Breaking News

O'zbekistonning uch yetakchi futbolchisi Quvaytga qarshi maydonga tushmaydi


Shu haftada futbol bo'yicha O'zbekiston terma jamoasining Moskvaning "Lokomotiv" safida o'ynayotgan uch yetakchi o'yinchisi bundan keyin O'zbekiston terma jamoasi safida o'ynamasliklarini ma'lum qildilar. Bu hol 17 avgust kuni Jahon chempionatining saralash musobaqasida o'z guruhidagi Quvaytga qarshi so'nggi o'yinga tayyorgarlik ko'rayotgan O'zbekiston terma jamoasini bir oz og'ir ahvolga solib qo'yadigan ko'rinadi. Gap darvozabon Aleksey Polyakov, himoyachi Oleg Pashinin va yarim himoyachi Vladimir Maminovlar haqida ketmoqda.

O'zbekistonlik sport jurnalisti Sanat Sharipov o'yinchilar bilan suhbatdan so'ng, Amerika Ovoziga o'yinchilarning ikkitasi - Maminov va Polyakovlar terma jamoaga butunlay o'ynamasliklarini, Pashinin esa hozircha faqatgina Quvayt bilan bo'lgan o'yinga kela olmasligini aytdi. Polyakovning jamoa treneri Ravshan haydarov bilan aloqasi salbiy bo'lsa, Maminov uning uchun ham jamoa, ham "Lokomotiv" tarkibida maydonga tushish yoshi o'tgan sari og'ir tushayotganligini aytgan. Sanat Sharipovga ko'ra, Pashinin terma jamoada o'ynash ishtiyoqi borligini, biroq "Lokomotiv" murabbiysining maslahatiga ko'ra aynan Quvayt bilan o'yinga kela olmasligini ta'kidlagan.

O'zbekiston futbol federatsyiasi terma jamoalar bo'yicha bo'limi boshlig'i Alisher Nikimbaev terma jamoa bu uch o'yinchisiz ham Quvaytga qarshi o'yinni uddalay olishiga ishonadi. Nikimbaevga ko'ra, terma jamoa to'liq tarkibda dushanba kuni yig'ilib Quvaytga qarshi tayyorgarlikni o'tgan hafta tayinlangan 58-yoshli angliyalik trener Bob Xofton boshchiligida boshlaydi. Quvaytni yutgan taqdirda O'zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatining asosiy bosqichiga chiqish imkoniyatlarini saqlab qoladi.

XS
SM
MD
LG