BMT Inson taraqqiyoti ko'rsatkichi hisoboti:O'zbekiston


Ma'lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti har yili dunyo bo'ylab inson taraqqiyotiga doir hisobotini chiqaradi. So'nggi chiqqan hisobotga ko'ra, Quyi-Saxara hamda sobiq Sovet Ittifoqining ba'zi mamlakatlarida turmush darajasi so'nggi 15 yil ichida yomonlashgan. Hisobotda o'rganilgan 177 mamlakatlar ichida Norvegiya birinchi pog'onani egallab turibdi. AQSh esa 10-o'rinni egallagan. Qurg'oqchilikdan aziyat chekayotgan Niger esa turmush darajasi bo'yicha so'nggi, 177-o'rinda ekan.

Inson taraqqiyoti ko'rsatkichi hisobotidagi har bir davlatning reytingi undagi o'rtacha daromad, o'rtacha umr uzoqligi hamda ta'lim saviyasiga qarab baholanadi. Unga ko'ra, jahonning 18 eng qashshoq mamlakatlarida yashaydigan jami 460 millionlik aholining hayoti 15 yil ilgarigi vaziyatga qaraganda ancha yomonlashgan. Aynan 15 yil ilgarigi BMT o'zining ilk inson taraqqiyoti hisobotini chiqargan edi. Ana shu 18 davlatning 12 tasi Afrikaning Quyi Saxarasida joylashgan.

Yana olti mamlakatning ahvoli esa 1990 yillardan buyon, Sovet Ittifoqi qulagach, yomonlasha borgan. Bular MDHga a'zo davlatlardir. Hisobotning siyosat bo'yicha bosh maslahatchisi va muvofiqlashtiruvchisi Setsiliya Ugazning aytishicha, reytingda Tojikiston 21 punkt, Ukraina 17 va Rossiya 15 punkt pastga tushgan.

"Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligida jon boshiga daromad balandroq. Biroq muammo shundaki, so'nggi yillarda, ayniqsa Rossiyada, MDH mamlakatlarida o'lim darajasi keskin ko'tarilgan. Fuqarolarining o'rtacha umr ko'rish darajasi qisqargan, ayniqsa erkaklar orasida," deydi Setsiliya Ugaz.

Masalan, Inson taraqqiyoti ko'rsatkichi hisobotiga ko'ra o'rtacha umr uzoqligi 62 yosh bo'lgan Rossiyada, ko'rsatkich 59 yoshga tushgan. Garchi O'zbekistonda savodxonlik darajasi 99.3 foizni tashkil etsada, Inson taraqqiyoti hisoboti bo'yicha, O'zbekiston 107 o'rindan bu yili 111 o'ringa tushgan.

XS
SM
MD
LG