Breaking News

Human Rights Watch tashkiloti vakilining Andijon voqealariga doir suhbati


Andijondagi voqealar sodir bo'lgandan so'ng, jahonning bir necha xalqaro tashkilotlari bu hol bo'yicha tashvishda ekanliklarini bildirdilar va haqiqatni aniqlash maqsadida birinchilardan bo'lib xalqaro mustaqil tekshiruvning o'tkazilishini O'zbekiston hukumatidan talab qildilar. Shunday tashkilotlardan biri xalqaro inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch dir. Ularning sodir etilgan qonli to'qnashuvlar bo'yicha jahonga jar solishlari bu holga munosabat bildirishga shoshilmayotgan davlatlarga turtki bo'ldi. Ayniqsa may oyining o'sha mash'um kunlarida beihtiyor voqea guvohlari bo'lgan 50 kishining ma'lumotlari asosida "O'qlar xuddi yomg'irdek yog'ilar edi" deb nomlangan 63 varaqli hisbotlarini chiqardilar. O'sha hisobot ma'lum bir ma'noda Andijon voqealariga ancha sust munosabat bildirayotgan AQSh hukumatini faol bo'lishga majbur qildi.

90-yil oxirlarida O'zbekistonda Human Rights Watch ning bosh vakili bo'lgan Akeysha Shilds (Acacia Shields) xonim bugun tashkilotning Nyu York dagi bosh idorasida Markaziy Osiyo bo'yicha bosh tadqiqotchi bo'lib ishlaydi. Shilds xonim biz bilan telefon orqali muloqotda bo'lib, Andijon voqealari va undan kelib chiqadigan oqibatlar haqida so'zlashdi.

Akeysha Shilds: Avvalombor biz Amerika Ovozi radiosining o'z ishini qayta boshlaganidan xursandmiz. Biz o'zbek tilida odamlarga xilma-xil qarashlarning axborot sifatida taqdim etilishini qo'llab-quvvatlaymiz. O'zingizga ma'lum, O'zbekistonda odamlar tashqi dunyo haqida juda cheklangan ma'lumotga egalar. Erkinroq jamiyat tuzish va odamlarning xilma-xil qarashlarni olishlari juda muhimdir.

Amerika Ovozi: Shilds xonim, Andijonda sodir etilgan voqealarga Human Rights Watch ning rasmiy munosabati qanday?

Akeysha Shilds: Biz Andijonda 13 mayda bo'lib o'tgan voqealar haqida batafsil hisobot chiqardik. Biz bu voqealarni "qir'gin" deb atadik va O'zbekiston hukumatini qurolsiz xaloyiqqa qarshi ortiqcha kuch ishlatganlikda aybladik. Biz aybdorlarning javobgarlikka tortilishlarini talab qilib keldik.

Amerika Ovozi: Tashkilotingiz chiqargan ushbu hisobot 50 ka yaqin guvohlar so'zlari asosida tayyorlangan. Ular kim o'zi?

Akeysha Shilds: Biz bu voqealar haqida Andijondagi odamlar bilan va qir'gin boshlangach o'z hayotlarini saqlash maqsadida Andijonni tark etgan qochqinlar bilan suhbat uyushtirdik. Ularning ba'zilari yaralangan edi. Andijonning o'zida odamlar tashqaridan kelgan odamlar bilan suhbatlashishdan qo'rqadilar. Mahalliy militsiya odamlarga jurnalistlar yoki inson huquqlari bo'yicha faollar bilan gaplashmaslikni naql qildilar. Shuning uchun ular haqiqatni gapirishdan qo'rqadilar.

Amerika Ovozi: O'zbekiston hukumati mustaqil tekshiruvning o'tkazilishiga qarshi chiqib keldi va hozirda maxsus parlament komissiyasi bu ish bilan shug'ullanmoqda, biroq komissiya tergovining bo'lajak natijalari bo'yicha chet-elda ishonchsizlik bor. Ya'ni G'arb mamlakatlari komissiyaning prezident Karimov oldindan hech bir tekshiruvsiz qilgan aybnomasini tasdiqlab, isbot qilishi zarur bo'ladi xolos, deydilar. Shunday ekan, O'zbekiston hukumatining mustaqil tekshiruv o'tkazishiga rozilik olish uchun nima qilish kerak, deb o'ylaysiz?

Akeysha Shilds: O'zbekiston bilan aloqa qilayotgan barcha davlatlar o'z munosabatlarini qayta ko'rib chiqmoqlari zarur va o'zlari uchun xalqini qirg'inga solgan hukumat bilan qanday aloqada bo'lmoqlari ekanliklarini hal qilishlari kerak. Biz, jumladan, AQSh hukumatini O'zbekistondagi Xonobod harbiy bazasini ijara muddatini uzaytirish borasidagi muzokaralarni to'xtatishni so'radik. Ya'ni O'zbekiston o'zining haqiqatdan ham AQShga foydali sherik ekanligini isbot qilishi uchun, xalqaro tekshiruvga rozilik berishi kerak.

Amerika Ovozi: Sizningcha, AQShning Xonoboddagi bazadan foydalanishidan kim ko'proq naf ko'rmoqda - AQShmi yoki O'zbekistonmi?

Akeysha Shilds: AQSh harbiylarining mazkur bazada joylashuvidan O'zbekiston ko'proq naf ko'radi. Chunki O'zbekiston hukumati xalqaro obro'ni ko'zlaydi va xalqaro terrorga qarshi juda muhim strategik hamkor deb atalishni istaydi. AQSh hukumatiga kelsak, ular o'z qo'shinlarini joylashtirishga boshqa joy topishlari ham mumkin.

XS
SM
MD
LG