Amerikalik olimning Markaziy Osiyoda din va siyosat mavzusidagi fikri


Ayrim mutaxassislarning fikricha, islom dinining siyosatga aralushuvi, uning ichidagi
ziddiyatlarga va dunyodagi turli xil din vakillari o'rtasidagi to'qnashuvlarga sabab
bo'lmoqda. Siyosatga kirishish uchun faol harakat qilayotgan islomiy guruhlardan biri -
Hizb-ut Tahrirdir. Uning asosiy maqsadi Xalifalikni tiklash va islom dini qoidalariga rioya qilib davlatni boshqarish. Vashingtonda bo'lib o'tgan davra suhbatida yaqinda Markaziy Osiyoda bir yil turib kelgan amerikalik yosh olim Deyvid Montgomerining aynan shu masalaga munosabati muhokama etildi.

AYREKS tashkilotining granti orqali Qirg'iziston va O'zbekiston deyarli bir yil tadqiqot olib borgan Deyvid Montgomeri-ning aytishicha, hokimiyatga intilayotgan Hizb-ut Tahrir islomiy harakatining intilishiga qaramay, uning mintaqadagi ta'siri juda kichik va u Markaziy Osiyoda Xalifalikni tiklashdek maqsadiga erishish ehtimoli juda pastdir.

Deyvid Montgomeri: "Hizb-ut Tahrirga o'xshagan tashkilotlarning hokimiyatga kelishining ehtimoli juda past, chunki Hizb-ut Tahrir amaldagi hukumatning o'rnini bosa olmaydi, chunki unda davlatni boshqarish mexanizmlari va tizimi yo'q."

Ikki Markaziy Osiyo davlatining islomiy oqimlarga munosabati haqida gapirar ekan, amerikalik tadqiqotchi Hizb-ut Tahrirga Qirg'izstonda munosabat mo'tadilroq bo'lsa, O'zbekistonda munosabat keskinroq, deydi. Biroq guruh Qirg'izistonda faol harakat qilishiga qaramay, so'nggi parlament va prezident saylovlarida unga hayrihoh nomzodlar va partiyalar mag'lubiyatga uchradi.

Deyvid Montgomeri: "Agar Qirg'iziston bilan O'zbekistonni oladigan bo'lsak, O'zbekistonda Hizb-ut Tahrirga nisbatan munosabat qattiq, shuning uchun tashkilotning O'zbekistondagi a'zolari hukumat tazyiqiga qarshi qattiqroq harakat qilishga majbur. Qirg'izistonda munosabat mo'tadilroq. U yerda hukumat tashkilotni o'ziga tahdid sifatida ko'rmaydi."

Biroq O'zbekistonda Hizb-ut Tahrirga katta tahdid sifatida qaraladi. Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga ko'ra, guruhning ko'plab a'zolari hibsga olingan. Ularning ichida guruhga aloqasi borlikda ataylab yoki noto'g'ri ayblanganlar ham bor, deydi bu tashkilotlar. Aynan shu hol guruh a'zolarini faolroq harakat qilishga va radikal bo'lishga majbur qiladi. Biroq qo'shni Qirg'istondagi turli xil guruhlarga nisbatan toqatli siyosat hamda u yerda dunyoviy muxolifatning siquvsiz bemalol faoliyat olib borishi, odamlarga tanlash huquqini beradi. Ya'ni hukumatdan norozilar muxolifatga yuz tutishi mumkin, muxolifatdan ko'ngli to'lmaganlar esa haqiqatni diniy guruhlarga a'zolik orqali topishga harakat qiladilar.

Ko'plab G'arb siyosatshunoslar, "O'zbekistonda aynan dunyoviy muxolifatning yo'qligi diniy guruhlarning mavqesini ko'tarmoqda va ijtimoiy adolatsizlik va iqtisodiy qiyinchilikdan aziyat chekkan fuqarolarga diniy guruhlarga qo'shilishdan boshqa chora qolmayapti, deydilar.

Shuning uchun, deydi Deyvid Montgomeri, "agar hukumatlar kamchiliklarini o'z vaqtida tuzatsalar va jamiyatdagi muammolarni hal qilsalar, Hizb-ut Tahrirga o'xshagan diniy guruhlarning aholi orasida mavqei kuchli bo'lmaydi, chunki ular aynan o'sha muammolarni mo'ljallga olgan holda, ularni hal qilib berish taklifi bilan chiqadilar."

XS
SM
MD
LG