O'zbekiston AQSh matbuoti nigohida: 16-17 avgust


"Vashington Tayms" gazetasining 17 avgust sonida Milliy mudofaa kengashi jamg'armasining ijrochi direktori Endi Messing-ning "AQShning O'zbekistondagi xatosi" degan maqolasi chiqdi. Unga ko'ra, prezident Bush jahonga demokratiyani yoyish haqida gapirib turgan bir paytda, Qo'shma Shtatlar bu maqsadga ba'zi davlatlarni yetaklash uchun qo'llayotgan ta'sirini bir oz boy berdi. Endi Messing O'zbekiston hukumatining AQShga Xonoboddagi bazani yopish talabini qo'yganini nazarda tutmoqda.

Xitoy, Rossiya, Suriya, Eron va boshqalar, deb yozadi "Vashington Tayms", AQShning jahonga demokratiyani yoyish harakatlariga g'ov qo'ymoqdalar. Bu hol Amerikaning bu kabi harakatlarga nisbatan beparvoligi oqibatida bo'lmoqda, deyiladi maqolada. O'sha mamlakatlar esa demokratiya niqobi ostida mamlakat ichidagi demokratik harakatlarni bosmoqdalar. Masalan, Rossiya markazning mintaqalar ustidan va ommaviy axborot vositalari ustidan nazoratini kuchaytirmoqda. Xitoy esa, deydi muallif Messing, ijtimoiy barqarorlikni saqlab qolish bahonasida qishloq xo'jalik va diniy sohalardagi islohotlarning o'tkazilishiga to'sqinlik qilmoqda. Maqolada bu nodemokratik davlatlarning demokratik harakatlarga qarshi o'zaro harbiy va iqtisodiy hamkorlik olib borayotgani ham ta'kidlanadi.

Ularning bu kabi hamkorligi ulardan ko'ra zaifroq bo'lgan qo'shnilariga o'z ta'sirlarini o'tkazishda qo'l kelmoqda, deydi "Vashington Tayms". Shuning uchun, deb taklif qiladi Endi Messing, Qo'shma Shtatlar soxta demokratik va avtoritar davlatlar o'rtasidagi ittifoqning kuchayishiga to'sqinlik qilishi kerak, aks holda ularning kuchayishi Amerika va jahondagi demokratiyaga katta tahdid soladi.

AQShning shimoliy qismida chiqadigan kundalik "Tayms-Standart" gazetasi "Tashvishdamiz" sarlavhasi ostida 16 avgust kuni maqola chop etdi. Unda xabar qilinishicha, AQSh Kongressi vakillaridan biri Mayk Tompson Internyusning Toshkentdagi bo'limi va xodimlariga nisbatan O'zbekistonda o'tkazilgan tazyiqdan tashvishga tushib, prezident Islom Karimov va AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays nomiga xat yozgan.

Karimovga yozgan xatida, kongressmen Tompson mustaqil matbuot va xususan 1995 yildan beri O'zbekistonda faoliyat ko'rsatayotgan Internyus tashkilotiga nisbatan O'zbekiston hukumatining repressiv siyosatidan tashvishda ekanini bildirgan. Xatda aytilishicha, Internyus baland obro'si va mustaqil siyosati bilan jahonda yaxshi tanilgan.

"Tayms-Standart" gazetasi kongressmen Tompsonning so'zlarini keltirar ekan, u Karimovdan Internyusga hukumat to'siqlarisiz faoliyat olib borishga ruxsat berishni hamda mamlakatda mustaqil matbuotga qarshi tazyiqni o'tkazishni to'xtatishni so'raganini, yozadi.

XS
SM
MD
LG