Tinchlik Korpusining O'zbekistondagi bo'limi o'z faoliyatini to'xtatib qo'ydi


Tinchlik Korpusi direktori Gaddi Vaskezning ma'lum qilishicha, tashkilotning O'zbekistondagi bo'limi o'z ishini to'xtatib qo'ydi. Bunday qarorga, O'zbekistonda ish olib borayotgan 52 ta Tinchlik Korpusi ko'ngillilarining muddati tugagan vizalari yangilanmagach, kelindi.

"Tinchlik Korpusi faqatgina mahalliy hukumat roziligi bilan ish olib boradi xolos," deb vaziyatni tushuntirdi Vaskez. O'zbekiston hukumati tashkilot ko'ngillilarining vizalarini yangilashdan bosh tortdi. Bir yildan oshiqroq davr mobaynida turli dasturlar bo'yicha ish olib borayotgan ko'ngillilar O'zbekistonni tark etib, AQShga qaytib ketmoqdalar.

Tinchlik Korpusi O'zbekistonda mahalliy hukumat bilan 1992 yilda kelishilgan hamkorlik shartnomasi asosida kichik biznesni rivojlantirish, oliy va o'rta o'quv muassasalarida ingliz tilidan saboq berish, qishloq joylarda ayol va bolalarning salomatligini yaxshilash hamda VICh/SPID haqida ma'lumot berish va uning oldini olish yo'llarini tashviq qilish borasida ish olib borayotgan edi.

AQShda 11 sentyabr, 2001 yilgi mash'um voqealardan so'ng Tinchlik Korpusining O'zbekistondagi faoliyati vaqtinchalik to'xtatib qo'yilgan edi. Shu paytgacha jami 700 dan ziyod amerikaliklar O'zbekistonda Tinchlik Korpusi safida mehnat qilib ketishgan. Tashkilot 1961 yilda tashkil topgandan beri esa 178 mingdan oshiq amerikalik ko'ngillilar jahon bo'ylab turli yo'nalishlarda ish olib borishgan.

18 yoshdan katta Amerika fuqarolarigina Tinchlik Korpusi ko'ngillilari bo'lishlari mumkin. Ko'ngilli jo'natilgan mamlakatda 27 oy xizmat qilib berishi zarur.

XS
SM
MD
LG