Rossiyalik ekspertlar: Rossiya tomon o'gish O'zbekiston hukumati rahbariyatining manfaatlariga javob beradi


Ko'plab mutaxassislar Islom Karimovning Andijon voqealarida O'zbekiston hukumatining choralarini qo'llab-quvvatlagan Rossiya hamda Xitoyga aynan o'sha voqealardan keyin tashrif buyurganini bejiz emas, deb aytmoqdalar. Tashriflarning asosiy ma'nosi Karimovga ko'rsatilgan ruhiy yordamga va yaxshilikka yaxshilik bilan javob berishdir, deydi mutaxassislar. Rossiyalik siyosatshunos Aleksey Muxinning fikricha, hamkorlar qilgan yaxshiliklari evaziga Islom Karimovdan amaliy javob kutmasalar ham bo'laveradi.

Moskvaga tashrifi chog'ida Rossiyaga kerak bo'lsa o'ntagacha harbiy aerodromni berishni va'da qilgan Karimov, bu borada hali hech qanday amaliy hujjatlarni imzolamagan, dedi Moskvadagi Siyosiy axborotlar markazining direktori Aleksey Muxin. Muxinning nazarida, sharqiy diplomatiyaning ustasi bo'lgan Karimov, o'ziga qulay bo'lganda, Rossiyadan har doimgidek yana yuz o'girishi mumkin. Biroq ayni damda unga Rossiyadan boshqa hech kim yordam bera olmaydi.

Aleksey Muxin: "Andijon voqealaridan jiddiy cho'chigan o'zbek klanlari Rossiyaga qator masalalar bo'yicha jiddiy yon berishga majbur bo'ldi. Klanlar hukmronligini saqlab qolishga mo'ljallangan ba'zi bir kuchlarning O'zbekistonga joylashtirilishi haqida kelishildi, biroq bayonotlardan nariga o'tilgani yo'q. Islom Karimov hali ham o'z o'yinini o'ynashda davom etmoqda - Rossiya bilan ham, dunyoning boshqa qismi bilan ham. Biroq Rossiyaning O'zbekistonda o'ziga yarasha manfaatlari bo'lganligi uchun, u o'zbek hukumati bilan istalgan shartlarda hamkorlik qilishga tayyor."

Muxinning aytishicha, har safar O'zbekiston xalqi manfaatlarini pesh qiladigan Karimov, bu safar o'zining shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqib siyosat yurgizmoqda.

Aleksey Muxin: "Har safar har tarafga o'gish - O'zbekiston hukumatining oldindan tayin rejasi bo'lib, u tuzum manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Markaziy Osiyo rahbarlari o'z hokimiyatlarini saqlab qolishdan manfaatdorlar. Rangli inqiloblar esa bu klanlarning hokimiyatdan chetlashtirilishiga olib keladi. Bundan tashqari, ular o'z davrlarida sodir etgan ishlari uchun javobgarlikka tortilishlarini ham yaxshi anglab yetadilar. Klanlarning hokimiyatdan chetlashtirlishiga faqatgina Rossiya halaqit berishi mumkin. Rossiya bu klanlarning asosiy umididir."

O'zbekistonda rus tilidagi ta'limni cheklab, davlat ommaviy axborot vositalari orqali Rossiya siyosatini tanqid qilib, maktablardagi tarix qo'llanmalarida Rossiyani mustamlakachi davlat sifatida ifoda ettirgan Karimovning o'zini yana Rossiya quchog'iga otishiga sabab - tuzumiga nisbatan katta xavfni sezganligidadir, deydi Moskvadan O'zbekiston va Markaziy Osiyo mavzusida axborot tarqatadigan hamda Andijon voqealarini yoritishda juda faol qatnashgan Farg'ona.Ru Internet saytining rahbari Daniil Kislov.

