq bilmaydi," deydi Dilip Ratxa. "Hoh u do'stlari orqali yuborilgan bo'lsin, hoh turistik yoki savdo kompaniyalari singari norasmiy vositalar yordamida yuborilgan bo'lsin, pulning aniq qiymati qayd etilmaydi."

Pulning eng ko'pi Meksika, Hindiston va Filippinga jo'natiladi. AQShdagi lotin amerikaliklarning 60 dan ortiqroq foizini meksikaliklar tashkil etadi.

"Meksikaga o'tgan yili 17 milliard dollar jo'natilgan edi," deydi Dilip Ratxa. "Bu o'sha mamlakatga qilinadigan to'g'ridan-to'g'ri sarmoyadan ham yuqoriroqdir. Ya'ni ularning neft eksportidan tushadigan daromadiga teng."

AQSh pul jo'natish manbasi sifatida birinchi o'rinda turadi. Biroq doktor Ratxaning hisoblariga ko'ra, migratsiya va pul jo'natishning asosiy qismi baribir janubiy yarim shardagi rivojlanayotgan mamlakatlar o'rtasida ro'y berar ekan. Masalan, Janubiy Afrikadan qit'adagi boshqa mamlakatga yoki Malayziyadan janubi-sharqiy Osiyoga.

Chet-eldan yaqinlaridan kelayotgan pulning 80 foizi oziq-ovqat, maishiy xizmat va xalq iste'moli mollariga sarf qilinsa, qolgan pulning aksariyati uyni ta'mirlashga yoki yangi uy-joy sotib olishga sarflanar ekan. Qolgan kichkina qismi esa sarmoya sifatida ishlatilar ekan.

Pul jo'natish ayrim mamlakatlarda qashshoqlikka qarshi kurashning vositalaridan biri bo'lib qolgan.

"Ko'plab mamlakatlarda migratsiya qashshoqlikning oldini olishini yaxshi tushunib yetganlar," deydi Dilip Ratxa. "Ayrim mamlakatlar undan taraqqiyot strategiyasi sifatida ataylab qo'llanadilar."

Pul turli joydan kelib turli joyga jo'natiladi. Shu narsa aniq bo'ldiki, chet-elda ishlab topilgan pulni jo'natish global iqtisodiyotning yangi va muhim kuchiga aylangan.

XS
SM
MD
LG