AQSh-Markaziy Osiyo harbiy hamkorligida burilish yuz bermoqda


Hozirda Qarshidagi Xonobod harbiy bazasidan Amerika samolyotlariga kechki parvozlar qilish uchun ruxsat berilmaydi. AQSh Mudofaa vazirligi bergan ma’lumotlarga ko’ra, kun botgandan keyin qilinishi zarur bo’lgan havo safarlari endi Qirg’izistondan amalga oshirilyapti.

AQSh va O’zbekiston orasida, ayniqsa, Andijon voqealaridan keyin sovuqlashgan o’zaro aloqalar, jumladan harbiy aloqalar Qirg’iziston uchun qo’l kelyaptimi? AQSh O'zbekistondagi harbiy uskunalarini endi Manasga ko’chiradimi? Qirg’iziston endilikda AQShning mintaqadagi yirik strategik hamkoriga aylanadimi? Qoalaversa, AQSh uchun mintaqada o’z harbiy bazaga yoki kuchga ega bo’lish qanchalik muhim?

AQShda konservativ siyosatni olg’a suruvchi va amaldagi hukumatni qo’llab-quvvatlovchi, Heritage Foundation, ya’ni Meros Jamg’armasi, deb nomlangan ilmiy tadqiqot markazi vakili, siyosiy sharhlovchi Ariel Koxen (Ariel Cohen) nazarida, Xonobod bazasi AQSh uchun katta ahamiyatga ega.

- Bu bazalar harbiy amaliyotlar olib borilayotgan mintaqaga yaqin. Ayni damda O’zbekistondagi harbiy bazada ish surati pasaygan va Andijondagi voqealar ketidan AQSh-O’zbekiston aloqalari biroz salbiylashgan. Shu sabab, parvozlar vaqtincha Qirg’izistondan qilinayapti, -deydi janob Koxen.

Uning fikricha, Andijondagi voqealar Bush rahbariyatini juda noqulay ahvolga solib qo’ygan. "AQShning Qirg’iziston, Tojikistondagi kuchlarni kengaytirish va hatto Janubiy Qozog’istonda ham baza ochish imkoni bo’r. Afg’onistonda ham o’z bazalarimiz bor. Baza qanchalik muhim bo’lmasin, Karimovga uning harakatidan norozi ekanimizni ishora qilish ham juda muhim."

Pokistonlik xalqaro jurnalist va Markaziy Osiyoda terrorizm va ektremizm mavzularidagi kitoblar muallifi Ahmad Rashid esa, AQSh uchun O’zbekistondagi baza uncha katta rol o’ynamaydi, deydi:

- Haqiqat shuki, AQSh butun Markaziy Osiyo va Afg’oniston bo’ylab o’z harbiy inshoatlariga, kuchlariga ega. Qirg’izistonda, Tojikistonda va qo’shni Afg’onistonda. Xonobod bazasida kuchni yo’qotish AQSh uchun endi Karimovdan yolvorish kerak, degani emas. Afg’onistonda Bagrom bazasi AQShning doimiy bazasiga aylanish arafasida. Qirg’izistondagi baza esa ancha katta. Shu bois, AQSh-O’zbekiston aloqalarida baza fudamental ahamiyatga ega emas,- deydi janob Ahmad.

"Eng muhimi,"-deya sharhlaydi u, "AQSh Karimov hukumatiga demokratik islohotlar bo’lmas ekan, biz sening hukumating bilan hech qanday o’yin o’ynamaymiz, deyishi kerak. Afsuski, AQSh davlat departamenti, ya’ni tashqi ishlar vazirligi hamda mudofaa vazirligi o’rtasida yakdillil yo’q. Mudofaa vazirligi O’zbekiston uchun demokratiyani emas, u bilan harbiy hamkorlikni afzal ko’rib kelmoqda."

Siyosiy mojarolar bo’yicha izlanuvchi olim, AQShning Merilend Universiteti ilmiy xodimi Kevin Jounsning (Kevin Jones) fikricha, O’zbekistondagi baza taqdiri haliveri hal etiladigan masala emas.

- Hukumat rasmiylarim bilan qilgan suhbatlarimda, ular boshida Xonobodni doimiy bazaga aylantirish haqida jiddiy o’ylashganini, AQSh mudofaa va tashqi ishlar vazirligi buni muhokama qilgani haqida aytishadi,- deydi olim.

Janob Jounsning kuzatishicha, keyingi yillarda yuz bergan qator noxush voqealar va O’zbekiston hukumatiga nisbatan xalqaro tanqidning oshgani bu borada salbiy o’zgarishlar olib keldi. "O’zbekistonning Qarshidagi bazadan qilinadigan parvozlarni cheklagani, menimcha, ahvolni yanada salbiylashtirdi,"- deydi u.

Yaqinda O’zbekistonga borib kelgan senatorlar Makkeyn (McCain), Graxam (Graham) va Sununu juda tanqidiy fikrlar bilan qaytishdi. Ayniqsa, Makkeyn. Karimov rahbariyatining hech bir vakili ular bilan uchrashmadi.

- Aminmanki, bu nufuzli senatorlar O’zbekistonga nisbatan siyosatni o’zgarishida muhim rol o’ynaydilar. Ular Senatda mudofaa, qurollangan kuchlar, chetga yordam puli ajratish va tashqi siyosat bobida katta kuchga egalar. Shu sabab, AQShning O’zbekiston bilan Xonobod bazasidagi faoliyat muddatini uzaytirishiga ishonmayman. Nazarimda, yaqin kelajakda AQSh harbiy hamkorlikni Afg’oniston va Qirg’iziston bilan kengaytira boshlaydi,- deydi sharhlovchi Jouns.

XS
SM
MD
LG