Andijondan keyingi O'zbekiston


Vashingtonda inson huquqlarini himoya qiluvchi hamda so'z erkinligini targ'ib qiluvchi qator tashkilot vakillari "Andijondan keyingi O'zbekiston" mavzusida davra suhbatini o'tkazdilar. Ishtirokchilar, asosan, Andijon voqealaridan keyin turli xil nodavlat tashkilotlar va mustaqil jurnalistlarga nisbatan O'zbekiston hukumatining tazyiqi oshganini muhokama qildilar.

Ishtirokchilarning barchasi yakdillik bilan bir fikrga qo'shildilar. U ham bo'lsa, Andijon otishmalaridan keyin mamlakatda erkin fikrlaydigan tashkilot va insonlarning ahvoli yanada murakkablashdi - qator jurnalistlar tazyiq ostiga olindilar, ba'zilari mamlakatni tark etishga majbur bo'ldilar, ayrim mahalliy va xalqaro tashkilotlar hukumat tomonidan yopildilar.

Human Rights Watch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha dasturi direktorining o'rinbosari Reychel Denberning aytishicha, O'zbekiston tarixida o'zgacha firklaydiganlar hech qachon toqat qilinmaganlar. Andijon voqealaridan keyingi yoppa tazyiq ikkita maqsadga ega bo'lgan, deydi Reychel Denber.

Reychel Denber: "Andijon voqealaridan so'ng hukumatning otishmalar bo'yicha qilgan xulosasiga to'g'ri kelmagan axborot yo'q qilina boshladi. Voqealarga nisbatan o'z fikrini bildirgan yoki voqealarga shaxsan guvoh bo'lib, axborotni boshqalar bilan o'rtoqlashgan odamlar ta'qib qilindi va jazolandilar. Hukumatning tazyiqlardan ikkinchi maqsadi esa - mahalliy fuqarolik jamiyatidan kelayotgan tanqidni yo'qotish. Chunki hukumat fuqarolik jamiyatiga gumon bilan qaraydi hamda mustaqil fuqarolik harakatlari, mustaqil siyosiy partiyalar, jurnalistlar va inson huquqlarini himoya qilish faollarini o'ziga tahdid deb biladi."

AQShda safar bilan bo'lib turgan va davra suhbatini tinglash uchun kelgan Toshkentdagi nodavlat tashkilotlarning rahbarlaridan birining xabar berishicha, hozirda ularning ham tashkilotlari yopilish arafasida va hukumat ularga fuqarolik jamiyatini qurishga qaratilgan faoliyatlarini chetga qo'yib turishni hamda uning o'rniga biznes bilan shug'ullanishni tavsiya qildi.

Yopilayotgan har bir nodavlat tashkilot o'rniga davlatning o'zi yangi tashkilot tuzmoqda, shuning uchun tashqaridan son jihatdan nodavlat tashkilotlarning kamayganini ko'rmaysiz, deydi ismini oshkor etishni istamagan bu odam.

Davra suhbati ishtirokchilari O'zbek rasmiy matbuotida so'nggi paytda Andijondagi
voqealarning tagiga yetmoqchi bo'lib, voqealar bo'yicha hukumat bergan axborotdan o'zgacha axborotni bergan mustaqil jurnalist va tashkilotlarga nisbatan ig'vo, asossiz ayb qo'yish va yomon otliqqa chiqarish kuchayganini ham alohida ta'kidladilar. Ozodlik radiosi O'zbek xizmatining sobiq rahbari Adolat Najimovaning taxmin qilishicha, o'zbek matbuotidagi bu kabi jarayon orqasida O'zbekiston hukumatiga yordam qo'lini cho'zgan rossiyalik professional jurnalistlar va siyosiy texnologlar turishi mumkin.

Ma'lumki, Internyusning Toshkentdagi bo'limining ikki vakili sudga berilgan edi. Internyus tashkilotining ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish dasturining direktori Jorj Papayannisning fikricha, bu jarayonning tagida jinoiy emas, balki siyosiy sabablar yotibdi. U, shuningdek, O'zbekistonda ma'lum bir paytgacha ishlab kelgan nodavlat tele va radio stansiyalarning majburlanib, davlat nazorati ostidagi nodavlat elektron ommaviy axborot vositalari uyushmasiga kirganliklarini ham ma'lum qildi.

Jorj Papayannis: "Gruziya, Ukraina va Qirg'izistondagi xalq chiqishlaridan keyin O'zbekistondagi vaziyat yanada yomonlashdi va tazyiq kuchaydi. Mustaqil matbuot O'zbekistonda endi yo'q. Senzura qog'ozda yo'qolgani bilan, tazyiqning yangi ko'rinishlari yuzaga chiqdi."

Suhbatda ishtirok etgan Jurnalistlarni himoyalash xalqaro qo'mitasining Vashingtondagi sho'basi vakili Frenk Smaytning aytishicha esa, hukumatni tashvishga solayotgan narsa bu o'zbekistonlik fuqarolik jamiyatini qurish bilan shug'ullanayotgan tashkilotlarning chet-ellik hamkorlari bilan birgalikda ishlashlaridir. Janob Smayt tashkiloti tayyorlagan hisobot bilan o'rtoqlashar ekan, unga ko'ra O'zbekiston jurnalistlarni ozodlikdan mahrum qilish bo'yicha birinchi o'rinda turgan mamlakat ekanligini ma'lum qildi.

Frenk Smayt: "Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti va boshqa tashkilotlarning O'zbekiston qonunlari, va xususan, matbuot qonuni bo'yicha qilgan hisobotlarini o'qisangiz, bir narsaga amin bo'lasiz: o'zbek qonunlari aslida yomon yozilmagan, biroq muammo - ularning tatbiq etilishidadir."

Diniy erkinlikarni kuzatib, targ'ib etuvchi xalqaro tashkilotning prezidenti Lorens Uzzel
eng so'nggi misol qilib, yaqinda Toshkent aeroportida ikki kun ushlab turilib, so'ngra
deportatsiya qilingan rossiyalik jurnalist Igor Rotarni ko'rsatdi.

Lorens Uzzel: "Igor Rotar qaynoq nuqtalarga ishqivoz jurnalistdir. Andijon voqealaridan so'ng, O'zbekiston ana shunday qaynoq nuqtaga aylangan. Agar O'zbekiston normal, demokratik va erkin davlat bo'lganida edi, Igor unga qiziqmagan bo'lar edi, shu sabab O'zbekiston hukumati uchun Igordan qutilishning eng yaxshi yo'li - ana shunday davlatga aylanish."

Rossiya hukumatining Igor Rotarga yordam qo'lini cho'zmaganligi, dedi janob Uzzel, uning o'z fuqarolariga nisbatan munosabatini yaqqol ko'rsatdi. Shuning uchun u Rossiyaning Boltiq bo'yi mamlakatlarini etnik ruslarga nisbatan munosabatini qoralashini ikki yuzlamachilik, deb atadi.

So'zining yakunida, janob Uzzel O'zbekistonni to'g'ri yo'lga solish oson ish emas, dedi.

Lorens Uzzel: "Biz O'zbekistonning bir kechada Shveysariyaga o'xshab ketishini kutmasligimiz kerak, biroq O'zbekistonning hech bo'lmaganda to'g'ri yo'nalishda harakat qilayotganiga guvoh bo'lishimiz zarur. O'zbekistonning hozirdagi yo'nalishi noto'g'ri. Hech bo'lmaganda O'zbekiston Qozog'iston darajasiga yetganida ham, buni muvaffaqiyat deb atasa bo'lar edi."

XS
SM
MD
LG