Breaking News

Ileana Ros-Lextinen: AQSh O'zbekiston hukumatiga qarshi qo'shimcha choralar ko'rishi kerak


"Vashington Tayms" gazetasining 21 iyulgi sonida AQSh Kongressining Vakillar Palatasi a'zosi Florida shtatilik Ileana Ros-Lextinenning O'zbekistonga doir maqolasi chop etildi. Ros-Lextinen Kongressda, shuningdek, Xalqaro aloqalar qo'mitasi tarkibidagi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo'yicha quyi qo'mitasining raisidir.

Kongressning faol respublikachi a'zolaridan hisoblangan Ileana Ros-Lextinen yozgan maqola "O'zbekistondagi yangi voqelik" deb nomlanadi. O'zbekiston hukumati, deb yozadi Ros-Lextinen, o'z siyosati bilan xavfsizlik muammolarini kuchaytirib, ularni keltirib chiqarayatogan asl muammolarni yechimsiz qoldirdi. Uning fikricha, siyosiy va iqtisodiy jihatdan repressiv siyosat mamlakatda qashshoqlik, korrupsiya va omma ichidagi norozilikka sabab bo'ldi, biroq Andijon voqealari jamiyatdagi siyosiy va iqtisodiy erkinlikka turtki bo'lib xizmat qilishi ham mumkin. Ros-Lextinen O'zbekiston hukumatini kardinal o'zgarishlarni amalga oshirishga chaqirmoqda.

"Prezident Karimov", deb yozadi AQSh qonun chiqaruvchisi "ilgarigiday siyosat olib borish mumkin emasligini tushunishi kerak." AQShning kelajakdagi diplomatik va xavfsizlik bo'yicha aloqalari O'zbekistondagi siyosiy tizimning ochilishiga, mustaqil siyosiy partiyalarning qayd etilishiga, inson huquqlari bo'yicha ahvolni yaxshilashga hamda jiddiy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga bog'lanishi shart, deb yozadi Vashington Tayms gazetasiga Ileana Ros-Lextinen. Maqolasi so'nggida, u "O'zbekiston hukumati keng ko'lamdagi siyosiy va iqtisodiy islohotlarni o'tkazmas ekan, Karimov hukumatiga nisbatan o'zbek xalqiga qarshi amalga oshirilgan harakatlari uchun javob berishi uchun qo'shimcha choralarni ko'rishimiz kerak", deb yozadi.

AQShdagi Xalq madaniyatlarini o'rganish markazining Internetdagi jurnali "Frant Peyj Magazine" (FrontPage magazine) da 19 iyul kuni "Xitoyning Katta O'yini" degan maqola chiqdi. Maqola muallifi Vashingtondagi Xavfsizlik bo'yicha siyosat markazi xodimi Patrik Devenidir. Maqolada Xitoyning Markaziy Osiyoda o'z gegemonligini o'rnatishga qaratilgan siyosati tanqid ostiga olinadi. Uning bunday harakatlari 11 sentyabr voqealaridan so'ng Markaziy Osiyoga kirib kelgan AQShning mintaqadagi ittifoqchilariga hamda AQShning u yerdagi demokratik institutlarni rivojlantirish maqsadlariga katta tahdid, deb yozadi jurnal.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 5 iyulgi uchrashuvida O'zbekiston ham, Qirg'iziston ham o'z hududlaridagi AQSh harbiy bazalarini yopishga chaqirgan edilar. Maqola muallifi ana shu qarorning sabablarini ochib berishga harakat qiladi va Xitoyning asl maqsadlarini, ya'ni Amerikaga qarshi siyosati va uni Markaziy Osiyodan siqib chiqarishni asosiy sabab sifatida ko'rsatadi. 13 maydagi Andijon voqealaridan so'ng xalqaro hamjamiyatning qattiq tanqidi ostiga tushgan Karimovning ahvolidan Xitoyning o'z manfaatlarida foydalanganligini, jurnal yozadi. Xitoy O'zbekiston, Qozog'iston va Ozarbayjondagi ba'zi yirik neft loyihalariga sherik bo'lmoqda, katta iqtisodiy shartnomalar esa siyosiy ta'sirni keltirib chiqaradi, va bu ta'sir AQSh ga qarshi ishlatadi, deb yozadi muallif Patrik Deveni.

XS
SM
MD
LG