Shirin Akiner: Andijonda aslida nima bo'lganini hech kim bilmaydi


Shu yilning 13 may kuni Andijonda aslida nima yuz bergani O’zbekiston hukumati va xalqaro hamjamiyat tomonidan turlicha talqin etilishda davom etmoqda. Shu kunlarda Vashingtonda joylashgan Jons Xopkins Universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkazshunoslik instituti britaniyalik olima Shirin Akinerning “Andijondagi xunrezlik: mustaqil xulosa” nomli tahlilnomasini chop etdi. Kuni kecha Shirin Akiner AQSh poytaxtiga tashrif buyurib, katta bahslarga sabab bo’lgan xulosasini Amerika ilm ahli oldida himoya qildi. Tafsilotlar bilan Amerika Ovozi jurnalistlari Navbahor Imamova va Odil Ruzaliev suhbatida tanishing.

Ruzaliyev: Navbahor, bilamizki, Andijonga chet el jurnalistlari yoki vakillari kiritilmayotgan bir paytda, ya’ni xunrezliklardan o’n kun o’tib, O’zbekiston hukumatiga nisbatan ijobiy munosabati bilan Shirin Akinerning Andijonga borgani va bu borada hukumat talqiniga mos tushuvchi xulosa yozgani, xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin tanqid ostiga olingan edi. Akinerga Vashingtondek, Karimov siyosatiga salbiy qarovchi, maskanga kelib, ma’ruza qilish qiyin kechmadimikan?

Imamova: Ma’ruzani tinglagan va ommaning Shirin Akinerning xulosasiga nisbatan qanday munosabatda ekanini kuzatgan kishi sifatida shuni aytamanki, Markaziy Osiyo, jumladan O’zbekiston bilan yaqindan tanish olima Andijon voqealari haqidagi tahlilnomasini jon-jahdi bilan himoya qildi. Kichik jussali, qorachadan kelgan, qora sochli, o’rta yoshli, ko’rinishidan oddiy o’zbek ayolini eslatuvchi, burro tilli va har bir gapini ilmiy jihatdan tarixiy faktlarga asoslovchi olima Andijondagi xunrezliklar uning nazarida qanday kechganini tasvirlar ekan, jumladan shunday dedi:

Akiner: "Fikrimcha, biz Andijonda nima bo’lgani haqida bitilgan har bir ma’lumotga tanqidiy nazar bilan qarashimiz lozim. Jumladan, mening tahlilimga, O’zbekiston hukumatining talqiniga va shu bilan birga xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari tashkilotlarining tahlillariga ham. Chunki, asl haqiqat hech kimga ma’lum emas. Turli sabablarga ko’ra, hammamizning tahlilimiz qaysidir jihatdan asossizdir."

Imamova: Shirin Akiner inson huquqlari tashkilotlati chiqargan xulosalarni dalilsiz, bir yoqlama, noxolis ravishda yozilgan ma’lumotlar deb rad etadi. Lekin Akiner xonimning o’zi ham xulosasini Andijondagi bir kunlik tekshiruviga asoslanib yozgan. Voqeani o’z ko’zi bilan ko’rgan odamlarga to’liq ishonish yaramaydi, deydi Akiner xonim. Biroq uning o’zi ham tahlilida ana shu guvohlarga tayanadi. Olima, bunga javoban, “Men bor imkoniyatdan foydalanib, vaziyatdan kelib chiqib, shaxsiy taasurotlarimni yozgandim, bu ilmiy tadqiqot ishi emas edi,”- deydi.

Akiner: “Men Andijonga tergovchi sifatida bormadim. Men O’zbekistonga rejalangan bir anjuman ishi bilan borgandim.”

Imamova: Qirg’izistondagi qochqinlarchi? Nega ularning taqdiri bilan qiziqmadingiz, deb so’rar ekanmiz, Akiner xonim:

Akiner: “Qirg’izistondagi qochqinlar bilan gaplashish xayolimga ham kelmadi. Qiziqishim ham, niyatim ham yo’q edi. Men faqatgina Andijonga borib, nima bo’lganini surishtirgan odamman.”

Ruzaliyev: Olima Qirg’izistonga qochgan o’zbekistonliklar haqida qanday fikrda? Chunki, biz o’qigan xulosalarning barchasi ana shu qochqinlardan olingan ma’lumotlarga asoslangan. Nahotki, Andijonda oddiy odamlar bilan gaplashdim, deb yozgan olima, bolalar, ayollar va yoshlardan tashkil topgan qochqinlar guruhini yolg’onchi deb hisoblasa?

Imamova: Gap shundaki, Shirin Akiner qochqinlarga shubha bilan qaraydi. Har qanday qochqinning sizga ma’lumot berishi ortida jiddiy sabablar bor. Unda ularning manfaati yotadi. Ular xalqaro hamjamiyatning ular chekkan azob-uqubatga ishonishini istaydilar, deydi olima.

