Senatorlar Pentagonning O'zbekistonni moliyalash qaroriga qarshi


Nufuzli gazetalardan biri Vashington Postda "Pentagon O’zbekistonning havo bazasidan foydalangani uchun millionlab dollar to’lamoqchi" nomi ostida maqola chiqdi. Unda aytilishicha, Pentagon, ya'ni AQSh Mudofaa vazirligi, Kongressning e’tirozlariga qaramasdan, O'zbekistondagi Xonobod avia-bazasidan foydalangani uchun 23 million dollar to’laydi.

Maqolaga ko’ra, bunga javoban, olti nafar senator kecha AQSh Mudofaa vaziri Donald Ramsfeldga chuqur e’tiroz xati yo’llagan. "O’zbekistondagi rejim askarlarimizdan mamlakatni tark etishni so’radi, Andijonda yuzlab kishilarni qirdi va bir necha masala yuzasidan AQSh tashvishlariga e’tibor bermayapti," – deyiladi xatda. Senatorlar nazarida, soliq to’lovchilarning millionlab dollar pulini ana shunday hukumatga berish, AQShning mintaqaga nisbatan siyosatini zaiflashtiradi va ojizlik belgisi sifatida qabul qilinadi.

Pentagon to'lov masalasini hal qilgan bo’lsada, AQSh Davlat departamenti O’zbekistonga harbiy tayyorlov kurslari va almashinuv dasturlari uchun ajratilgan - ammo kechiktirib kelinayotgan pulni berishga yo’l qo’ymayapti. Davlat departamenti so’zlovchisining gazetaga aytishicha, O’zbekistonga pul turli maqsadlarda ajratiladi. Bazadan foydalanish uchun to’lashimiz mumkin, deydi so’zlovchi, lekin O’zbekistondagi inson huquqlari ahvolining salbiyligi sabab, ba’zi boshqa moliyaviy yordam turlari bekor qilinadi.

Nyu York Tayms gazetasida "O’zbekistonlik qochqinlar mamlakatda qolgan yaqinlaridan tashvishda" sarlavhasi ostida katta maqola chop etildi. Unda hozirda Rumyniyaning Timisoara lagerida yashayotgan 439 o’zbekistonlikning hayoti, ular Qirg’izistonda yuzlashgan muammolar yoritiladi. Gazeta suhbatga tortgan qochqinlarning aytishicha, ular O’zbekistonda qolgan yaqinlarining hayotidan tashvishda, chunki bizni mamlakatga qaytarish uchun, deydi ular, O’zbekiston hukumati yaqinlarimizga do’q-po’pisa qilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining talabi bilan maqolada ismi berilmagan qochqinlarning aytishicha, hukumat Andijon voqealariga guvoh bo’lganlarni va bu boradagi dalillarni yo’q qilmoqchi.

Inson huquqlari bo’yicha Hyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) xalqaro tashkilotining bugun chiqqan tahlilnomasiga ko’ra, O’zbekistonda otishmalardan omon qolgan 4,500 kishi va ularning yaqinlari hibsga olingan, ulardan o’nlab nafari so’roq qilingan, qiynoqqa solingan va namoyishda qatnashganlikni bo’yniga olishga majbur qilingan. Tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha direktori, Reychel Denberning Nyu York Tayms gazetaga aytishicha, O’zbekiston hukumati guvohlarning ovozini o’chirishga urinmoqda.

Rumyniyadagi o’zbekistonlik qochqinlar bilan uchrashgan maqola muallifi Nikolas Vudning yozishicha, ular yashayotgan lagerda hech qanday Islomiy ekstremizm belgilari kuzatilmaydi. Lagerda yurar ekansiz, deydi u, odamlar shaxmat o’yinlari, futbol, tikish va bichish hamda ingliz tili darslari bilan band. Maqolaga ko’ra, qochqinlar ularga boshpana berishga rozilik bergan g’arb mamlakatlariga ko’chirilishdan oldin, Rumyniyada yana bir necha oy qo’ladi.

Vashington Tayms gazetasida "AQSh-Turkiya aloqalarini tiklash uchun har ikki tomon nima qilishi mumkin" sarlavhasi ostida AQSh Tashqi Siyosat Kengashining vitse-prezidenti Ilan Bermanning sharxi chop etildi. Bermanning fikricha, 2003 yilda Tukiya AQShning Iroqqa qarshi urushida hamkorlik qilishdam bosh tortganidan beri, AQSh-Turkiya aloqalari ancha salbiylashgan edi. Endilikda, deydi u, aloqalarni tiklash uchun imkoniyat bor.

Eronning yadro dasturi atrofidagi xalqaro tortishuvlar avjiga chiqar ekan, deydi muallif, Anqaraning bu borada qanday strategik qarorlar qabul qilishi, Turkiya va AQSh aloqalarini ijobiylashtiradi yoki aksincha salbiylashtiradi.

Janob Bermanga ko’ra, 2002 yilda Turkiyada Adolat va Taraqqiyot Islomiy partiyasining hokimiyat tepasiga kelganidan beri, Eron-Turkiya munosabatlari ancha yaxshilangan. Ammo, deydi Berman, sobiq Sovet Ittifoqi maydonida nufuzga erishish borasida ikki davlat orasida 1990 yillarda boshlangan raqobat hali ham davom etmoqda.

AQSh esa, deyiladi sharxda, sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlarida haqiqiy plyuralizmni targ’ib qilish borasida hech qanday jiddiy rejalarni oldinga surmagan, va Anqaraning Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin etnik va tarixiy aloqalarini hisobga olgan holda, Turkiyaning bu siyosatda qanday rol o’ynashi mumkinligi hisobga olinmagan.

XS
SM
MD
LG