Breaking News

Yevropa Parlamentidagi sotsialistlar va O'zbekiston


Andijon voqealaridan roppa-rosa to'rt oy o'tgach, Yevropa Parlamentidagi yetti siyosiy guruhning biri, Sotsialistlar fraksiyasi, parlamentning seshanba kungi yig'ilishida Yevropa Ittifoqi 13 may qirg'ini bo'yicha mustaqil tergovning o'tkazilishiga ruxsat bermagan O'zbekiston hukumatiga nisbatan hech qanday choralarni ko'rmaganlikda, aybladi. Bu haqida 732 a'zolik Yevroparlamentda Yevropa Ittifoqiga a'zo 23 mamlakatning 201 deputatidan iborat xabar qildi.

O'zi avstriyalik bo'lgan va Yevropa Parlamentining qator qo'mitalarida faoliyat yuritayotgan Yoxannes Svobodaning fikricha, Andijon voqealaridan keyin O'zbekiston hukumatiga do'q-po'pisa qilgan Yevropa Ittifoqining so'nggi bir-ikki oy ichida negadir faolligi so'ngan. O'zbek hukumati Andijondagi namoyishchilarga qarshi ayovsiz o't ochgan, deya tanqid ostiga olarkan, janob Svoboda O'zbekiston hukumatiga nisbatan qattiqroq choralarning ko'rilmaganidan hayron ekanligini aytdi. O'zbekiston hukumati, dedi u, mustaqil tergov o'tkazish haqidagi Yevropa Parlamentining talabini hamkorlik shartnomasini to'xtatish to'g'risidagi ogohlantirish yoki Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus elchining tayinlanishiga pisand qilmay, rad etdi.

Yoxannes Svoboda: "Sotsial-demokratlar O'zbekistonda sodir bo'lgan fojeadan ranjiganlar va biz buni yoddan chiqarishni hech ham istamaymiz. Shuning uchun biz yozma ravishda Yevropa Kengashiga murojaat etib, shu paytgacha Karimov hukumatiga nisbatan qanday choralar ko'rilganini va bundan keyin qanday choralar ko'rilishi rejada ekanligini hamda O'zbekiston hukumatiga qanday diplomatik bosim, shu jumladan janob Kubish tomonidan, o'tkazilganligini so'radik. Biz Yevropa Kengashi prezidenti va Yevropa Ittifoqi rahbariyatiga bosim o'tkazib, O'zbekistondagi siyosiy tuzumning o'zgarishiga qattiqroq yondashishlarini talab qilmoqchimiz. Chunki biz nodemokratik tizimga ega O'zbekistonning biz bilan hamkor bo'lishiga qarshimiz."

Janob Svoboda, Yevropa Ittifoqining harakatlari nima uchun sustlashganini aniq aytib bera olmadi. U faqatgina, o'rtaga Qo'shma Shtatlar yoki Ittifoqning prezident Karimovga hayrihoh vakillari qo'shilgan bo'lishi mumkin, deya faraz qildi xolos. Chunki uning nazarida, Afg'onistondagi xalqaro terrorga qarshi amaliyotlarda O'zbekistonning yordami hali ham kerak.

Yevropa Ittifoqining qarorlar chiqaradigan Yevropa Kengashi Andijon voqealaridan keyin maxsus bayonot chiqarib, unda O'zbekiston hukumatiga 1 iyulgacha muxlat bergan edi. Agar O'zbekiston hukumati 1 iyulgacha mustaqil tergovning o'tkazilishiga ruxsat bermasa, Yevropa Kengashi qator diplomatik sanksiyalar qo'llashga va'da qilgan edi. Biroq, deydi janob Svoboda, 1 iyuldan keyin Yevropa Kengashi negadir jimib ketdi.

Yoxannes Svoboda: "Agar biron-bir shart qo'yilsa yoki do'q-po'pisalar qilinsa, ikkilanmay harakat qilish kerak. Biroq na Kengash, na Ittifoq va na Yevropa Komissiyasi dadil harakat qildi. Ammo biz buni qabul qila olmaymiz. Chunki bir masalada yumshoq va boshqa masalada qattiq bo'lish mumkin emas. Afg'onistondagi vaziyatni deb, O'zbekistondagi vaziyatni butunlay qo'ldan chiqarish mumkin emas."

