Islom ekstremizmining O'zbekistonga tahdidi bormi?


AQShdagi 11 sentyabr voqealaridan so'ng jahonda ko'p narsa o'zgarganini kamdan-kam odam inkor etadi. Ilgari e'tibor berilmagan va so'nggi bir necha yil ichida rivojlanib ketgan terrorizm, va ayniqsa, diniy ekstremizm illati dunyodagi tinchlikka katta xavf solmoqda.

Yaqin o'tmish tarixda har bir davrning o'ziga yarasha global tahdidi bo'lgan. O'tgan asr o'rtalarida fashizm ana shunday tahdid bo'lgan bo'lsa, uning ustidan erishilgan g'alabadan so'ng kommunizm illatiga qarshi kurash jahonning demokratik qismida keng tarqalgan edi. Biroq har bir ishda ham me'yorning bo'lgani ma'qul. Har bir illatga qonun doirasida kurashgan taqdirdagina me'yorni nazorat qilsa bo'ladi.

Qonun ustuvorligi illatga qarshi nafratdan ustun turishi kerak, aks holda begunoh odamlar bundan zarar ko'rishi mumkin. Masalan, Ikkinchi Jahon urushidan keyin AQShda kommunizmga qarshi kurash avgja chiqqan paytda, Makkartizm harakati keng quloch yoygan edi, ya'ni ig'vo va asossiz axborot oqibatida kommunist deb ayblangan ko'plab amerikaliklar qamalganlar, ishdan haydalganlar. Qonun ustuvorligining ta'minlanmagani va me'yordan oshish oqibatida, o'shanda AQSh Davlat departamentining ko'plab vakillari asossiz ravishda kommunist deb ayblanib, ishdan ketishga majbur bo'lganlar.

Stalin davrida esa imperializmga aloqadorlikda va millatchilikda ayblangan SSSR ning millionlab fuqarolari qatag'on qilinganlar. Aksariyat hukmlarning siyosiy sabablar tufayli chiqarilganini yillar o'tib ko'plab arxiv hujjatlar oshkor qildi. Qonun bu hollarda o'zining ustuvorligini ta'minlay olmagani sabab, ko'plab begunoh odamlar umumiy tahdidga qarshi kurash qurboni bo'lganlar.

Terrorizm va diniy ekstremizm 21 asrning yangi global tahdidlaridan biridir. Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashda doim ham qonun ustuvorligi ta'minlanmayotganini va kurash bahonasida begunoh odamlarning ham aziyat chekayotganini ta'kidlamoqdalar.

Masalan, Human Rights Watch va Amnesti International inson huquqlarini himoyalash tashkilotlari o'zlarining yillik hisobotlarida Xitoyni terrorga qarshi kurash niqobi ostida mamlakat g'arbidagi musulmon uyg'urlarga qarshi tazyiqini qoralab kelganlar.

O'zbekistonga kelsak, so'nggi paytda bu kabi tanqidlarning ko'payganiga guvoh bo'lamiz. Qisqa qilib aytganda, 11 sentyabr voqealaridan so'ng AQShning strategik hamkori bo'lgan O'zbekiston xalqaro terrorga qarshi urush bahonasida Karimov tuzumiga tahdid solayotgan va ba'zida hattoki islom dini amaliyotiga umuman aloqasi bo'lmagan guruhlar va shaxslarga qarshi tazyiq o'tkazmoqda, deydi ba'zi kuzatuvchilar.

Ular, shuningdek, ba'zi hollarda joylardagi rasmiylar amal yoki boylik uchun yoki bo'lmasa qasddan boshqalarni islomiy guruhlarga aloqadorlikda ayblab, o'z shaxsiy maqsadlariga erishmoqdalar, deydilar.

Andijonda sud qilingan 23 kishi ham O'zbekiston hukumati tomonidan "Akromiya" guruhiga aloqador diniy faollar deb atalgan bo'lsa, xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar ularni ishlari o'ngidan kelgan ishbilarmonlar, deyishmoqda. So'nggi fikrga, AQShdagi xurmatli senatorladan biri, arizonalik respublikachi Jon Makkeyn ham qo'shiladi.

