Annan: Qochqinlar huquqi poymol etilmasin


Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Kofi Annan Qirg’iziston hukumatini 13 mayda Andijonda yuz bergan qonli voqealar oqibatida mamlakatga kelib qolgan o’zbekistonlik qochqinlarga mehr-shafqatli bo’lishga, ularning inson huquqlarini xurmat qilishga va vataniga qaytarib yubormaslikka chaqirdi. Janob Annanning so’zlovchisi Mari Okabe xonim Amerika Ovozi bilan suhbatda quyidagilarni bildirdi:

"Bosh kotib Qirg’iziston prezidenti Bakiyevga murojaat qilarkan, boshpana so’rayotgan o’zbekistonliklarni vatanlariga majburan qaytarib yuborilmaslikka kafolat berishni so’radi. Bosh kotib Qirg’izistonga uning xalqaro majburiyatlari haqida eslatdi. Kofi Annan, o’zbekistonlik qochqinlar masalasiga barham berishda BMT qo’ldan kelgan barcha ishni qiladi va bunda Qirg’iziston hukumati BMTning Qochqinlar bo’yicha bosh komissari yordamchisi Kamol Marjon bilan hamkorlik qilmog’i lozim, dedi."

Kamol Marjon Qirg’izistonga safar qilib, Qirg’iziston rasmiylari bilan uchrashdi. Qirg'iziston hukumati unga qochqinlarni vataniga zo'rlab jonatmaslikka so'z bergan. Komissariyat so’zlovchisi Ron Redmond deydiki:

"O’tgan hafta biz O’zbekiston nazarida jinoyatchi sanalgan 29 qochqinning vataniga qaytarilmoqchi ekani haqida ma’lumot olgan edik. 1951 yilda qabul qilingan Qochqinlarga qanday munosabat qilishni qayd etuvchi konventsiyani imzolagan Qirg’iziston, undan bosh pana so’rayotgan kishilarni yurtiga jo’natsa, bu xalqaro qonunni buzadi. Ularni majburan qaytarib yuborish qiynoqlarga qarshi bitilgan konventsiyani ham poymol etadi."

BMT inson huquqlari bo’yicha bosh komissari Luiz Arbur, o’zbekistonlik qochqinlarni vatanida qiynoq kutadi, deya xavotir bildirmoqda. So’zlovchi Redmondning aytishicha, 29 qochqinning jinoyatchi ekani haligacha isbotlangani yo’q. Ular boshpana berishga ko’rilishi uchun intensiv ko’riklardan o’tkaziladi. Shuningdek, hozirda Qirg’iziston g’arbidagi qochqinlar lagerida yashayotgan 400 dan ziyod o’zbekistonliklar ham.

Andijon voqealaridan ikki hafta o’tar-o’tmas Qirg’izistonga borib, o’zbekistonlik qochqinlar lagerida ular bilan suhbat qilib, vaziyatni o’rgangan amerikalik olim Kevin Jouns, Qirg’iziston o’sha damda qochqinlarga qo’ldan kelgancha yordam berayotgan edi, deydi:

"Qirg’iziston 14 may kuni erta bilan chegarasidan o’tgan besh yuz qochqinni orqasiga qaytarmasdan, ularga joy berdi. Shuningdek, qochqinlarni boshqa joyga ko’chiravermasdan bir joyda saqlash haqida ham o’ylashayotgan edi. Qirg’iziston rasmiylaridan biri menga, O’zbekiston hukumati odamlarini qidirib kelishi mumkin, qochqinlarni himoya qilmasak bo’lmaydi, dedi. Lagerda xavfsizlik kuchlari ham qo’yilgan edi. Albatta, bunda xalqaro tashkilotlarning ham yordami bor."

Tadqiqotchining aytishicha, u bilan gaplashgan qochqinlar vaqti kelib, O’zbekistonga qaytmoqchi ekanliklarini, ularga Qirg’izistonda doimiy yashash huquqi kerak emasligini bildirishgan.

"Qochqinlar menga, maqsadimiz xavfdan himoyalanish, ammo vatanga qaytish istagimiz bor, deyishdi. Ularning ko’pchiligi qo’rqinchda edi. Vatanga qaytishdan qo’rqayotgan edilar. Oilalari, qarindoshlari haqida tashvishlanayotgan edilar."

"Lagerning sarishtaligi, qochqinlarning bir tartibga rioya qilayotgani meni lol qoldirdi,"- deydi janob Jouns.

"Bir jamoa sifatida, mavjud sharoitdan kelib chiqib, ozoda yashashayotganiga guvoh bo’ldim. Qochqinlar lagerlarida ko’p marta bo’lganman, ammo bunisida kunlik hayot yaxshi tashkil etilganini ko’rdim. O’z qoidalarini o’rnatganlar,"- deydi olim. "Hatto, lagerga kim kirib-chiqayotganini ham ro’yxatga olishayotgan edi. Xuddi bu lager endi ularning kichik bir makoniga aylangan va ular bu yerga kim kelib-ketayotganidan boxabar bo’lishni istayotgan edilar."

XS
SM
MD
LG