Pianist Aleksey Sultonov vafot etdi


30 iyun kuni to'rt yillik og'ir kasallikdan so'ng, qisqa hayotida ko'plab muvaffaqiyatlarga erishgan, asli toshkentlik, biroq so'nggi bir necha yildan beri AQShda yashab kelgan pianist Aleksey Sultonov Texas shtatida vafot etdi.

Toshkentda voyaga yetib, 19 yoshida pianino ijro etish mahorati bilan dunyoni lol qoldirgan Aleksey uchun, yillar o'tib pianoni chalish yana orzuga aylanadi. Yurak xuruji oqibatida tanasi falajga uchragan Aleksey, so'nggi bir necha yilni nogironlar aravachasida o'tkazadi. Biroq taqdir unga shuni ham ko'p ko'rganday, 36 yoshida uning hayotiga nuqta qo'yadi. Shu yilning 30 iyun kuni Aleksey uyqudan turmasdan, vafot etadi.

Mashhur san'atkorlar oilasida tug'ilgan Alekseyning buvisi O'zbekiston xalq artisti Zamira Hidoyatova bo'lsa, buvasi O'zbekistonda "Farhod va Shirin" operasida Farhod ariyasini ilk ijro etgan Abdulhaq Sultonovdir.

Alekseyning o'zi pianino chalishni o'rganadi, o'rganganda ham juda mashhur san'atkor bo'lgisi keladi. 16 yoshida ilk bor Moskvada Chaykovskiy nomidagi xalqaro konkursda qatnashgan Aleksey yosh bo'lishiga qaramay, barchani nafaqat tug'ma iste'dodi, balki po'latday irodasi bilan ham lol qoldirdi. O'sha kuni Chaykovskiy asarlarini yuqori darajada ijro etayotgan Alekseyni berilib tinglayotgan musiqa shaydolari uning pianoni singan jimjalog'i bilan chalayotganini hali bilmas edilar. Yosh pianist har bir asardan keyin og'riq qoldiradigan ukol olib, sahnaga yana chiqaverardi. Biroq otasi Fayzulhaq Sultonovning aytishicha, jyuri Aleshani ikkinchi turdan nariga o'tkazmadi.

"Ularning bahonasi shu ediki, biz o'g'lingizning barmog'ini asradik," dedi u.

1989 yilda Aleksey Sultonov AQShdagi eng nufuzli Van Kliburn nomli festival g'olibi bo'ldi. Ikki yildan so'ng Aleksey Sultonov musiqachilar uchun keng imkoniyatlarga boy AQShda qolishga qaror qiladi. Hayotidagi ilk jiddiy zarbaga 1996 yili Varshavadagi Shopen nomidagi konkursdan so'ng uchraydi. Aleksey Sultonov birinchi o'rinni oladi, deb amin bo'lgan va unga 20 daqiqa davomida tinmay qarsak chalgan tomoshabinlarning xafsalasi pir bo'lgan holda, oliy sovrin unga nasib etmadi. Jyuri hay'atining bu borada tomoshabinlardan farqli o'laroq mustaqil fikri bor edi.

Natijalardan qattiq ranjigan va ruhiy tushkunlikka tushgan Aleksey mikroinsultga uchraydi. Biroq u taslim bo'lmadi va ikki yildan so'ng Chaykovskiy nomidagi konkursda yana ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko'ra boshladi. Otasi Fayzulhaq Sultonov fojeani yuragi bilan sezganday, o'g'liga Moskvaga bormaslikni nasihat qiladi. Biroq Chaykovskiy konkursida bosh sovrinni qo'lga kiritish Alekseyning bolalikdan beri orzui edi.

Moskvada u yana bir bor barchani lol qoldiradi. Biroq tomoshabinlardan farqli yana jyuri hay'ati uni bosh sovringa loyiq topmadi. Otasi ham, opasi Nargizaxon ham Alekseyni, uning hayotiy muvaffaqiyatlarini ko'ra olmaydigan odamlar nobud qildilar, deb biladilar.

2001 yili Aleksey nabvatdagi hurujga uchradi. Miyasining besh joyidan tomiri uzildi. Natijada badanining chap tarafi butunlay falajlandi. Pianinoni faqatgina o'ng qo'li chalishi mumkin edi, xolos. So'nggi to'rt yili ichida o'g'lini parvarishlab, yonida AQShda turgan otasi Fayzulhaq aka, o'g'lining ahvoli yaxshilanayotganini ko'rib, o'z ishlari bilan shug'ullanish uchun shu yilning fevral oyida Moskvaga qaytgan edi.

30 iyun kuni Aleksey uyqudan turmadi. Og'ir musibatga uchragan va so'nggi kunlarigacha Alekseyga tayanch bo'lgan amerikalik rafiqasi Deys biz bilan bu ahvolda so'zlasha olmasligini tushuntirdi, biroq Alekseyni hali ham juda sevishini aytdi. "Aleksey hayotimning ma'nosi edi", - dedi Deys.

Dafn marosimlarini yoqtirmaydigan Aleksey Sultonov jasadi yoqilib, hoki okeanga oqizib yuborilishini vasiyat qilgan edi. Uning vasiyati bajo keltirildi.

O'zbekiston Xalq artisti, bastakor va dirijyor Zohid Haqnazarov, Aleksey Sultonovning o'limini "katta musibat" deb atab, sentyabr oyida Toshkentda uning xotirasiga konsert o'tkazilishini ma'lum qildi.

Alekseyning o'zi O'zbekistonda so'nggi marta 1999 yili bo'lib, buvasi xotirasiga Toshkentda konsert bergan edi. Uning ota-onasi va ukasi Moskvada yashaydi. Ukasi ham Aleksey singari pianinochi.

XS
SM
MD
LG