Breaking News

Andijon voqealariga islomiy kuchlar aralashganmi?


Andijonda sodir etilgan voqealar hamon ko'plab bahslarga sabab bo'lmoqda. O'zbekiston, Rossiya va Xitoy hukumatlari Andijondagi namoyishlar va qo'zg'olon O'zbekiston ichidagi va Afg'onistondagi ba'zi diniy va siyosiy kuchlar tomonidan rejalashtirilib, amalga oshirilgan desalar, Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQShdagi xalqaro tashkilotlar va hukumatlar Andijon voqealarining islom diniga va islomiy kuchlarga aloqasi yo'q, uning sabablari mutlaq ijtimoiy va iqtisodiydir, deb kelmoqdalar. So'nggi fikrga O'zbekiston ichidagi inson huquqlarini himoyalash tashkilotlari va faollari ham qo'shilmoqdalar.

Moskva Davlat xalqaro aloqalar institutining professori va Tinchlik uchun Karnegi jamg'armasining Moskvadagi sho'basida ish olib borayotgan islom dini bo'yicha mutaxassis Aleksey Malashenkoning nazarida, Andijondagi voqealar O'zbekiston rahbariyatining mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy siyosatiga munosabati edi.

Aleksey Malashenko: "Birinchidan, Andijon voqealarining negizida O'zbekiston rahbariyatining iqtisodiy va ijtimoiy siyosati yotibdi. Bo'lib o'tgan namoyishlar O'zbekistonda hozirda hosil bo'lgan vaziyatga javobdir. Axir Andijonda oldin ham norozilik namoyishlari bo'lib o'tganku, biroq ular bu kabi qat'iy bo'lmagan. Ikkinchidan, bu noroziliklardan ustalik bilan foydalanish mumkin, biroq ulardan faqatgina islomiy guruhlarning foydalanishi shart emas. Ulardan tashqari hukumatning ichidagi, o'zining hozirdagi mavqesidan norozi ayrim siyosiy guruhlar ham foydalanishi mumkin. Masalan, Farg'ona klani. Mening tahlilim bo'yicha, islomiylar emas, balki ba'zi siyosiy guruhlar ana o'sha iqtisodiy va ijtimoiy noroziliklar yordamida Andijon voqealarini gijgijlatgan bo'lishi ham mumkin."

13 may kuni Andijonda bo'lgan va qonli voqealarga o'z ko'zi bilan guvohlik qilgan Shveytsariyaning nemis tilida chop etiladigan "Noye Syurxer Saytung" gazetasining katta muxbiri Markus Bensmanning nazarida, Andijondagi voqealarda islomiy guruhlarning qo'li borligi haqidagi bayonotlar asossizdir.

Markus Bensmann: "O'zbekiston, birinchidan, islomiy davlat emas, ikkinchidan, odamlar u yerda dindor emaslar. Shaxsan men Andijonda 13 may fojeasi kuni bo'lganimda, bironta islomiy shiorlarni eshitmadim. Hech kim "Ollohu Akbar" deb qichqirgani yo'q. Biroq shunga qaramay, O'zbekiston hukumati ularni islomiy guruhlarga aloqasi borligida aybladi. Men Afg'oniston, Tojikiston va Iroqda ham ishlaganman. U yerdagi islomiylar hamisha diniy talablarni olg'a suradilar. Andijonda esa odamlar qo'llarida Qur'on emas, O'zbekiston konstitutsiyasini ushlagan holda namoyishga chiqqan edilar. Ular "Konstitutsiya yaxshi, biroq unga amal qilinmaydi", deyishdi."

Markus Bensmann 12 may kuni 23 ishbilarmon ustidan bo'lgan suddan so'ng, prokuror bilan suhbatlashganini va prokuror unga ishbilarmonlarning diniy guruhga aloqalari borligi xolosligini, biroq ular qonunga qarshi hech qanday xilof ish qilmaganliklarini aytgan. Demak, deydi Bensmann, ular har ehtimolga qarshi, yana biron-bir jinoyat sodir etib qo'ymasliklari uchun qamalganlar. Lekin xuddi shunday tarzda, deydi nemis jurnalisti, istalgan odamni ham har ehtimolga qarshi qamoqqa tashlash mumkin.

