Breaking News

AQSh qo'shinlarining Markaziy Osiyodagi manfaatlari qil ustida


"Shanxay Hamkorlik Tashkiloti" nomini olgan mintaqaviy guruh AQShni Markaziy Osiyoning ikki davlatidan o'z qo'shinlarini olib chiqishga chaqirdi. So'nggi bir necha yil ichida AQSh o'zining qo'shinlarini ikki Markaziy Osiyo davlatlariga -- Qirg'iziston va O'zbekistonga joylashtirgan edi.

Rossiya va Sovet Ittifoqi bo'yicha mutaxassis hisoblangan Marshal Goldmenning aytishicha, Qo'shma Shtatlar mintaqaga o'z qo'shinlarini 2001 yilning 11 sentyabridagi terror xurujlaridan so'ng yubordi.

"11 sentyabrdan so'ng AQSh Tolibon va o'sha paytda Afg'onistonda bo'lib turgan Osama bin Ladenga qarshi harakatlarini boshlab, o'z harbiy bazalarini joylashtirish uchun va Afg'onistonga kirib borgan asosiy kuchlarga ko'mak berish uchun qulay joylarni qidira boshladi. Markaziy Osiyo mintaqasi mantiqan qulay joy edi," deydi Goldmen.

Muzokaralardan so'ng AQSh bir bazani Qarshi yaqinidagi Xonobodda, ikkinchisini esa Qirg'iziston poytaxti Bishkek xalqaro aeroportida joylashtirishga qaror qildi. AQSh mudofaa vazirligining matbuot kotibi Jo Karpenterning aytishicha, u yerdagi kuchlar Afg'onistondagi operatsiyalarga katta madad bo'ldi.

"Qirg'izistonda mingga yaqin askarlarimiz Bishkek aeroportidan havo operatsiyalariga yordam beradi. O'zbekistonda esa 800 ga yaqin kishi joylashtirilgan," dedi Karpenter.

Biroq AQSh qo'shinlarining mintaqadagi taqdiri qil ustida turibdi. Oy boshida Ostonada bo'lib o'tgan va o'z ichiga Rossiya, Xitoy, Qozog'iston, Tojikiston, O'zbekiston va Qirg'izistonni birlashtirgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti AQShni o'z qo'shinlarini mintaqadan olib chiqib ketish uchun aniq muhlat belgilashga chaqirdi. Sammitdan keyin O'zbekiston ham, Qirg'izston ham alohida chiqargan bayonotlarida bu chaqiriqlarni qayta ta'kidladilar.

Bunday chaqiriqlarga bu ikki mamlakat tomonidan ko'rsatilgan sabab - "Afg'onistonda faol harbiy faza o'a nihoyasiga yetgan". Biroq Pentagon matbuot kotibi Karpenter bu fikrga qo'shilmaydi.

"O'zbekiston bilan Qirg'izistonni oladigan bo'lsak, o'sha yerdagi aerodrom va aeroportlar va u yerdan olib borilayotgan harbiy operatsiyalar bizga Tolibon va al-Qoidaga qarshi jang qilishimizda, insonparvarlik yordamini Afg'oniston shimoliga yetkazishimizda juda qo'l keldi va natijada qo'shni Afg'onistonda demokratiyani yoyishga yordam berdi," dedi Karpenter AQSh qo'shinlarining mintaqadagi rolini ta'riflab. "Biroq shuni ta'kidlashim kerakki, Afg'oniston hali ham mushkul joy bo'lib turmoqda. Koalitsiyaning AQSh va NATO kuchlari yordamidagi u yerdagi operatsiyalari hamon davom etmoqda. Shuning uchun ham u ikki joy biz uchun juda muhim. Afg'onistonning demokratik davlat sifatida shakllanishiga va al-Qoida va Tolibonga qarshi muvaffaqiyatli harakat qilishga ko'p vaqt kerak bo'ladi."

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, AQSh qo'shinlarining mintaqadan chiqarilishiga qaratilgan chaqiriqlarning yana boshqa sabablari ham bor. O'zbekiston misolida ekspertlar prezident Islom Karimovning may oyidagi Andijon voqealaridan keyin G'arb tomonidan qattiq tanqid ostiga olinganligini ko'rsatmoqdalar. O'shanda yuzlab tinch aholi, xabarlarga ko'ra, xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o'ldirilgan edi. BMT ning guvohlarning bergan bayonotlari asosida bitilgan va yaqinda chiqqan hisobotida, Andijondagi voqealar "ommaviy qirg'in" deb ataldi. Hisobotda BMT mustaqil tergovning o'tkazilishiga yana bir bor da'vat etdi.

Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg'armasining Markaziy Osiyo bo'yicha eksperti hisoblangan Marta Bril Olkot, O'zbekiston hukumatini Andijondagi voqealar bo'yicha xalqaro tergovning o'tkazilishiga rozi bo'lmagani bois AQSh yog'dirgan tanqid toshlari g'azabga keltirdi, dedi.

"Mustaqil O'zbekiston tarixida, menimcha, hozir ikki davlat o'rtasidagi aloqalarning eng taranglashgan payti bo'lsa kerak. Agar Andijondagi voqealar sodir bo'lmaganida, O'zbekiston baribir AQShdan bazani tark etishni so'rarmidi, yo'qmidi, bunisi menga qorong'u."

Qirg'izistonga kelsak, deydi Olkot, sabablar boshqa.

"Qirg'iziston hech qachon o'z tashabbusi bilan AQShdan mamlakatdagi qoshinlarini olib chiqib ketishni talab qilmagan bo'lar edi. Ular hozirda Rossiya va Xitoy tomonidan kuchli bosim ostida. Ularning vaziyati juda mushkul. Ichlaridan Rossiya bilan Xitoyni ranjitmagan holda, G'arb bilan yaqin aloqada bo'lishni istaydilar," dedi Olkot.

Siyosatshunoslar hozirda AQSh qo'shinlari Markaziy Osiyodan chiqib ketgan taqdirda AQShning jahon bo'ylab harbiy strategiyasiga ta'sirini ham o'rganmoqdalar. AQSh Milliy mudofaa universiteti professori Filip Sondersning aytishicha, Mudofaa vazirligining yangi ishlab chiqilayotgan rejasiga muvofiq, AQSh chet-eldagi katta va doimiy bazalarga emas, balki mahalliy hukumatlar bilan kelishilgan holda qisqa muddatli bazalarga imkoniyat beradigan shartnomalarga ko'proq tayanadi.

"AQSh harbiy rahbariyati jahon bo'ylab o'z qo'shinlarini keraklicha joylashtirishi uchun skelet shaklida harakat qilishga o'rganmoqda. Markaziy Osiyoda ham ana shu g'oya tatbiq etiladi," dedi Sonders.

Agar mahalliy hukumat rozi bo'lmasa, AQSh o'sha mamlakat ichidan turib harakat qila olmaydi. Bu fikrga ko'plab mutaxassislar qo'shiladi. AQSh rasmiylari Qo'shma Shtatlar O'zbekiston va Qirg'izistondagi harbiy bazalardan ikkitomonlama shartnoma asosida foydalanmoqdalar va har bir tomon shartnoma majburiyatlarini bajarishi kerak, deb aytmoqdalar.

XS
SM
MD
LG