To'fon ostida qolgan sozanda


Shu yilning 30 avgustida AQSh janubini urgan qudratli Katrina to’foni, mintaqa aholisi hayotini qaqshatdi. Xalq moddiy boyligidan ayrildi, ruhiy tushkunlikka tushdi. Ikki yildan beri Yangi Orlean shahrida yashab, u yerdagi oliygohda bastakorlik va pianino san’ati sohasida tajriba oshirayotgan magistrant Xadisha Onalbayeva ana shu tabiiy ofatni o’z ko’zi bilan ko’rdi va uning dahshatini boshdan kechirdi.

Qozog’istonning Shimkent viloyatida tug’ilib, esini tanib, Almatida kasbiy faoliyatini boshlagan Xadisha Onalboyeva Yangi Orleandek Amerika an’anaviy musiqa va san’at markazda o’qish imkoniyatiga ega bo’lganidan boshi osmonda edi. “Oliygohim, Yangi Orlean shahri menga shu qadar yoqqandiki, ikki yilning qanchalik tez o’tib ketganini ham sezmabman,”- deydi Xadisha. “Bastakorman, shuningdek, pianoni chalaman. Yangi Orlean Universitetida o’qish uchun grant olganman.”

Xadishaning aytishicha, u va uning 13 yoshli qizi kuchli to’fonlar bilan ilk marta yuzlashgani yo’q. O’tgan yili va shu yilning yozida ham tropik bo’ronlar sabab, shahardan chiqib ketishga majbur bo’lgandi. Ona tabiatning bu yerlarga nisbatan qahri qattiq, deydi u.

“To’fondan bir kun oldin, shahardan chiqib ketdim. To’g’risini aytsam, uyga hech qachon qaytmayman, deb o’ylamagan edim. Chunki, uyim ham Yangi Orlean Universiteti ham to’fondan keyin toshgan ko’l bo’yida joylashgan. Kvartiram, uchinchi qavatda bo’lsa-da, butunlay vayron bo’lgan. Uyidam hech vaqo qolamagan.”

Avgust oyining so’nggi kunlarida Yangi Orleanda majburiy evakuatsiya e’lon qilingan bo’lib, qurbi yetganlar shahardan chiqib ketish ilinjida ko’chaga chiqqan va katta magistrallar avtomashinalar bilan gavjum edi. Odatda bir necha minutda chiqiladigan shtatlararo magistralga yetguncha yetti soat ketdi, deydi Xadisha.

“Meni olib ketayotgan dugonamning mashinasida benzin qolmadi. Yaqin joydagi bir shaharchaga bordik. U yerda to’fondan qochgan odamlar uchun ajratilgan inshootda qoldik. U yerda sakkiz kun yashadik. Benzin ham, suv ham anqoning urug’iga aylandi.”

Xadisha, qizi va dugonasi yangi qurilgan maktab binosidan vaqtincha panoh topdi. “Bizga maktab kutubxonasidan joy berishdi. Javonlar va kitoblar orasida uxladik. Taxminimcha, u yerda 300-400 kishi bor edi...,”-deydi Xadisha.

To’fon tobora kuchayar ekan, yuzlab odamni saqlayotgan boshpana ham tabiat qudratiga boy bera boshladi.”Biz turgan binoning bir tomoniga suv tosha boshladi. Bo’ron hamma narsani uchirayotgan edi. Buning qanchalik vahimali ekanini ko’rsangiz edi...,”-deydi Xadisha. “Ko’chaning narigi betida qandaydir bir ishoot bor ekan, to’fon uni butunlay yakson qildi. Biz turgan joy, baxtimizga chidab berdi.”