Senator Jon Makkeyn: "Prezident Karimovning Andijonda sud qilinganlar islomiy ekstremistlar, degan gapi not'og'ri, chunki ular Karimov yo'lidan o'tgan ishbilarmonlardir xolos. Karimov hukumatida odatiy tusga kirgan aksil-demokratik repressiv amaliyotlar islomiy ektremistlarning omma ichida tezroq qabul qilinishiga sababdir."

Kuzatuvchilarning fikricha, bu 23 kishining aybi -- markaziy yoki mahalliy hokimiyatdagi rasmiylarning biznes manfaatlariga raqobat yaratganligi bo'lgan. Jahonda ommabop mavzu bo'lgan va O'zbekiston hukumatining bu boradagi umumiy siyosatiga hamohang islomiy ekstremizm, bu rasmiylarga unga qarshi kurash niqobi ostida o'z raqobatchilaridan va dushmanlaridan xoli bo'lishga yordam beradi.

Haqiqatdan ham prezident Karimov aytganidek, Islomiy guruhlar va islom ekstremistlar O'zbekistonda keng tarqalganmikan? Haqiqatdan ham ular nafaqat amaldagi hukumatga va hattoki mamlakatning tinchligiga va xalq farovonligi yo'lida tahdidmikanlar? Yoki ular faqatgina hukumat uchun tahdidmilar xolos?

Markaziy Osiyoda islom harakatlari tarixini o'rganib, bu haqida bir nechta kitob yozgan pokistonlik taniqli yozuvchi va jurnalist Ahmad Rashidning aytishicha, O'zbekistondagi islomiy kuchlar hukumatga hech qanday tahdid solishga qurblari yetmaydigan bo'lsa ham, ular hukumat tomonidan tazyiq ostiga olinmoqdalar.

Ahmad Rashid: "Mening nazarimda, demokratlashtirish va iqtisodiy islohotlar - mintaqadagi asosiy vazifalardandir. O'zbekistonni oladigan bo'lsak, u yerda Karimovga siyosiy va demokratik muqobillik yo'q. Ertaga hayotdan ko'z yumadigan bo'lsa, O'zbekistonni nima kutmoqda? Anarxiyami? Hukumat ichidagi kuchlarning hokimiyatga kurashimi? Yoki islomiy kuchlar fursatdan foydalanmoqchi bo'ladilarmi? Agar mamlakatda demokratik muxolifat bo'lganda va demokratik saylovlarni o'tkazish imkoniyati bo'lganda edi, menimcha, bu muammodan chiqishning eng yaxshi yo'llaridan biri bo'lar edi. Buning o'rniga rejimga hech qanday siyosiy tahdidni solmagan islomiy guruhlar ta'qib qilinmoqda. To'g'ri, bu kuchlarning, ba'zi mamlakatlarda ko'rganimizdek, terror harakatlariga qo'l urish imkoniyatlari borligini bilamiz, biroq ular rejimni to'ntarish uchun yetarlicha imkoniyatlarga ega emaslar."

Vashingtondagi diniy erkinliklar va aloqalar bilan shug'ullanuvchi Global hamkorlik institutining prezidenti Kris Saypl, diniy ekstremizm tahdidi mintaqada va O'zbekistonda bor, biroq uning darajasi sezilarli emas, deydi.

Kris Saypl: "Islomiylar solayotgan tahdid mavjud va uni hisobdan chiqarmaslik kerak. Tahdid 90-yillarning oxiridan beri bor. Va bu tahdidni Qo'shma Shtatlar boshida inkor qilib kelgan. Biroq Markaziy Osiyo, va xususan, O'zbekistonda islomiy kuchlar xavfi o'z maqsadlarida bo'rttirilgan. Biroq xavfni qanchalik ko'p bo'rttirsangiz, terrorga qarshi ittifoqchilar nazaridan shunchalik tez qolasiz. Chunki O'zbekiston hukumatining tazyiqi diniy guruhlarni yanada radikallashtiradi va ittifoqchilarning vazifasini yanada mushkullashtiradi."

