Vashington Post: Rossiya va Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o'tkazmoqda


Vashington Post (Washington Post) gazetasining yozishicha, AQSh generali Richard Mayerz, jurnalistlarning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yaqinda chiqargan bayonot haqidagi savollariga javob berar ekan, Rossiya va Xitoyni Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o'tkazayotganlikda ayblagan. Tashkilot, o’tgan haftada AQSh askarlari O’zbekiston va Qirg’izistonni tark etishi uchun aniq bir vaqt belgilansin, degan bayonot bilan chiqqan edi.

AQSh harbiylari O’zbekiston va Qirg’izistondagi bazalardan Afg’onistonda Tolibonlarga qarshi urush boshlanganidan beri foydalanib kelayotgan bo’lsalarda, bu ikki mamlakat hukumatlari yaqindan beri bu hamkorlikning davom etishiga shubha bilan qaramoqdalar, deb yozadi gazeta.

Maqolaga ko’ra, ba’zilar Shanxay Hamkorlik tashkilotining bayonotini AQShni Markaziy Osiyo mintaqasidan siqib chiqarish boy’icha Rossiya va Xitoy tomonidan uyushtirilgan harakat, deb baholashgan. Rossiya mintaqani azaldan o’z ta'sir doirasi deb bilar ekan, Xitoy ham mintaqaning energiya boyliklari sabab, bu yerda o’z ta’sirini o’tkazishga harakat qilmoqda, deb yozadi gazeta.

AQSh generali Richard Mayerz maqolada Shanxay Hamkorlik tashkilotining bayonotiga o’z munosabatini bildirar ekan, bayonotni “unchalik foydali emas” deb baholagan. Nazarimda, deydi Mayerz, bu ikki ulkan mamlakat, ya’ni Rossiya va Xitoy, Markaziy Osiyodagi kichikroq davlatlarga bosim o'tkazishga harakat qilmoqda.

Mayerzga ko’ra, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlik juda muhim, va ularni ta’minlay oladigan tomonlar mintaqaga qo’yilishi kerak, deb yozadi gazeta. Uning Pentagon so’zlovchisi Lorens Diritaning so’zlariga tayanib yozishicha, tashkilotning bayonoti chiqarilgandan beri, AQSh Mudofaa vaziri Donald Ramsfeld O’zbekiston va Qirg’iziston rasmiylari bilan hali aloqa qilgani yo’q.

Pentagon so’zlovchisining gazetaga aytishicha, Bush ma’muriyati vaziyatni muhokama qilmoqda, va AQSh harbiylari O’zbekiston va Qirg’izistondagi bazalardan voz kechgan taqdirda ham, muqobil choralar ko’rilishi bildirilgan. So’zlovchining aytishicha, AQSh harbiylarining O’rta Osiyodagi faoliyati AQSh Davlat kotibi va Rossiya tashqi ishlar vaziri o’rtasida muhokama qilinadi.

Krischian Sayns Monitor (Christian Science Monitor) gazetasida esa “O’rta Osiyoda kichik bir qadam” sarlavhasi ostida maqola chop etildi. Unda yozilishicha, avtoritarizm va Islomiy eksremizm avj olgan bu mintaqada tugallanmagan demokratik inqilob tomon kichik bir siljish bo’ldi.

Qirg’izistonda o’tgan prezident saylovlarida ovoz berganlar soni oshirib ko’rsatilganiga qaramay, deb yozadi gazeta, xalqaro kuzatuvchilar saylovlarni “xalq istagini aks ettirdi” deb baholashgan.

Qirg’iziston xalqi uchun bu saylovlar Askar Akayevning hukumati ag’darilganidan so’ng muhim o’zgarish bo’ldi, ammo mamlakatda endilikda Akayev davridan qolgan parlament va tuzumning qoldiqlari mavjud, deyiladi maqolada.

Saylovlarda g’alabani qo’lga kiritgan Kurmanbek Bakiyev, deb yozadi gazeta, mintaqaviy bosimlarni muvozanatlashga harakat qilmoqda. Janob Bakiyev bir tomondan Rossiya harbyilari uning mamlakatida o’z faoliyatini kuchaytirish istagini bildirgan bo’lsa, ikkinchi tomondan Bakiyev, jurnalistlar savollariga javob berar ekan, “endi AQSh harbiylarining ham mintaqada kerak yoki yo’qligini muhokama qilishni boshlasak bo’ladi” degan fikrni o’rtaga tashlagan.

XS
SM
MD
LG