Breaking News

"Shanxay Hamkorlik Tashkiloti AQShga qarshi ittifoqligini isbotlamoqda"


Shanxay Hamkorlik Tashkiloti o’zining so’nggi yig’ilishida AQShni Markaziy Osiyodan o’z qoshinlarini olib chiqish uchun muxlat belgilashga chaqirdi.

Ba’zi mutaxassislar nazarida, bu safar Ostanada o’tgan sammitning asl maqsadi ham aynan shu edi. Amerika Ovozi AQSh Urush Oliygohi (US War College) professori Stefen Blank (Stephen Blank) bilan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining bugungi pozitsiyasi haqida suhbatlashdi.

Amerika Ovozi: Janob Blank, so’nggi ilmiy maqolangizda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining fundamental maqsadi tobora ayon bo’lmoqda, degansiz. Bu yerda, asosan nima haqda gap ketyapti va so’nggi sammitni qanday talqin qilasiz?

Blank: Sammitda a’zo davlat rahbarlari birgalashib, AQShdan Markaziy Osiyodagi qo’shinlarni olib chiqish uchun muddat belgilashni so’ragani Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xavfsizlik yuzasidan hamkorlikni takomillashtirmoqchi ekanini ko’rsatadi. Xitoy va Rossiya uni xavfsizlik tashkiloti va Markaziy Osiyoda Amerikaga qarshi siyosat yurituvchi vositaga aylantirish harakatida.

Amerika Ovozi: Sizningcha, tashkilot Amerikaga qarshi ittifoqqa aylanyaptimi?

Blank: Son’ggi bayonotni Amerika qarshi demay bo’ladimi? Bu nafaqat bazalar haqida, balki a’zo davlatlarning AQShning demokratiyalashtirish siyosatiga keskin qarshiligi, faqat strategik qarash emas, mafkuraviy qarashlarning boshqa boshqa ekanidan dalolat. Endilikda Markaziy Osiyo faqat geopolitik qudrat yoki neft boyliklari uchun qilinadigan klassik kurash maydoni emas, balki mafkuralararo yoki ular vositasida olib boriladigan urush mintaqasiga ham aylangan.

Amerika Ovozi: Vashingtonda ba’zilar Shanxay Hamkorlik Tashkilotini XXI asrdagi yangi Varshava Shartnomasi bo’lishi mumkin, deyishadi. Bu asosli xavotirmi? Uni dunyoning ga’rbu-sharqi o’rtasidagi kurashga aylanish ehtimoli qay darajada deb o’ylaysiz?

Blank: Xitoy tashkilotga, uning 2001 yilda vujudga kelganidan beri AQShga qarshi harakat deb qaragan. Xitoy ittifoqning xavfsizlik uchun xizmat qilishini va AQShning Markaziy Osiyoga kirishi, unga nisbatan siyosatiga qarshi turishini olg’a surgan. Ayniqsa, insonparvarlik va demokratiya borasidagi siyosatiga. Endi mana tashkilotning boshqa a’zolari ham Xitoy bilan yakdil ekanini namoyon etmoqda. AQShga qarshi g’oya kuchlanyapti.

Amerika Ovozi: Eron, Pokiston va Hindistonga tashkilotda kuzatuvchilik vakolati berildi? Bu davlatlar mazkur hamkorlikdan nimani ko’zlashyapti?

Blank: Ular ittifoq faoliyatidan boxabar turish, o’z fikrlarini Markaziy Osiyo, Xitoy va Rossiyaga bildirish niyatida. Ular Markaziy Osiyodagi xavfsizlik va neftdan manfaatdor. Ammo, maqsadlar boshqa boshqa. Eron AQShga qarshi Rossiya va Xitoy bilan ittifoq tuzishni xohlaydi. Hindiston Markaziy Osiyoda siyosiy qudrat sifatida tan olinishni va Pokiston va Xitoy mintaqada nima ishlar qilayotganidan ogoh turishni istaydi. Mintaqani terror manbaiga aylanisini xohlamaydi. Pokiston esa Hindistonning ishlarini kuzatmoqchi. Xitoy va Pokiston Hindistonga qarshi ittifoqdoshlar. Xullas, juda murakkab yondashuvlar mavjud. Ammo, bunda asosiy ta’sir a’zolardan keladi. Kuzatuvchilar ovoz berish vakolatiga ega emas.

Amerika Ovozi: Sizning Rossiya va Xitoy tashkilotdagi asosiy o’yinchilar degan fikringizdan kelib chiqib, Markaziy Osiyo davlatlarining birortasi katta ta’sirga ega a’zo, deyish mumkinmi?

Blank: Shanhay Hamkorlik Tashkiloti Xitoy tashabbusi bilan vujudga kelgan. Markaziy Osiyo davlatlari bir-birlarining suverenligi va xavfsizligini ko’rolmaydi va Rossiya va Xitoyga mintaqani muvozanatlovchi kuchlar sifatida qarashadi. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari AQShning demokratiyalashtirish siyosatini o’z xavfsizliklariga qarshi asosiy tahdid deb bilishadi.

Amerika Ovozi: Ostanadagi sammit yakunida a’zolar, globalizatsiyani bahsli jarayon deb atab, har bir davlatning o’z taraqqiyot yo’li xurmat qilinishi kerak, deb bayonot qabul qildilar.

Blank: Bu bilan ular Vashingtonga bizning ishimizga aralashma, bizga sening demokratiyalashtirish siyosating yoqmaydi, bizga davlatni qanday boshqarish haqida o’rgatma, deyishmoqchi. Demak, bu davlatlar nazarida ichki muxolifat terrordan ham kuchliroq xavfdir. Ular nazarida AQSh bu hukumatlarning ag’darilishini uyushtirmoqda.

Shanhay Hamkorlik Tashkiloti qarama-qarshi siyosatlar olib boruvchi davlatlar ittifoqi. Bu ittifoq a’zolarini xavfsizlik bilan ta’minlay olishiga ishonmayman. U Xitoy manfaatlarini ko’zlagan, uning Markaziy Osiyo tomon kengayishini maqsad qilgan. Xavfsizlik bilan taminlay olmagani uchun ham u yerda Amerika bazalari olqishlangan edi. Endi esa eng katta xavf ichki beqarorlik bo’lib qoldi va bunda Amerika ayblanmoqda. Bu Markaziy Osiyodagi mafkuraviy qirra qayerda ekanini aks ettiradi.

Amerika Ovozi: Janob Blank, suhbat uchun katta rahmat.

XS
SM
MD
LG