Xyuman Rayts Votch tashkiloti Andijon voqealari bo'yicha sudning xolis bo'lishiga ishonmaydi


May oyida Andijondagi isyonda ishtirok etganlikda ayblanayotgan va 20 sentyabr kuni ishlari sudda ko’rila boshlagan 15 kishi ularga qo’yilgan aybni o’z bo’yniga oldi. Ayblanuvchilarning uch nafari Qirg'iziston fuqarolaridir. Xyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotining Moskvadagi bo’limi direktori muovini Aleksandr Petrov nazarida, Toshkentda o’tayotgan sud jarayoni adolatdan xoli bo’ladi.

Aleksandr Petrovning aytishicha, bunday xulosaga O’zbekiston hukumatining tergov o’tkazish uslubi va namoyishchilarga o’t ochgan hukumat qo’shinlarining javobgarlikka tortilmagani yaqqol dalildir.

Aleksandr Petrov: "Muammo shundaki, birinchidan, tergovlar, ushlanishlar, hibsga olishlar xalqaro andozalarga qarama-qarshi, qator qonunbuzarliklar bilan amalga oshirilgan. Ikkinchidan esa, hukumat qirg’inda ishtirok etgan mahalliy militsiya va xavfsizlik qo’shinlarining ayblarini yashirishga harakat qilmoqda."

O’zbekiston hukumati adolatli bo’lib ko’rinishi uchun Andijonda haqiqatda nima sodir etilganligini aniqlash maqsadida xalqaro tergov guruhiga imkoniyat yaratishi kerak, deydi janob Petrov. Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi yana bir xalqaro tashkilot Amnesti Interneshnl (Amnesty International) ham ana shunday chaqiriqlar bilan chiqqan. Biroq prezident Karimov bu ehtimolni yo’qqa chiqardi.

Amnesti Interneshnl 20 sentyabr kuni sud jarayoni borasida matbuotga o’z bayonotini tarqatdi. Unda “Haqiqat qamalda. O’zbekiston hukumati Andijonda haqiqatda nima sodir bo’lganligini afkor-ommaga ma’lum bo’lishining oldini olmoqda,” deyiladi.

Yevropa Parlamentining Markaziy Osiyo parlamentlari bilan hamkorlik qilishga javob beradigan qo’mita a’zosi hamda Yevroparlamentdagi yetti siyosiy guruhning biri, Liberallar va Demokratlar Ittifoqi guruhining a’zosi Ona Yuknavichenya nazarida, Andijonda endilikda tergovni o’tkazishning foydasi yo’q, chunki hukumat va xavfsizlik kuchlari barcha dalillarni yo’qotishga ulgurishgan.

Ona Yuknavichenya: "Ular odamlarni elakdan o’tkazishmoqda. Andijon voqealariga guvoh bo’lganlarni topib, ular bilan suhbat o’tkazib, ularni axborotni tarqatmaslik haqidagi qog’ozga imzo chekishga majburlamoqdalar."

Xyuman Rayts Votchning bu borada yangi chop etilgan hisobotida, militsiya va xavfsizlik kuchlari hibsga olingalarning ko’plarini qattiq kaltaklab va qo’rqitib, ularni Andijondagi 13 maydagi norozilik namoyishi vaqtida qurol bilan yurganliklari hamda ekstremistik ruhdagi diniy tashkilotlarga a’zo bo’lganliklari haqidagi ayblovlarni tan olishga, majbur qilganlar, deyiladi. 81 betli hisobot “Haqiqatni ko’mib: O’zbekiston Andijon qirg’ini tafsilotlarini yangidan yozib chiqmoqda” deb nomlanadi.

Tashkilotning Moskvadagi sho’basi direktori muovini Aleksandr Petrov Andijon voqealari haqidagi hukumat bergan tafsilotlaridan farq qiladigan axborotni olg’a surgan qator mahalliy inson huquqlari himoyachilari ham hibsga olinganlarini ma’lum qildi.

Prezident Karimov xalqaro tashkilotlarni O’zbekistonda Ukraina va Gruziyadagi kabi inqilobni uyushtirishda faoliyat olib borganlikda ayblaydi.

XS
SM
MD
LG