Janob Svoboda sotsialistlar Yevropa Parlamentidagi boshqa olti siyosiy guruh bilan bu borada maslahatlar olib borishlarini va ularni ham Yevropa Kengashiga bosim o'tkazishga undashlarini aytdi. Uning ma'lum qilishicha, parlamentdagi deyarli barcha guruhlar ularni bu masalada qo'llab-quvvatlaydilar.

Markaziy Osiyo parlamentlari bilan hamkorlik qilishga javob beradigan a'zosi hamda yetti siyosiy guruhning yana biri, Liberallar va Demokratlar Ittifoqi guruhining a'zosi Ona Yuknavichenya ham janob Svoboda bildirgan fikrni qo'llab-quvvatladi. Yevroparlamentda 20 a'zo davlatning 89 deputatidan tashkil topgan Liberallar va Demokratlar Ittifoqi Andijon voqealariga nisbatan Yevropa Parlamenti chiqargan hamda Andijonda inson huquqlarining poy-mol etilganini tanqid ostiga olgan ikkala bayonotga ham mualliflik qilgan.

Asli litvalik bo'lgan Yuknavichenya xonimning aytishicha, o'tgan haftada u Strasburgda O'zbekistonning Yevropa Ittifoqiga elchisi Vladimir Norov bilan uchrashgan hamda uchrashuvda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik va sheriklik shartnomasi doirasida O'zbekistonga parlament guruhi tashrif buyurishni rejalashtirganini ma'lum qilgan. Guruh, shuningdek, Andijonga ham borishni va u yerda qator nodavlat tashkilot va shaxslar bilan uchrashishni mo'ljallagan edi. Biroq Yuknavichenya xonimning aytishicha, elchi Norov buning imkoniyati yo'qligini aytgan. Undan so'ng Yevropa Parlamenti O'zbekiston hukumatiga rasmiy xat bilan murojaat etgan, biroq hali javob kelganicha yo'q. Shunga qaramasdan, Yuknavichenya xonimning aytishicha, javob salbiy bo'lishi kutilmoqda.

Ona Yuknavichenya: "Xabaringiz bor, Yevropa Kengashi tomonidan Markaziy Osiyoga elchi etib tayinlangan Yan Kubish yaqinda O'zbekistondan qaytib keldi. U safari haqida va Toshkentdagi uchrashuvlari haqida hisobot tayyorlagan va uni tez orada taqdim etadi, biroq mening axborotim bo'yicha, hisobotda optimistik ruhga ishonch yo'q. Shu asosda Yevropa Parlamenti delegatsiyasining oktyabr oyiga mo'ljallangan O'zbekistonga tashrifi bekor qilindi va tez kunlarda rasman e'lon qilinadi.

Yuknavichenya xonim Andijon voqealaridan so'ng qo'shni Qirg'izistonga safar qilgan va u yerdagi qochqinlar bilan uchrashib, voqealarning tafsilotlarini o'rgangan.

Ona Yuknavichenya: "Men a'zolik qilayotgan siyosiy fraksiya Yevropa Parlamenti Andijondagi voqealarga nisbatan aniq pozitsiyaga ega bo'lishi kerak, deb hisoblaydi. Biz O'zbekiston hukumatining o'z aholisini otishdek xulqini qabul qila olmaymiz."

Ona Yuknavichenya nazarida, Andijonda endilikda tergovni o'tkazishning foydasi yo'q, chunki hukumat va xavfsizlik kuchlari barcha dalillarni yo'qotishga ulgurishgan.

Ona Yuknavichenya: "Ular odamlarni elakdan o'tkazishmoqda. Andijon voqealariga guvoh bo'lganlarni topib, ular bilan suhbat o'tkazib, ularni axborotni tarqatmaslik haqidagi qog'ozga imzo chekishga majburlamoqdalar."
END ACT

Yevropa Parlamentidagi Liberallar va Demokratlar Ittifoqi fraksiyasining a'zosi Ona Yuknavichenyaning fikricha, Yevropa Kengashi O'zbekiston hukumati va prezident Karimovga qarshi turli xil choralarni ko'rishi mumkin. Va Kengash qaror chiqarganda, parlament uni qo'llab-quvvatlaydi.

XS
SM
MD
LG