Qirg'izistonlik siyosatshunos, falsafa fanlari doktori Anora Tabishaliyevaning nazarida, boshqa mamlakatlarda yuzlab diniy guruhlarning faoliyat ko'rsatishi mamlakatlarning barqarorligiga tahdid solayotgani yo'q.

Anora Tabishaliyeva: "Qirg'izistonda ayni paytda ajoyib bir vaziyat shakllandi. Odamlar siyosiy jihatdan tanlash imkoniyatiga egalar. Ular istalgan partiyaga a'zo bo'lishlari, partiya siyosati ularni qoniqtirmasa, o'z partiyalarini ochishlari mumkin. Men Akrom Yo'ldoshevning "Iymonga yo'l" kitobini o'qidim. Unda hukumatni tashvishga soladigan hech narsaga ko'zim tushgani yo'q. Kitobdan siyosatning hidi ham kelmaydi. AQShni oladigan bo'lsak, u yerda bu kabi diniy mavzudagi ma'ruzalar har yakshanba cherkovlarda berib boriladi."

O'zbekiston demokratik tashabbuslar markazi direktori Iskandar Hudoyberganovning aytishicha, hukumatning dindorlarni tazyiq ostiga olishi tanlagan juda xavfli yo'ldir.

Iskandar Hudoyberganov: "Tanqidga yo'l yo'q. O'zbekistonda siyosiy opponentlarga yo'l yo'q. Qolgan barcha narsa - ekstremist, fundamentalist, terrorist - bahona. Bizda qilmagan jinoyatda ham odamni ayblab, aybini isbotlamasdan, uni yo'q qilishga harakat qilishadi."

O'zbekiston hukumati va shaxsan prezident Karimovga hayrihohligi bilan G'arb olimlarining ichida ajralib turadigan Frederik Starr ham Andijon voqealarining G'arb matbuotida sharhlanishini tanqid ostiga olayotib, voqealarda Karimovning aybi yo'qligini va bunga sabab qilib Karimovning O'zbekistondagi vaziyatni va atrofidagi odamlarni to'la-to'kis nazorat etmasligini ko'rsatdi. John Hopkins Universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz Institutining direktori Ferederik Starr islomiylarning Andijon voqealaridagi ishtiroki haqida hech narsa demadi.

Ferederik Starr: "Men O'zbekistonning ichki siyosiy tuzilishini tahlil qilganimda, u yerda biz bilgan guruhlardan ham ancha kuchliroq guruhlarning mavjudligini ko'rdim. Ular mamlakat ichidagi resurslarning aksariyatini - oltin, neft, gaz, paxta va hattoki narkotiklar bozorini o'z nazorati ostiga olganlarini va Karimov ularni nazorat qila olmaslgini ko'rdim. Masalan, pul islohotini oladigan bo'lsak. Kim uni to'xtatdi? Biz aybni butunlay Karimovga qo'ygan edik. U to'xtatgan emas. U islohot tarafdori edi. Biroq hozirgi vaziyatdan foyda ko'rayotgan ba'zi kuchlar islohotni to'xtatib qo'ydi."

Moskvadagi Siyosiy axborotlar markazining direktori Aleksey Muxinning fikricha, "islom fundamentalizmi" to'qib chiqarilgan afsonadir.

Aleksey Muxin: "Islom fundamentalizmi va ekstremizmi tahdidi qandaydir darajada afsonalashtirilgan. Yaxshi bilamizki, ma'lum bir shart-sharoitlar va yordamsiz diniy ekstremizm ko'pga chidamaydi. Menimcha, mintaqada beqarorlikni texnologik ravishda ta'minlash va mazkur beqarorlikdan o'z maqsadlarida foydalanish uchun ana shu afsona qo'llab-quvvatlanmoqda. Bu ham Karimov tuzumiga, ham unga ta'sirini o'tkazmoqchi bo'lgan tashqi kuchlarga tegishlidir."