Mamlakatdagi diniy guruhlarning va dindorlarning ta'qib qilinishi, ularga bo'lgan omma orasidagi hayrihohlikni kuchaytiradi, deydi AQShdagi Garvard universitetining Markaziy Osiyo bo'yicha direktori Jon Shomberleyn.

Jon Shomberleyn: "O'zbekistonda islomiy guruhlarga aloqasi borligida ayblangan odamlarning ustidan o'tkazilgan sudlarning ko'pchiligi asossizdir. Ayblovlar jiddiy dalillarsiz qo'yiladi. Shuning uchun hukumat radikal islomni o'ziga qarama-qarshi yagona muqobil kuch sifatida aholiga taqdim etgani uchun, kelajakda aynan radikal islom hukumat uchun katta muammo tug'dirishi mumkin. Chunki iqtisodiy ahvoldan qiynalgan aholi ularga madadkor sifatida qaraydi."

Odamlarning turli diniy oqimlarga qo'shilishining iqtisodiy omillardan tashqari ma'rifiy omillari ham bor, deydi O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Diniy ishlar bo'yicha boshqarmasi raisining muovini Shavkat Ismoilov.

Shavkat Ismoilov: "Afsuski, keyingi paytlarda, ba'zi-bir ekstremistik oqimlarni oqlab, shularning yo'lini to'g'ri, deb, ularga ergashib qolayotgan ba'zi yoshlarimiz bor. Endi albatta buning sababi - bularni sof islomiy bilimdan yiroq ekanliklari, deb bilaman."

AQShlik siyosatshunos va Merilend universitetining professori, falsafa fanlari doktori Kevin Jouns odamlarning diniy oqimlarga qo'shilishi hamda aholining radikallashishida iqtisodiy va ijtimoiy omillarni ko'rmoqda. Uning fikricha, islom ekstremizmining xavfi O'zbekistonda juda oshirilgan.

Kevin Jouns: "Albatta, islom ekstremizmining xavfi bor, biroq Karimov hukumati uni judayam bo'rttirgan. O'zbekiston hukumatining hozirdagi asosiy tahdidi - bu iqtisodiy va ijtimoiy ahvol. Hukumat iqtisodiy erkinlikka yo'l bermas ekan, siyosiy erkinlikka yo'l bermas ekan, odamlarda to'planib qolgan g'azab boshqa yo'l bilan chiqishi mumkin, ularni mavjud islomiy guruhlarga qo'shilishga majburlashi mumkin. Mintaqada bir necha islomiy guruhlar bor, biroq ularning barchasi ham radikal, terrorchi yoki ektremist ruhdagi emas. Hukumatning harakatlari vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Odamlar o'z fikr larini va muammolarini ifoda etish imkoniyatiga ega bo'lmasa, ular radikal yo'lni tanlashga majbur bo'ladilar."

Toshkentdagi Islom instituti talabalarining bu masalaga nisbatan fikrlari bir-biridan farq qiladi.

1-student: "Mening fikrimcha, qisman xavf bor deb o'ylayman, chunki yurtimizning rivojlanib ketayotganini ko'rgan boshqa yurtdagilar qurol kuchi bilan emas, balki mana shunday noto'g'ri g'oyalar bilan yurtimizga kirib kelishyapti."

2-student: "Bunchalik xavf soladigan kuch yo'q, deb o'ylayman. Dushmanimiz "xafv bor", deb aytayotgan bo'lishi mumkin, biroq aslida hech qanday bunga o'xshash kuch yo'q."

3-student: "Xalqni ish bilan ta'minlash kerak. Xalq ishlasa, hech qanday to'polon bo'lmaydi. Ekstremist ham, boshqasi ham bo'lmaydi. Asosiy sabab shu."

O'zbekistonga ikki marotaba tashrif buyurgan Vashingtondagi Jorjtaun universiteti imomi Yahyo Xendining aytishicha, O'zbekistonda hukumat va din arboblari orasida yetarli darajada muloqot yetishmaydi.

