Islomiy radikallarning O'zbekistonda hokimiyat tepasiga kelish ehtimolining darajasi qanday?


Inson huquqlarini himoya qiluvchi o'zbekistonlik va xalqaro tashkilotlar hamda ba'zi G'arb siyosatshunoslarining fikriga qaraganda, O'zbekistonda islom tahdidi, ayniqsa AQShdagi 11 sentyabr voqealaridan so'ng, amaldagi hukumatning hokimiyatda uzoqroq turishi uchun ataylab to'qib chiqarilgan. Biroq Islom Karimov fikricha, islomiy guruhlar O'zbekiston tinchligiga va tuzumiga jiddiy tahdid solmoqda va shu bois ularga qarshi kurashish kerak. Human Rights Watch, Amnesty International, AQSh Davlat departamenti hamda boshqa shu kabi tashkilotlar o'zlarining O'zbekistondagi inson huquqlarining ahvoli va diniy erkinliklar borasidagi yillik hisobotlarida, ayni paytda mamlakat qamoqxonalarida 7,000 ga yaqin siyosiy va diniy mahbuslar borligini qayd etmoqdalar. Hisobotlarda, shuningdek, mahbuslar aksariyatining asossiz qamoqda saqlanayotgani aytiladi. Bu holni ko'p yillardan buyon diniy sabablar bilan bog'liq sud jarayonlarini kuzatib kelgan O'zbekiston inson huquqlarini himoya qilish tashabbus guruhining raisi Surat Ikromovning o'zi ham ta'kidlamoqda.

Surat Ikromov: "Tashkilotimiz so'nggi to'rt yil ichida 120 ta sud monitoringi ishlarini olib borgan. Diniy sabablar bo'yicha qo'yilgan ayblar o'z isbotlarini topmagan."

Ba'zi kuzatuvchilarning aytishicha, 11 sentyabr voqealaridan so'ng ommabop bo'lgan "diniy ektremist" tamg'asi ularga turli xil sharoitlarda berilgan. To'g'ri, ularning ichida turli diniy guruhlarga a'zo bo'lgan va siyosiy-diniy g'oyalarni olg'a surganlar ham bor. Bu o'rtada tabiiy savol tu'giladi:

Islomiychilarning O'zbekistonda hokimiyatni o'z qo'llariga olishlari uchun imkoniyatlari qanday? Agar bugun Karimov rejimi ag'darilgudek bo'lsa, hokimiyat tepasiga, hukumat tashvishiga sabab bo'layotgan aynan islomiy ekstremistlar keladimi?

Vashingtondagi diniy erkinliklar va aloqalar bilan shug'ullanuvchi Global hamkorlik institutining prezidenti Kris Saypl bu savolga rad javobini berdi.

Kris Saypl: "Yo'q, aslo. Men radikal ekstremistlarning hukumatga kelishiga ishonmayman. Umuman, terrorizm haqida gapirganda, men "Islom" yoki" "jihodchi" degan so'zlarning ishlatilishiga qarshiman. Chunki bu bilan islomdek muqaddas hamda insonning ichki dunyosiga tegishli jihoddek narsalarni haqorat qilgan bo'lamiz. O'zbekistonda ahvol juda yomon bo'lishiga qaramay, radikal kuchlarning hokimiyat tepasiga kelishlari amrimahol. Karimovning o'z yaqinidagi odamlar, siyosatchilar va klan a'zolari tomonidan ag'darilishi ehtimolga yaqinroq."

Markaziy Osiyoda islom harakatlari tarixini o'rganib, bu haqida bir nechta kitob yozgan pokistonlik taniqli yozuvchi va jurnalist Ahmad Rashidning aytishicha, islomiy kuchlarning O'zbekistonda hokimiyatga kelishlarini oldini olish uchun dunyoviy muxolifatga yo'l berish kerak.

Ahmad Rashid: "Agar mamlakatda demokratik muxolifat bo'lganda va demokratik saylovlarni o'tkazish imkoniyati bo'lganda edi, menimcha, bu muammodan chiqishning eng yaxshi yo'llaridan biri bo'lar edi. Buning o'rniga rejimga hech qanday siyosiy tahdidni solmagan islomiy guruhlar ta'qib qilinmoqda. To'g'ri, bu kuchlarning, ba'zi mamlakatlarda ko'rganimizdek, terror harakatlariga qo'l urish imkoniyatlari borligini bilamiz, biroq ular rejimni to'ntarish uchun yetarlicha imkoniyatlarga ega emaslar."

Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar va havfsizlik bo'yicha Bosh komissari Xavyer Solananing matbuot kotibi, Kristina Gallak, odamlarni terrorist deb tamg'alash masalasiga juda ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak, deydi.

Kristina Gallak: "Xalqaro hamjamiyat va Yevropa Ittifoqi terrorizm va ekstremizga doir masalalarga juda jiddiy yondashadi. Bu holga qarshi, qayerda bo'lishidan qat'iy nazar, ayovsiz kurash olib borish kerak. Biroq terrorizmga qarshi kurash mamlakatda demokratik o'zgarishlarga hayrihoh odamlarga qarshi kurashga bahona bo'lib xizmat qila boshlasa, na Yevropa Ittifoqi va na jahon hamjamiyati buni qabul qila oladi. Bu kabi o'ta muhim masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak."

O'zbekistonga ikki marotaba tashrif buyurgan, Vashingtondagi Jorjtaun universiteti imomi Yahyo Xendi islomiy guruhlarning hokimiyatga kelishlariga shaxsan qarshi ekanligini aytdi.

Imom Yahyo Xendi: "Din tabiatan ochiqlikka, munozaraga, tinchlikka, mehr-oqibatga chaqiradi, shuning uchun men "islomiy ekstremizm" deyishganda, bunga qo'shilmayman. Dinga radikalizm elementlarini qo'sha boshlashimiz bilan, u o'zining asosiy diniy xususiyatlarini yo'qota boshlaydi. Islomiy harakatlar ekstremistik yo'lga o'tishi bilan islomiylik xususiyatlarini yo'qotadilar. Islomiy guruhlar siyosatga intilmasliklari kerak. Ular xalq xizmatida bo'lmoqlari zarur. Siyosat xalq manfaatlari atrofida shakllanishi lozim."

Biroq O'zbekistonni 1997 yili tark etishga majbur bo'lgan yozuvchi va Erk partiyasining asoschilaridan biri Safar Bekjonning fikricha, islomiy guruhlarga ham, boshqa guruhlarga ham so'z erkinligini va ifoda etish imkoniyatlarini berish kerak, aks holda ular yanada radikallashib, maxfiy tarzda faoliyat olib boradilar. Bu esa hukumatga qarshi zo'ravonlikka sabab bo'ladi.

Safar Bekjon: "Islomiy muxolifatning borligi ham diktaturaning borligi bilan o'lchanadi. Misol uchun, biz ham Turkiyaga o'xshash bir musulmon davlat, biroq u yerda islomiy dunyo qarash va diniy erkinlik bor. Partiyalar tashkil etilishi va faoliyat ko'rsatishi mumkin. Islomiy kuchlarga o'z fikrlarini bildirishlari uchun minbar berilishi kerak. Agar ularning faoliyati taqiqlansa, hukumat ulardan qo'rqsa, bu oxir-oqibatda yana radikal islomning xavfini doimiy ravishda saqlab turadi."

O'zbekiston demokratik tashabbuslar markazi direktori Iskandar Hudoyberganovning fikricha esa, islomiy guruhlarning hokimiyatga kelishlarining oldini olish uchun iqtisodiyotni rivojlantirish kerak.

Iskandar Hudoyberganov: "Aslida biz agar fundamentalizm, ekstremizga qarshi yo'l tutadigan bo'lsak, birinchidan, iqtisodni joyiga tushirish kerak. Chunki qashshoqlik paydo bo'lgandan keyin, aholi siyosiy g'oyalarga yaqin bo'lib qoladi. Nochorlikdan chiqib ketish yo'lini qidira boshlaydi. Natijada siyosatga yaqinlashadi. Ana shunda radikal g'oyalar ham aholiga albatta ta'sir qilishi mumkin. Shuning uchun hukumat olib borayotgan siyosat bilan kurashib bo'lmaydi. Avvalombor, O'zbekiston iqtisodiy qoloqlikdan chiqib ketishi kerak."

AQShlik siyosatshunos va Merilend universitetining professori, falsafa fanlari doktori Kevin Jouns Karimov qo'lidagi hokimiyatni osonlikcha berib qo'ymaydi, deydi.

