Breaking News

AQSh Markaziy Osiyoga beradigan yordam pulini qisqartirishi mumkin


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi yoki 1975 yilda Helsinkida imzolangan demokratiya va inson huquqlarini mustahkamlash xususidagi xalqaro qonunni amalga oshishini kuzatuvchi AQSh komissiyasi raislaridan biri, kongressmen Kristofer Smit Markaziy Osiyoda demokratik siljish bo’lmayotgani sabab, Amerikaning mintaqa hukumatlariga ajratadigan pulini ushlab turish kerak, degan taklif bilan chiqmoqda.

Kongressmen Smitning mazkur qonun loyihasi ortidagi sabablar va uning maqsadi haqida bilish uchun Amerika Ovozi Helsinki Komissiyasi xizmatchilaridan biri, loyiha ustida ishlagan janob Noks Teyms (Knox Thames) bilan suhbatlashdi.

Amerika Ovozi : Janob Teyms, Helsinki Komissiyasi olg’a surayotgan bu qonun loyihasi nimaga asoslanadi va bu yerda Markaziy Osiyoning aynan qaysi davlatlari nazarda tutilmoqda?

Thames: Bunda mintaqadagi barcha sobiq sovet davlatlari – Qozog’iston, Qirg’iziston, O’zbekiston, Tojikiston va Turknamiston nazarda tutilyapti. Mustaqillikka erishganiga 15 yil bo’layotganiga qaramasdan, ular demokratik, inson huquqlari e’zozlangan va xalqaro qonunlar xurmat qilingan jamiyatga aylanish yo’lida yetarlicha harakat qilmayapti. Shu bois ushbu qonun loyihasini yozdik.

Amerika Ovozi : Aytingchi, qonun qabul qilingan taqdirda, ya’ni yordam puli ushlab turilgan taqdirda, Helsinki Komissiyasi bu chora mintaqada demokratik siljish bo’lishi uchun qanchalik kuch ko’rsatadi, deb ishonadi?

Thames: Qonun qabul qilingan taqdirda, u Markaziy Osiyo davlatlariga AQSh bilan hamkorlik qilish ko’p-qirrali ekanini, faqat harbiy yoki boshqa sohada emas, balki ham siyosiy, ham iqtisodiy va ham harbiy sohada demokratik normalarga rioya qilinishi va inson huquqlari xurmat qilinishi shartligini ko’rsatadi. Umid qilamizki, bu yuqoridagi davlatlarni hozirgi siyosatlarini qayta ko’rib chiqishga majbur qiladi.

Amerika Ovozi: Demokratiya va Inson Huquqlari deb atalmish bu qonun haqida biroz gapirib bering.

Thames: Bajonidil. Bu qonun doirasida har yili AQSh hukumati fuqaro jamiyati qurish yo’lida demokratik yutuqqa erishayotgan va unga intilayotgan, inson huquqlari ahvolini tiklayotgan davlatlar uchun moliya ajratadi. Bunda AQSh prezidenti har bir davlatning demokratik ko’rsatkichiga qarab, unga qancha yordam puli berishni belgilaydi. Bunda davlatlar besh talab bo’yicha baholanadi: demokratiyalashtirish, so’z va matbuot erkinligi, diniy erkinlik, qiynoqlarga qarshilik va qonun ustuvorligi. Agar hukumatlar bu talablarga javob bera olmasa, unda ularga, ya’ni markaziy hukumatga beriladigan yordam pulining uchdan bir qismi, ya’ni 33 foizi ushlab qolinadi. Agar ahvol uch yilgacha salbiy deb baholansa, unda AQSh bu hukumatga hech qanday yordam puli bermay qo’yadi. Ba’zida prezident davlat xavfsizligi yo’lida, hukumatlarni kechirishi va oxirgi 33 foizni ushlab qolib, qolganini berishga qaror qilishi mumkin.

Amerika Ovozi: Markaziy Osiyodagi qaysi davlat eng past ko’rsatkichga ega?

Thames: Menimcha, bu Turkmaniston. Bu mamlakatda ho-davlat tashkilotlari juda kam. Biz, fikrimcha, eng ko’p yordam pulini O’zbekistonga berayotgan edik. Chunki, u yerda fuqaro jamiyati qurish yo’lida kengroq faoliyat mavjud edi. Ammo, Andijon voqealaridan keyin O’zbekiston inson huquqlari borasida eng past o’ringa tushirilsa, ajabmas.

Amerika Ovozi: Mazkur qonun loyihasi kabi choralar o’tmishda qanchalik samara bergan?

Thames: Kongressmen Smit inson savdosiga qarshi kurashni maqsad qiluvchi shunga o’hshash qonun yozgan edi. Unda hukumatlar bu baloga qarshi qanchalik qattiq kurashayotganiga qarab uch tabaqaga bo’linadi va shunga ko’ra, moliyalanadi. Bu qonun orqali katta yutuqlarga erishildi. Hukumatlar inson savdosiga qarshi keskin choralar ko’ra boshladi. Biz hukumatlarni ana shunday talablarga binoan baholash orqali hamkorlik qilishni to’g’ri deb bilamiz va uning samarasi bo’lishiga umid bildiramiz.

Amerika Ovozi: Helsinki Komissiyasi Markaziy Osiyoga qarashli bu yangi qonun loyihasi yuzasidan mintaqadagi biror mamlakat bilan tog’ridan-to’g’ri aloqa qildimi? Ulardan biror munosabat yoki xavotir bildirildimi?

Thames: Komissiyamiz bu davlatlar diplomatlari, rasmiylari bilan aloqa qiladi. Hali hech bir hukumat rasman xavotir bildirgani yo’q. Markaziy Osiyoning bir davlatigina va Rossiya elchixonasi bu borada qo’shimcha ma’lumot so’radi, xolos.

Amerika Ovozi: Janob Teyms, suhbat uchun tashakkur.

XS
SM
MD
LG