Akiner: “Qochqinlarning qiynalganiga shubham yo’q. Lekin ularning har bir gapini elakdan o’tkazmasa bo’lmaydi. Toshkentdaligimda menga, “bu qochqinlarga Ga’rbdan siyosiy boshpana va’da qilishgan,” –deyishayotgan edi. Ishonmadim, chunki dunyoda qochqin ko’p, ularga siyosiy boshpana va’da qilishga hammaning haddi si’gavermaydi. Quruq shov-shuv, deb o’yladim. Londonga qaytishim bilan, eshitdimki, ularga rosti bilan boshpana va’da qilingan ekan. Bu adolatsizlik. Chunki, jahonda begunoh odamlar azob chekmoqda. Boshpanasiz qiynalayotgan odamlar qancha. Biz ularga rad javobini beramiz, lekin o’zbekistonlik qochqinlarga eshik ochilyapti.”

Imamova: Qochqinlarga nisbatan shubhamning yana bir sababi, deydi Akiner xonim, ularning 400 nafari yosh yigitlar, atigi 80 ga yaqini xotin-qizlar va bolalar. "Odatda qochqinlar deganda norasida ayollar va bolalarni ko’ramiz. Bu haqiqatni ham chuqur o’rganmasa bo’lmaydi,"- deydi Akiner.

Akiner: "O’zbekiston hukumati, biz bu odamlarni chegaradan o’tkazdik, deyishadi, agar istashmaganida to’xtatishgan bo’lardi. O’zbekiston chegarachilari ahmoq emas. Qirg’izistonda bo’lganimda, rasmiylari menga bu yosh qochqinlardan bir necha qurol topganlarini aytishdi. Keyin esa so’zlaridan qaytib, bu o’zbekistonliklarga xalqaro qonunlarga binoan qochqin sifatida qaray boshlashdi. Ularning boshida nima deganini isbotlash mumkin. Xullas, o’zbekistonlik qochqinlarga yordam berilmasin, demayman, ammo ularning kimligini izchil o’rganmaslik xatodir."

Ruzaliyev: Navbahor, Shirin Akiner, G’arb matbuotiga, no-hukumat tashkilotlariga va umuman xalqaro hamjamiyat nomidan gapiruvchi tomonlarni keskin tanqid qilib keladi. Ana shu xalqaro hamjamiyat Akinerni ham O’zbekiston hukumatining Ga’rbdagi himoyachisi, oqlovchisi deb biladi. Akiner va Karimov hukumatining ashaddiy tanqidchilari o’rtasida o’ziga xos jang maydoni vujudga kelgan, shunday emasmi?

Imamova: Xuddi shunday. O’zbekistonda quchoq ochib kutib olinadigan olimani Vashingtonda ko’pchilik subutsiz tahlilchi, deb qabul qilinadi. Ma’ruzaning savol-javob qismida, hatto ba’zilar ochiqchasiga, “sizning yozganingiz tahlil emas, quruq safsata,” dedi. Boshqalar esa, Akinerning Andijon voqealari bo’yicha tahlilini “klassik tadqiqot” deb maqtagan professor Frederik Starni, ya’ni Markaziy Osiyo va Kavkazshunoslik instituti direktori va Vashingtonda O’zbekiston hukumatini himoya qilishda tanilgan olimning asl maqsadlariga shubha bildirishdi. O’zbekistonni yaqindan o’rgangan har ikkala olim esa G’arb O’zbekistondagi ahvolni baholashga shoshmoqda, muammo O’zbekiston hukumatida emas, gap mamlakatning azaliy muammolarini yechishda, unga kerakli yordamni berishda, deb tortishadilar.

Akiner: “O’zbekistonni chetga chiqarish hech kimning manfaati uchun xizmat qilmaydi, na O’zbekistonning, na G’arbning. O’zbekistonda ijobiy o’zgarishlar bo’lishini istaydigan odamlar bor. Ular murosa qilishga tayyor.”

Imamova: Uning nazarida, G’arb siyosati yirik no-hukumat tashkilotlari, yetakchi xalqaro tashkilotlar beradigan tahlilga qarab shakllanadi. "Ular beshinchi hokimiyat,"- deydi Akiner, "Ana shu beshinchi hokimiyat G’arbga O’zbekistondagi asl ahvolni tushunishga yo’l bermayapti."

Xuddi, O’zbekiston hukumati chet el matbuotini Andijondagi voqealarni tushunib yetmasdan, shoshib, bo’rttirib yoritganlikda tanqid qilganidek, Shirin Akiner ham xalqaro axborot vositalarini sensatsiya ketidan chopganlikda, haqiqatni bilishga urinmay, xom xulosa qilganlikda ayblaydi. Aytish kerakki, xalqaro matbuot ham, o’z o’rnida, Akinerning tahlilini xom, muvozanatsiz va noxolis shaklda bitilgan qog’oz, deb tasvirlaganiga guvohmiz.

Ruzaliyev: Rahmat, Navbahor, bu mavzuga kelajakda yana hali ko’p marta to’htalsak, ajabmas.

XS
SM
MD
LG