AQSh ekspertlarining Qirg'izistondagi harbiy bazaga doir munosabatlari


Qir'gizistonning AQSh harbiy bazasini yopish talabiga Vashingtondagi ba'zi siyosatshunoslar o'z munosabatlarini bildirmoqdalar. Global Hamkorlik Institutining prezidenti Kris Sayplning aytishicha, AQShning Qirg'izistondagi qo'shinlari mamlakatni tark etmaydilar.

"Vaziyat juda ham qiziq. Tashqaridan o'sha tarixdagi Katta O'yinni eslatadi," deydi Kris Saypl. "Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bir tomondan ekstremizmda qarshi kurashish uchuh tuzilgan tashkilot bo'lsa, boshqa tomondan Amerikani muvozanatda ushlab turish uchun. Bakievning chaqiriqlari o'sha harakatning taktik tatbiq etilishini namoyon etmoqda, ya'ni amerikaliklarni chiqarib, ruslarni qoldirish. Albatta, Rossiyaga bu juda qo'l keladi. Biroq mintaqa uchun uzoq muddatda bu qarorning salbiy oqibatlari bor. U yerdan chiqib ketishimizga ishonmayapman."

"Biroq O'zbekiston hukumati Andijon voqealari bo'yicha qo'yilgan xalqaro mustaqil tergovni o'tkazish talablarini bajarmasa, O'zbekistondan chiqib ketishimiz mumkin," deya davom etadi Saypl. "Ayniqsa O'zbekistonda hukumat ag'darilib, tepasiga islomiy kuchlar kelib qolgudek bo'lsa, u yerda bo'lishimizning keragi yo'q. Aynan shunday bo'ladi deb aniq aytolmaymanu, biroq mazkur tuzum 5-10 yil ichida hech qanday o'zgarishlarni amalga oshirmasdan eski siyosatini olib borishda davom etaversa, Eronda shohi vaziyatiga tushib qolishimiz ham mumkin. Ana o'shanda katta muammolarga duch kelamiz."

Merilend Universitetining siyosatshunos olimi Kevin Jouns, Qirg'iziston hozirda AQSh hamda Rossiya o'rtasidagi muvozanatni qidirmoqda, deb u ham bazaning yopilishi ehtimolini rad etmodqa.

"Qirg'izistonning yangi saylangan prezidenti Qurmanbek Bakiev o'zini judayam bir mushkul muvozanatlashtiruvchi vaziyatda ko'rmoqda", deydi Kevin Jouns. "Ostonadagai Shanxay Hamkorlik Tashkilotida Bakievga katta bosim o'tkazilgan. Shuning uchun Bakiev shunday bayonotlarni qilishga majbur. Agar Qirg'iziston AQSh bazasini yopishga harakat qilsa, shaxsan men juda ajablangan bo'lardim. Lekin bu holni ham hisobdan chiqarib bo'lmaydi. Agar haqiqatdan ham shunday bo'lsa, bu hol Qirg'iziston manfaatlariga to'g'ri kelmagan bo'lar edi. Ayni paytda Qirg'iziston manfaatlariga qo'l keladigan siyosat - Rossiya va AQSh o'rtasidagi siyosiy muvozanatni topa bilish bo'lar edi."

"Lekin boshqa tarafdan, agar matbuotni kuzatsangiz, Qirg'iziston hukumatining ichida yakdil siyosatning o'zi yo'q," deya ta'kidlaydi Jouns. "Bakiev ma'muriyati vakillari, masalan, andijonlik qochqinlar masalasida bir-biriga qarama-qarshi bayonotlar qilishgan. Shuning uchun hozirda hukumat aniq bir yo'nalishni tanlaganicha yo'q. Chunki hukumat o'z siyosatini mustaqil belgilashi uchun hozircha zaif, shuning uchun turli tomonlar ta'siri ostida har tarafga og'ib ketyapti. Keyingi bir necha oy, balki yillar ichida, yangi qirg'iz hukumatining oldida aniq bir siyosatni belgilash vazifasi turibdi."

XS
SM
MD
LG