Imom Yahyo Xendi: "Men O'zbekistonda bo'lgan paytimda rahbariyatning demokratlashtirish yo'lidan ketish uchun astoydil harakat qilayotganini ko'rdim. Shuningdek, O'zbekiston ulamolari ham jamiyatni olg'a yurgizish va demokratlashtirish tarafdorlari ekanini ko'rib, xursand bo'lgan edim. Biroq ba'zi ulamolarning hukumatdan ranjiganini va hukumat xalqning manfaatlarini himoya qilmayotganini ham eshitgan edim. Jamiyatda ochiqlik va samimiy munozaraga imkoniyat yetishmaganini angladim. Ikkala tarafdan ham.

O'zi ekstremizm deganda, men faqatgina dinni tushunmayman. Chunki hukumatlar ham o'z siyosatlari bilan, odamlardan begonalashgani bilan ekstremist bo'lishlari mumkin. Bu esa o'z navbatida boshqa tarafni ham ekstremistik ruhda javob berishga majbur qiladi. Hosil bo'lgan vaziyatdan chiqishning eng yaxshi yo'li - bu tomonlarning bir-biri bilan xalq manfaatlari yo'lida ochiq munozara yuritishlaridir."

Moskva Davlat xalqaro aloqalar institutining professori va Tinchlik uchun Karnegi fondining Moskvadagi sho'basining islom dini bo'yicha eksperti Aleksey Malashenkoning nazarida, diniy ekstremizmga ozuqa bo'lib xizmat qilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy muammolar hal bo'lmas ekan, diniy muxolifat asta-sekin kuch yi'gib boraveradi.

Aleksey Malashenko: "Markaziy Osiyo hukumatlariga, barchasiga bo'lmasa emas, islomiy guruhlarning tahdidi bor albatta. Biroq men islom omili va radikal islomga xavotirsiz yondashgan bo'lardim. O'zbekistonni oladigan bo'lsak, o'zlarini islomiy deb atagan guruhlar O'zbekistondagi yagona real muxolif kuchdir. Axir u yerda dunyoviy muxolifat yo'q. Borining bir qismi kichik sonni tashkil qiladi, boshqasi esa hukumatga tobe. Tuzumga qarshi to'planib borilayotgan norozilik, islom dini orqali o'z ifodasini topmoqda. Ko'plab musulmon davlatlarida shunday bo'lgan, shuning uchun buni xavotirlanadigan joyi yo'q. Biroq shuni aytish kerakki, diniy muxolifat chetda turib kuch yig'moqda.

Muammoning negizi - diniy ekstremistlarning faoliyat ko'rsatishi uchun ijtimoiy sharoitning mavjudligidir. Aholida ijtimoiy norozilik bor. Islomiychilar esa ana shu fursatdan foydalanishadi. Agar jamiyatni siquvga olish kuchayaversa, u holda islom yanada qattiq radikallashadi, va aksincha, agar hukumat fuqarolik jamiyatini qurishga astoydil bel bo'glasa, u holda ektremist va radikal deb bilingan diniy faollar o'z kuchini yo'qotadi va natijada ular mo'tadilroq va hamkorlikka tayyor bo'ladilar."

Vashingtondagi Jouns Xopkins Universitetida Markaziy Osiyo siyosati bo'yicha doktorlik darajasini yoqlayotgan Alisher Hamidovning aytishicha, O'zbekistondagi demokratik institutlarning yo'qligi islomiy guruhlarning hukumatga xavfining eng asosiy sabablaridan biridir.

Alisher Hamidov: "Agar O'zbekistonda demokratik tashkilotlar paydo bo'lib, faoliyat ko'rsatsa, ekstremist guruhlarga hech qanday o'rin qolmaydi. Ana shu demokratik institutlarning, ommaviy axborot vositalarining kuchsizligi diniy ekstremizmning sabablaridan biri, deb hisoblayman."

XS
SM
MD
LG