Kevin Jouns: "Karimov hokimiyatdan tushgan taqdirda, islomiy kuchlarning hokimiyat tepasiga kelishi shart emas. Nega? Birinchidan, Karimov hokimiyatni hech qachon boshqalarga o'z hohishiga ko'ra berib qo'ymaydi. Agar kasallik yoki boshqa omillar aralashmasa. Albatta, juda kichik guruhdagi surgundagi muxolifat vakillari bor, biroq ular juda ozchilikni tashkil etadi, va mening axborotimga ko'ra, tarqoq. Hukumat ichidagi Karimov siyosatidan norozi bo'lganlar ham bor, biroq ular ham bir-biridan mustaqil va sukut saqlaydilar. Aks holda ular repressiyaga uchrashlari mumkin."

Moskva Davlat xalqaro aloqalar institutining professori va Tinchlik uchun Karnegi fondining Moskvadagi sho'basining islom dini bo'yicha eksperti Aleksey Malashenko nazarida, islomiylarda O'zbekistonda hokimiyat tepasiga kelishlari uchun hech qanday imkoniyat yo'q. Andijon voqealari bunga yaqqol misol bo'la oladi, deydi Malashenko.

Aleksey Malashenko: "Hozirgi aytmoqchi bo'lgan gapim umumiy fikrga qarshidek tuyulishi mumkin, biroq Andijonda islomiy guruhlar o'zining kuchini emas, zaifligini namoyish etdilar. Chunki o'z maqsadlariga yetishish uchun, vaziyatni boshqa shaharlarga yoyish uchun, tashabbusni qo'lga olib, g'alayonga boshchilik qilish uchun ular qulay fursatni boy berdilar. Ular imkoniyatdan foydalanib, g'alayonni Qo'qon, Farg'ona, Namangan va Marg'lionga yoyishlari mumkin edi. Faraz qiling, ular bir-biri bilan aloqani o'rnatib, tashabbusni qo'llariga olganda edi! Biroq bu narsa ularning qo'llaridan kelmadi. Ular o'zlarining kuchsiz ekanligini ko'rsatdi. Shuning uchun men istalgan odam bilan bahslashishim mumkinki, islomiylar Karimov ketgan taqdirda, hokimiyat tepasiga kela olmaydilar. Ammo ular hokimiyatga kelishga, mamlakat boshqaruvida faolroq ishtirok etishga harakat qilib ko'rishlari mumkin."

Islomiy guruhlarning hokimiyatga da'vosini yo'qqa chiqarish uchun, Malashenkoning nazarida, dunyoviy muxolifatga yo'l berish va mamlakatda jiddiy siyosiy islohotlarni amalga oshirish kerak.

Aleksey Malashenko: "Prezident Karimovga men hurmat bilan qarayman. U O'zbekistonning ilk yillarida, hokimiyatga kelgandan so'ng va undan keyin ham, mamlakati foydasi yo'lida ko'p ishlar qildi. Biroq "metal charchadi" degan ibora bor. U qo'lidan kelgan bor ishni qildi. U hokimiyat tepasida keragidan ortiq o'tirib qoldi. Shuning uchun uning o'rniga boshqa odam kelishi kerak, biroq hozircha O'zbekistonda dadil kelib, uning o'rniga o'tira oladigan rahbar yo'q."

Vashingtondagi Jouns Xopkins Universitetida Markaziy Osiyo siyosati bo'yicha doktorlik darajasini yoqlayotgan Alisher Hamidovning aytishicha esa, O'zbekistonda siyosiy inqiroz vujudga kelgan paytda, islomiylardan ko'ra hukumatdagi ichki klanlarning hokimiyatga asosiy da'vogar bo'lishi haqiqatga yaqinroqdir.

Alisher Hamidov: "O'zbekistonda boshqa siyosiy kuchlar ham bor. Mintaqaviy kuchlar. Toshkentning o'zida ham kuchli siyosatchilar bor. Ular militsiya va boshqa xavfsizlik kuchlarini nazorat qiladi va mamlakatda inqilob yoki boshqa hol sodir bo'lgan taqdirda, hokimiyat tepasiga birinchi navbatda islomiylar emas, aynan shu kuchlar keladi."

Toshkentdagi Imom al-Buxoriy nomidagi Islom instituti rektori Abduqayum Azimov, diniy radikal guruhlarning soni va ta'siri kichik bo'lishiga qaramay, ularni hisobdan chiqarib bo'lmaydi, deydi.