Sal o’tmay, Qizil Xoch jamiyat yordamga keldi. Odamlarga ovqat tarqatildi, ammo boshpana ichidagi sharoit yaxshilanmadi, deydi Xadisha. “Bizga non, buterbrod berishdi. Lekin suv yo’q edi. Hojatxonaga borishning iloji bo’lmadi. Odamlar tashqariga chiqishayotgan edi. Bu dahshatku, axir.“

Ikki kunlik qiyinchilik ketidan, Xadisha kabi to’fon jabrdiylarini mahalliy cherkov o’z bag’riga oldi. Issiq ovqat, ko’rpa-toshak kabi zarur narsalar tarqatildi. “Harorat shu qadar yuqori ediki... bir necha kun yuvina olmadik. Sabrim chidamay, maktab hovlisiga chiqdim-da, u yerdagi suv quvurida yuzimni yuvdim,”- deydi Xadisha.

Eng qizig’i, deydi Xadisha, bizga ovqat tayyorlab, uni tarqatgan odamlar aslida yengil jinoyatlar bilan qamalgan kishilar ekan. “Ularni insonparvarlik yordami ko’rsatishga jalb etishibdi,”- deydi u. “Bu mahbuslar butun shaharni ovqat bilan ta’minlayotgan edilar.”

To’fon kelganidan bir hafta o’tib, boshqalar qatori Xadishaga ham yonilg’i berishdi va u qizi bilan Luiziana poytaxti Baton Rujga, tanishlari yashaydigan shaharga yo’l oldi. Baton Rujda esa, “umrimda ko’rmagan, meni bilmagan mahalliy bir oila bizga eshik ochdi,”- deydi Xadisha.”Bu oilada sakkiz kun yashadik.”

Yangi Orlean Davlat universitetidagi o’qishini, Xadisha endi Luiziana Davlat universitetida davom ettirmoqda. AQSh hukumati, boshqa jabrdiylarga bo’lganidek, Xadishaga ham yordam puli berdi. Xadisha qizi va o’ziga yaqin kelajakda yana biror ko’mak berishar, degan umidda.

“AQSh hukumati menga ikki ming dollarga chek jo’natdi. Uni olish osonmas. Hukumatga to’fon meni hech narsasiz qoldirganini isbotlashim kerak edi,”- deydi Xadisha.

Uyga telefon qilishga bir necha kungacha iloji bo’lmadi. Otamning sog’lig’i og’irlashib, reanimatsiyaga tushib qolibdi, deydi Xadisha. Yordam so’rab, Qozog’istonning AQShdagi elchixonasiga qo’ng’iroq qildi.

“Qozog’iston elchixonasi menga hech qanday yordam ko’rsatmadi. Telefon qilib, men Yangi Orleanda yashovchi qozoqman, desam, ular “Yangi Orleanda hech qanday qozoq yashamaydi,”-deyishdi. Qanaqasiga? Biz bu yerda olti nafarmiz. Aytishlaricha, ro’yxatdan o’tmagan ekanmiz. Bunga nima deyish mumkin? Menga hech kim hech qanday madad bermadi. Holing qalay, deb telefon qilishayotgani ham yo’q. Axir yosh bolali onaman. Juda bo’lmasa, hayotimni tiklashim uchun ozgina yordam berishsa bo’lardi. Juda bo’lmaganda, oddiy kiyim-kechak sotib olish uchun. To’fonda bor narsamdan ayrildim,”-deya o’kinadi Xadisha.

Boshga tushganni ko’z ko’radi, deyishadi. Odam hamma narsaga, har qanday sharoitga chidab ketar ekan, deydi Xadisha. Tabiiy ofat kim mahalliy, kim chet ellik deb ajratarmidi; o’zga yurtda "xuddi shu yerlik jabrdiydalar kabi yangi hayot boshlayapman,"- deydi Xadisha Onalboyeva.

“10 noyabrda solo konsertim bo’ladi. Yangi Orleanda bir necha shartnomalar imzolagan edim. Simfonik orkestrda va filarmoniya konsertlarida ijro etishim kerak edi. Hammasi barbod bo’ldi. Ishimdan ayrildim. Uyimdan ayrildim. Hali aytgimdek, bor narsamdan.”

XS
SM
MD
LG