Daniil Kislov: "Bu do'stlik O'zbekiston hukumati hamda Islom Karimovning shaxsiy manfaatlarini ko'zda tutadi. Nodemokratik jamiyatlarda tuzumlar o'zlarini saqlab qolishga va hokimiyatdagi muddatlarini uzaytirishga intiladilar.

Shu paytgacha chiroyli gaplardan nariga o'tilgani yo'q. Karimovning kitoblaridagi chiroyli so'zlardan. Tashqaridan Karimov tuzumiga qarshi hech qanday xavf yo'q. Andijonda Tolibon kuchlarining ishtirok etganligi bo'xtondan boshqa narsa emas. Bugun Karimov tuzumiga eng katta xatar - juda past iqtisodiy vaziyat, siyosiy erkinliklarning yo'qligi va hukumatning tazyiqi natijasida tushkunlikka tushgan hududlarida xalq g'alayonlaridan kelib chiqmoqda."

Biroq Daniil Kislov Aleksey Muxindan farqli o'laroq, Karimovning bu safargi Rossiya tomon o'girilishini so'nggisi, deb atadi. Ba'zi siyosatshunoslar Rossiya jahon hamjamiyatining rivojlangan a'zolari siyosatiga hamohang bo'lmasdan, ularga qarshi chiqib, Gruziya, Ukraina va Qirg'izistonda bo'lgani kabi, oldindan yutqazishi mumkin bo'lgan tarafni yana qo'llab-quvvatlayapti, degan fikrlariga Muxin shunday javob berdi:

Aleksey Muxin: "Rossiya hali Gruziya, Ukraina va Qirg'izistonda yutqazgani yo'q. Urush, shu jumladan, informatsion urush endi boshlandi. Siyosiy jarayonlarning iqtisodiy oqibatlari bo'lishi kerak. Agar mazkur iqtisodiy oqibatlar mamlakatlarda barqaror siyosiy tizimning rivojlanishiga asos bo'la olsa, u holda u yerda yangi tuzumlarning hokimiyat tepasida qolishi muqarrar. Aks holda, ular qulaydi. Shuning uchun Rossiyani bu mintaqalarda yutqazdi, deb o'ylamaydi."

O'z vaqtida Islom Karimov "o'zbek tuprog'iga birorta chet-el askari qadam qo'ymaydi" degan edi. Biroq 2001 yilning 11 sentyabr favqulodda hodisalari O'zbekistonni AQSh va boshqa davlatlar qo'shinlarini o'z tuprog'ida joylashtirishga majbur qildi. Moskvadagi tashrifi cho'gida Xonoboddagi AQSh aviabazasi bo'yicha shartnoma qayta ko'rib chiqilib, uning o'rniga O'zbekistonda Rossiya qo'shinlari joylashtirilishi mumkinligi to'g'risidagi ma'lumot hali hech narsani anglatmaydi, dedi Aleksey Muxin.

Aleksey Muxin: "Karimov rejimiga yaqqol tahdid bo'lgandagina, baza oshilishi mumkin. Aks holda, yo'q. Ukraina, Gruziya va Qirg'izistonning tajribasidan kelib chiqib turib, mintaqadagi hukumatlarning o'z kuchlari bilan o'zlarini himoya qila olmasliklarini ko'rdik."

Daniil Kislov ikki mamlakat orasidagi do'stlik hali uzoq davom etishini aytdi.

Daniil Kislov: "O'zbekiston va uning rahbarlari so'nggi bir necha yil ichida o'zini bir necha hamkor quchog'iga tashlagan. Ba'zida Qo'shma Shtatlar tomon talpingan bo'lsa, ba'zida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti, ba'zida esa Rossiya tomon. O'ylaymanki, bu safargisi so'nggisidir. Islom Karimovning tuzumi va Rossiya hukumati boshida hozirgi odamlar bor ekan, ikki tomon o'rtasidagi do'stlik mustahkamligicha qoladi."

XS
SM
MD
LG