Breaking News

Qozog'istonda prezident saylovlarining kuni belgilandi


Qozog'iston Konstitutsion sudining qaroriga ko'ra, mamlakatda prezident saylovlari dekabr oyining birinchi yakshanbasida o'tkaziladi. Bu bilan, saylovlarning muddati borasidagi hukumat va muxolifat o'rtasidagi tortishuvlarga chek qo'yildi.

Mamlakatni 16 yildan beri boshqarayotgan Nursulton Nazarboyev qayta saylanishga tayyor ekanligini yaqinda bildirgan. Raqiblari Nazarboyevning avtoritar boshqaruv uslubini tanqid qilishlariga qaramay, prezidentning mamlakat ichidagi obro'si neft hisobiga rivojlanayotgan iqtisodiyot sabab yuqoriligicha qolmoqda.

Moskvadagi Karnegi jamg'armasining eksperti Aleksey Malashenko kabi qator tahlilchilar nazarida, Gruziya, Ukraina va Qirg'izistondagi demokratik inqiloblarga guvoh bo'lgan Nazarboyev taqdirni sinovdan o'tkazmasdan, prezident saylovlarini Nazarboyevning atrofidagilar avvaliga taklif qilganidek 2006 yilda emas, balki shu yili o'tkazishga qaror qildi.

Aleksey Malashenko: "Iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy vaziyat hamda uning muxolifatini nazarga olganda, Nazarboyevning bugungi kundagi mavqei avvalgidan ancha yaxshidir. Mening fikrimcha, bu yili Nazarboyevga muxolifatdagilar ularga bo'lgan ishonchni yo'qotdilar, chunki ularning qo'lidan prezidentga qarshi hech narsa kelgani yo'q. Yana bir sababi - Nazarboyev bilan teppa-teng bahslasha oladigan nomzodlari yo'q."

Moskvadagi Mustaqil Hamdo'stlik Davlatlari Instituti direktorining muovini, Markaziy Osiyo bo'yicha tahlilchi Vladimir Zharikin ham Nazarboyevning ancha ustun vaziyatda ekanligiga va saylovlarda g'olib chiqishiga qo'shiladi.

"Agar Nazarboyev saylovlarni keyingi yilga qoldirganda edi, u holda muxolifat unga qarshi kuchlarni birlashtirishga ko'proq vaqtga ega bo'lar edi", deydi Zharikin.

Hozircha, ikkala tahlilchi ham bir narsada hamfikrki, qozoq muxolifati oldida dekabrgacha bo'lgan bunchalik qisqa vaqt ichida o'z qarashlarini xalqqa o'tkazish kabi mushkul vazifa turibdi.

Qozog'iston prezidenti Ukraina yoki Gruziyada bo'lgan inqiloblarning mamlakatida o'z aksini topishiga ishonmaydi. Uning aytishicha, mamlakat hali G'arb demokratiyasiga tayyor emas, biroq tahlilchi Aleksey Malashenkoning fikricha, hayotda hamma narsaning ehtimoli bor.

Aleksey Malashenko: "Shuni esdan chiqarmangki, ba'zida sobiq Ittifoq hududidagi vaziyatni oldindan bashorat qilish mushkul. Qirg'izistondagi to'ntarish bunga yaqqol misoldir."

Muxolifat hozircha yagona nomzod, "Adolatli Qozog'iston" harakatining yetakchisi Jarmaxon Tuyoqboy atrofida birlashmoqda. Uning aytishicha, agar saylov natijalarining soxtalashtirilganligi xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ilgarigilariga o'xshab aniqlansa, u holda mamlakatda norozilik namoyishlarining bo'lib o'tishi ehtimoldan xoli emas.

XS
SM
MD
LG