Ba'zilar, shu jumladan prezident Karimov ham, o'zbek xalqi demokratiyaga tayyor emas, chunki unga erkinliklar berilgan taqdirda, mamlakat halokat yoqasiga kelishi mumkin, deb kelgan. Hukumatning Andijondagi g'alayonlarda islomiylarning ayblashiga, ba'zilar yana bir sababni ko'rsatmoqda. Ularning fikricha, o'zbek xalqi namoyish uyushtirish va demokratiyaga o'rganmagan hamda namoyishda ishtirok etish tashqi aralashuvsiz minglab andijonliklarning hayollariga ham kelmagan bo'lar edi.

Biroq shuni eslatib joizki, so'nggi bir-ikki yil ichida Toshkent, Qo'qon, Jizzax va boshqa joylarda, asosan savdo va soliq muammolari borasida norozilik bildirish maqsadida, mayda namoyishlar o'tkazilgan. Toshkentda esa inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot va faollar hamda muxolifatchilar oldingi yillarda hayolga keltirish qiyin bo'lgan, kichik norozilik namoyishlarini tez-tez o'tkazib turadilar. Ba'zilarning fikricha, Gruziya, Ukraina va Qirg'izistondagi voqealar xalq ongida O'zbekistonda ham namoyishlar orqali adolatga erishish mumkin, degan umid uchqunini yondirgan va Andijonda odamlar namoyish uyushtirish orqali hukumat diqqatini o'z muammolariga jalb qilmoqchi bo'lganlar.

Shunday fikrlaydiganlardan biri, O'zbekistonni 1997 yili tark etishga majbur bo'lgan yozuvchi va Erk partiyasining asoschilaridan biri Safar Bekjondir. Uning aytishicha, namoyishlarga chiqish yoki "demokratiya" degan tushuncha o'zbeklar uchun yangilik emas.

Safar Bekjon: "O'zbekiston ozodlikka, erkinlikka tashna xalqlardan biri edi. 1988-yilarda boshlangan demokratik jarayonlar natijasida ko'plab tashkilotlar tuzildilar, mitinglar o'tkazila boshladi, ko'cha namoyishlari tinchgina o'tdi. O'sha paytdagi demokratiyaning ikkinchi ko'rinishi matbuot erkingligi bo'ldi. Ba'zi gazetalarning nusxalari bir milliongacha yetgan. Ko'plab erkin va mustaqil gazetalar chiqa boshladi. Demokratiyaning yana bir ko'rinishi esa saylov erkinligi bo'lgan edi. Hech qanday ro'yxatlarga qaramasdan odamlar o'z nomzodlarini saylovlarda qo'yishlari mumkin edi. Kommunistik Partiyaga qarama-qarshi fikrlaydigan odamlar Oliy Sovetga kirdilar va u yerda o'zlarining fraktsiyalarini tuzdilar. Fraktsiyalar esa, o'z navbatida, Moskva va Toshkent rejimlariga qarshi bemalol parlamentda fikr bildirganlar. O'zbekiston aholisi erkinlikka, demokratiyaga va ochiq saylovlarga tayyor ongli va ziyoli xalqdir."

Qirg'izistonlik siyosatshunos Anora Tabishaliyevaning aytishicha, O'zbekiston demokratlashtirishda Qirg'iziston tajribasidan o'rgansa bo'ladi.

Anora Tabishaliyeva: "Qirg'izistonga kelayotgan ko'p o'zbekistonliklar mamlakatlarida amalga oshirish mumkin bo'lmagan narsalarning Qirg'izistonda osonlikcha ishlab ketishidan hayratga tushadilar. O'z fuqarolik jamiyatini qurib, rivojlantirish - O'zbekistonni demokratlashtirish formulalaridan biridir. Ommaviy axborot vositalariga erkinlik berish kerak. Bugungi kundagi asosiy tahdid islom ekstremizmi emas, balki iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar hamda jamiyatni siyosiy liberallashtirishdir."

XS
SM
MD
LG