O'zbekiston <i>Vashington Post</i> va <i>Los Anjeles Tayms</i> nigohida


Shu haftada AQShda chop etiladigan ikki markaziy gazeta, Vashington Tayms va Los Anjeles Taymslar O'zbekistonga tegishli maqolalarni chiqardilar. Maqolaning biri "O'zbekiston AQSh siyosati maqsadlarini sinovdan o'tkazmoqda" deb nomlansa, ikkinchisi "AQSh NATO ning O'zbekistondagi xunrezlik bo'yicha tekshirish o'tkazish chaqirig'iga qarshi chiqmoqda" deb ataladi.

AQSh hukumati BMTning Andijon voqealarini o'rganish uchun halqaro tekshiruvlar o'tkazish haqidagi chaqirig'iga hamon qarshilik bildirmoqda. Vashington Post gazetasining 14 iyungi sonida Andijon voqealariga bag'ishlangan yana bir maqola chop etildi. Maqola mualliflari Jeffri Smit va Glenn Kesslerlar (Jeffrey Smith)ning AQSh va ayrim diplomatik rasmiylar ma'lumotlariga tayanib xabar berishicha, Rossiya va AQSh mudofaa vazirligi rasmiylari Andijonda yuz bergan hodisalar yuzasidan halqaro tekshiruvni o'tkazish haqidagi yangi talabni rasmiy bayonot sifatida chiqarmaslikning uddasidan chiqdilar. Bu hol o'tgan haftada Bryusselda NATO va Rossiya mudofaa vazirlari uchrashuvida qayd etildi.

Maqola mualliflariga ko'ra, Andijondagi voqealardan so'ng bir tomondan AQSh Davlat departamenti, ikkinchi tomondan esa Pentagon vakillarining rasmiy Toshkentga nisbatan olib borayotgan siyosati ikkiga bo'lingan.

AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays Andijon voqealari bo'yicha tergovda xalqaro hamjamiyatning aralashuvi muhim dedi, biroq fojeani tergov qilish bo'yicha O'zbekiston parlamenti tuzgan komissiyaga AQSh kuzatuvchilarini yuborishni rad etganligini ma'lum qildi. Davlat departamenti vakilining ta'kidlashicha, AQSh O'zbekiston parlamenti komissiyasining bu boradagi tekshiruvi halqaro tekshiruvga muvofiq emas.
Raysning bu tanqidiga javoban esa, deb yozadi gazeta AQShning uch nafar mansabdori tarqatgan ma'lumotga tayangan holda, Karimov AQSh harbiy samolyotlarining Xonoboddagi harbiy bazaga parvozlarini sezilarli darajada qisqartirdi.

Bu hol O'zbekistondagi harbiy bazani muhim deb hisoblagan AQSh Mudofaa rasmiylarini havotirga solayotgani bejiz emas. Davlat departamenti O'zbekiston hukumatini tanqid qilayotgan bir paytda, Pentagon O'zbekiston hukumati bilan Xonoboddagi harbiy baza faoliyatini uzoq muddatga cho'zdirishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Vashington Post. Bunday paytda esa, Islom Karimov rejimini tanqid qilish aviabazaning kelajakdagi taqdiriga salbiy ta'sir qilishi hech gap emas, deyiladi maqolada.

NATO ga a'zo davlatlar mudofaa vazirlari yig'ilishida Pentagon rahbari Donald Ramsfeld NATO mudofaa vazirlariga, Xonoboddagi aviabazaning NATO ning mintaqadagi faoliyati uchun muhimligini va u orqali tonnalab tinchlikparvar yordam o'tishini eslatib, uning o'rniga boshqa bazani topish qiyin hamda qimmatga tushishini aytdi.

Los Anjelesda nashr etiladigan Los Anjeles Tayms (Los Angeles Times) gazetasining 13 iyungi sonida "O'zbekiston AQSh siyosati maqsadlarini sinovdan o'tkazmoqda" degan Sonni Efronning maqolasini chop etildi.

Uning yozishicha, Islom Karimov boshliq O'zbekiston AQShga ham razvedka, ham harbiy joylashuv bilan ta'minlash borasida AQShning islom ekstremizmiga qarshi kurashdagi eng yaqin do'stlaridan biri bo'lib keldi. Biroq shu paytning o'zida, deb yozadi gazeta, Karimov hukumati demokratiya g'oyalarini, ayniqsa musulmon dunyosida, ol'ga surish bo'yicha Bush ma'muriyatining harakatlari yo'lidagi og'ir sinovlaridan biri bo'ldi.

O'zbekiston misoli, deydi Sonni Efron Los Anjeles Tayms gazetasidagi maqolasida, diktatorlardan islom ekstremizmiga hayrihohlikni susaytiradigan islohotlarni talab qilishdek prezident Bush ta'kidalagan eng muhim yo'nalishlardan birini xavf ostiga qo'ymoqda. Shu paytning o'zida, gazeta ba'zi tahlilchilarning tahminlarini bildirib, Karimov hukumati qulagan taqdirda, hokimiyatga AQShga Karimovdan ko'ra ham qo'l kelmaydigan radikal islomiy hukumat kelishi mumkin, deydi. Biroq boshqa mutaxassislarning fikricha, Karimov boshliq O'zbekiston Bush ma'muriyati terrorizmning ildizi deb ko'rsatgan "erkinlik kamomadi" ni o'zida yaqqol mujassamlashtiradi. Karimov 2002 yili AQSh bilan imzolagan va demokratiyani kuchaytirishni o'z ichiga olgan shartnomaga rioya qilmadi, deb yozadi Los Anjeles Tayms.

Bush ma'muriyati hozircha O'zbekistonni Andijon voqealari bo'yicha xalqaro tergov o'tkazishga ko'ndirish borasida biron-bir aniq strategiya bo'yicha qaror chiqarmadi. Davlat departamentidagi yuqori lavozimli rasmiyning fikrini bildirar ekan, gazeta bu kabi strategiyaga o'z ichiga BMT rezolyutsiyasi yoki Xavfsizlik Kengashining bayonoti yoki BMT Bosh kotibining biron-bir harakati misol bo'la oladi, deb yozadi. Biroq AQSh tashabbusi ostidagi BMT rezolyutsiyasini Xavfsizlik Kengashining Karimovga hayrihoh ikki a'zosi - Rossiya va Xitoyning qo'llab-quvvatlashi gumon. Bundan tashqari ayrim tahlilchilarning gapiga qaraganda, deb yozadi gazeta, Bush ma'muriyati xavfsizlik bilan demokratiyadan birini tanlashga kerak bo'lsa, albatta xavfsizlikni tanlaydi. Xavfsizlik yo'lida demokratiyani qurbon qilish, deydi Vashingtondagi Xalqaro tinchlik uchun Karnegi fondi Tomas Karoters (Thomas Carothers), AQShga nisbatan, ayniqsa musulmon dunyosida, ishonchning yo'qolishiga olib keladi.

XS
SM
MD
LG