Xalqaro mutaxassislar O'zbekistonga nisbatan Rossiya va Xitoyning munosabati hamda Andijon voqealari bo'yicha xalqaro tekshiruv o'tkazish haqida


Andijondagi voqealarga turli xalqaro tashkilotlar o'z munosabatlarini bildirmoqdalar. Ular chiqarayotgan hisobotlar va matbuot chiqishlari, asosan, jahon hamjamiyatiga a'zo davlatlarni 13 mayda sodir etilgan qonli to'qnashuv xususida mustaqil tergov olib borib, uning sabablarini aniqlash maqsadida O'zbekiston hukumatiga tekshiruvga yo'l berishini talab qilib, qattiqroq bosim ko'rsatishga qaratilgan. AQSh Davlat departamenti bir hafta ilgari ishning BMT Xavfsizlik Kengashi muhokamasiga olib chiqish ehtimolini O'zbekistonga ana shunday bosim choralaridan biri bo'lishi mumkin, degan edi. Biroq O'zbekiston hukumatining Andijondagi namoyishlarni bosishda ishlatgan usullarini rasman qo'llab-quvvatlagan Xavfsizlik Kengashining ikki doimiy a'zosi - Rossiya va Xitoy - Kengashdagi bu masala bo'yicha mumkin bo'lgan rezolyutsiyaga veto qo'yishlari aniq. Rossiya bilan Xitoyning rasmiy Toshkentga bo'lgan bu boradagi do'stona munosabati xususida, Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha katta tadqiqotchisi Akeysha Shilds (Acacia Shields) gapirdi.

Akeysha Shilds: "Rossiya ham, Xitoy ham Markaziy Osiyoda va, xususan O'zbekistonda, o'zlarining siyosiy va iqtisodiy ta'sirlarini kuchaytirishga anchadan beri qiziqish ko'rsatib kelayotgan edilar. Biroq bu davlatlar o'zlarining iqtisodiy va siyosiy aloqalariga inson huquqlari aspektini kiritmay kelganlar. Shuning uchun ham O'zbekistondagi voqealar bo'yicha mustaqil tekshiruv o'tkazish borasida ularning faolligini ko'rmaymiz. Bu uyatli hol."

Xelsinki Komissiyasi nomini olgan, AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi vakillaridan biri Ronald MakNamara (Ronald McNamara), BMT Xavfsizlik Kengashining aynan o'sha veto qo'yish jarayoni tufayli, masalani vetosiz ish yuritadigan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga o'tkazgan ma'qul deydi.

Ronald MakNamara: "Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bu kabi tekshiruvni olib borish uchun eng mos keladigan tashkilotdir. Tashkilotning "Moskva Mexanizmi" deb nomlangan maxsus jarayoni borki, unga ko'ra tashkilotga a'zo davlatlardan biri O'zbekiston hukumatidan bo'lib o'tgan voqealar xususida tushuntirish berishni so'raydi. Undan so'ng unga a'zo yana to'qqiz davlat O'zbekiston hukumatidan rasman tekshiruv boshlashni talab qiladi. So'ng uch kishilik ishchi guruhi tuzilib, guruh bo'lib o'tgan voqealar borasida faktlar yig'ishga kirishib, tergovni boshlaydi. Biz hozirda AQSh hukumatiga murojaat qilib, o'sha to'qqiz davlatning biri bo'lishini so'radik."

Janob MakNamara O'zbekiston parlamentining hozirda o'zining Andijon voqealari bo'yicha tergovi haqida ham gapirdi.

Ronald MakNamara: "Mustaqil tekshiruv o'tkazish uchun ehtijoy bor. O'zbek parlamentining tekshiruvi unga bo'lgan haqiqiy ejtiyojni qondira olmaydi. Chunki parlament tekshiruvi natijalari prezident Karimovning shu voqealar bo'yicha bildirgan fikrini aks ettiradi xolos. Biz parlament va prezident Karimov pozitsiyalarida katta farq bo'lishini kutmaymiz."

XS
SM
MD
LG