Abduqayum Azimov: "Ularning soni kam. O'zbekistonning aholisi 26 million bo'lsa, o'shaning 0,005 foizini ham tashkil qilmaydi. Bular alohida bur guruhdir. Islom dinining haqiqiy mohiyatini tushunmagan odamlar, deb bilaman ularni. Biroq o'sha 0,005 foizni ham hisobdan chiqarish kerak emas. O'ylaymanki, hukumatizning hozirda olib borayotgan siyosati judayam to'g'ridir. Bu guruhlarning qanchalik kuchli deb aytish qiyin. Ichki va tashqi omillarni ham hisobga olish kerak.

Andijon Qirig'izistonga yaqin joylashgan. Qirg'izistonda ayni paytda uch mingdan ortiq nodavlat tashkilotlar bor ekan. Bular nima bilan shug'ullanyapti, odamlarga qanday ta'sir o'tkazyapti - bu bilan hech kim shug'ullanmas ekan."

Biroq qirg'izistonlik siyosatshunos, falsafa fanlari doktori Anora Tabishaliyevaning aytishicha, Qirg'izistonda siyosiy partiya va harakatlarning aynan ko'pligi hamda erkin matbuot va plyuralizmning mavjudligi mamlakatdagi barqarorlikni saqlab turgan muhim omillardandir. Va aynan shu omil islomiy guruhlarning hokimiyat tepasiga kelishining oldini oladi.

Anora Tabishaliyeva: "Qirg'izistonda ayni damda demokratik institutlar shakllangan. Mamlakatda 50 ta siyosiy partiya, 9 mingga yaqin nodavlat tashkilotlar bor. Qirg'izistonda siyosiy partiya yoki nodavlat tashkilotni qayd etish osondir. Shunga qaramay, biz mamlakatda diniy ekstremizm suratining o'sganini ko'rganimiz yo'q. Biz, olimlar, Markaziy Osiyodagi ahvolni kuzatganda, shunday bir holga duch kelamizki, mintaqaning barcha muammolari va tashvishlari negadir aynan Qirg'iziston yoki Qozog'istonda mavjud bo'ladi. Nega deysizmi? Chunki ularda aholi mamlakat ichi va tashqarisidagi axborotni ko'plab miqdorda bemalol oladi. U yerda plyuralizm bor. Muvozanatni ta'minlaydigan turli xil kuchlar bor. O'zbekiston bilan Turkmanistonda esa jimjitlik. U yerda hamma faqat hukumat ovozini eshitadi xolos. O'zbekistondagilar o'z televidenielarini "baxtli hayot aksi" deb ham atashini yaxshi bilaman."

Qiziq bir hol. Qirg'izistonda hech qanday ta'qibsiz bemalol faoliyat yuritayotgan diniy guruhlar va, xususan Hizb-ut-Tahrir, negadir aholini islomiylashtirgani yo'q hamda hokimiyat tepasiga kelgani yo'q. Bu guruhlarga mamlakatda tahdid sifatida qaralmaydi ham. Ta'qib kuchli ildiz otgan O'zbekistonda esa, hukumat aholining radikallashishida aynan shu guruhlarni ayblaydi va ularni barqarorlikka tahdid sifatida qabul qiladi.

Anora Tabishaliyeva: "Bishkekdagi tartibsizliklar davrida, Hizb-ut-Tahrir faollari vaziyatdan foydalanib, o'z g'oyalarini ilgari surmoqchi bo'lganlar. Biroq ular aholining diqqatini o'zlariga jalb etib, tarafdor yig'a olmaganlar. Chunki odamlar tanlash, o'z noroziliklarini yoki istaklarini bildirish imkoniyatiga ega. O'zbekistonni oladigan bo'lsak, biz ko'plab odamlar bilan suhbat o'tkazganmiz va shu narsani ma'suliyat bilan aytmoqchimanki, odamlar noroziliklarga sabab deb birinchi navbatda aynan iqtisodiy va ijtimoiy qiyinchiliklarga ishora qilganlar. Juda kam sonli odamlar diniy omillarni keltirganlar. Yana shuni ta'kidlash lozimki, baxtga qarshi O'zbekistonda dunyoviy muxolifat susaygan va tarqoq holatga kelgan. Uning vakillari, hattoki, Andijon voqealaridan keyin ham birlasha olmadilar."

XS
SM
MD
LG