Breaking News

AQShda uzoq kutilgan 'Dunyolar-aro Urush' filmi ekran yuzini ko'rdi


Oxirat yaqinlashmoqda … o’zga sayyoraliklar insoniyatni qirib tashlashga bel bog’lagan. Rey Ferrier o’z farzandlarini ulardan qutqarish uchun, tezroq harakat qilishi kerak … Filmda Tom Kruz – Rey Ferrier rolida.

- Rol menga yoqadi, chunki film boshida Rey – bu bolalarini faqat dam olish kunlarida ko’ra oladigan, toliqqan ota, dyedi aktyor Tom Kruz. Shunday kunlarning birida dunyo ostin-ustun bo’lib, oxiratga yuz tutadi. Rey bir ish qilishi kerak axir.

Oskar sovrindori Stiven Spilberg, filmni yaratishda o’zi ishongan voqelikdan ilhomlanganini aytadi.

- Koinotda aqlan yetuk tsivilizatsiyalar borligiga ishonaman. Aks holda “O’zga sayyoralik” yoki “G’ayrioddiy uchrashuvlar” filmlarini yaratmagan bo’lardim.

“O’zga sayyoralik” filmida boshqa galaktikadan kelgan bir rahmdil bola yerlik bilan do’stlashadi. “Dunyolararo urush” filmi esa qonxo’r o’zga sayyoraliklar haqida.

- Har to’kisda bir ayb; besh qo’l baravar emas deyishadiku axir, deydi film rejissyori Spilberg.

Film ingliz yozuvchisi Gerbert Jorj Vellsning 1898 yilda, sanoat revolyutsiyasi davrida yozgan romaniga asoslangan. Texnologik jihatdan yetuk bosqinchilar haqidagi bu asar, o’sha paytda odamlarni kuchli xavotirga solgan edi. 1938 yilda Yevropada nemis fashistlari oyoqqa turayotgan bir paytda, Gollivud aktyori Orson Velles romanni dramatik radio filmga aylantirdi. Film AQSh bo’ylab vahimaga sabab bo’ldi.

Film birinchi marta ekran yuzini ko’rganda, 1958 yilning mashaqqatli damlari edi. Sovuq urush avjiga chiqqan edi. Hozirgi filmning stsenariy muallifi Deyvid Kepga ko’ra, “Dunyolararo urush” 11 sentyar voqealari keltirgan dahshatni aks ettiradi.

- Ba’zida kishilar boshqalarga ularning hosildor yeri .. yeridagi neft yoki boshqa boyligi tufayli hasad bilan qaraydi, chunki boshqaning mulkiga ko’z olaytirib, uni xohlash - odamga ham, maxluqqa ham xos narsa, deydi Kep.

Rejissyor Spilbergning “Dunyolar-aro Urush” filmi Gollivudda ulkan loyiha – uni yaratishda 128 million dollar sarflandi. Filmdagi fojiali syujetlarni yaratish uchun butun bir samolyot sotib olinib, bo’laklarga bo’lindi. Suratga olishda minglab kishilar va harbiylar guruhi jalb etildi.

Filmning hayratomus maxsus effektlari va lol qoldiruvchi sahnalari tomoshabinni shubhasiz o’ziga rom etadi. Voqealar vahimasi va tushkunlik Rey Ferrierning qizini o’ynagan yosh aktrisa Dakota Fenning va o’zga sayyoraliklardan dahshatga tushgan kishini o’ynovchi Tim Robbins rollarida namoyon bo’lgan. Bosh rolni o’ynagan Tom Kruz bo’lsa boshqacha, ya’ni hissiyotsiz va loqayd.

Tahlikali epizodlarga boy film ko’rishga arzigulik asar. Filmni oilaviy kinomi yoki hamma ham ko’rishi tavsiya qilinmaydigan qo’rqinchli psixologik triller toifasiga kiritish – tomoshabinga havola.

XS
SM
MD
LG