"AQSh O'zbekiston bilan hamkorlikni eplay olmadi"


O’zbekiston hukumati AQShga Xonobod harbiy bazasini bo’shatish uchun shu yilning oxirigacha vaqt bergan. Yaqinda AQShning oliy darajali vakillari bilan muzokara qilgan prezident Islom Karimov bu talabni yana bir bor yangiladi. Karimov bilan muloqot qilgan AQSh Davlat Kotibi yordamchisi Daniel Frid, "O’zbekistondan hech qanday ortiqcha bahs va muzokarasiz chiqishga tayyormiz,"- deya bayon qildi.

Andijon voqealari ustidan ketayotgan sud jarayonini tanqid ostiga olayotgan xalqaro hamjamiyat a’zolari, jumladan AQSh, O’zbekiston hukumati mustaqil xalqaro tekshiruvga ruxsat berishi lozim, deb qayta-qayta bong urmoqda.

O’zbekiston-AQSh aloqalari o’zining eng salbiy davrini boshdan kechirayotgani Vashingtonda ko’pchilik uchun yangilik emas. Prezident Karimovning AQSh bilan hamkorligini yuqori baholagan va haligacha ikki davlat o’rtasidagi aloqalarni yumshatishga umidvor siyosatchi, AQSh Vakillar Palatasi a’zosi, respublikachi Kurt Uelden (Curt Weldon, R-Pennsylvania) Amerika Ovozi bilan bu borada suhbatlashar ekan, "O’zbekistonning bizdan Xonobodni tark etishni so’rayotgani achinarli hol, ammo bu qarordan taajubda emasman," -dedi.

"Prezident Karimov bizga Sovet davridan qolgan bazani berib, mardlik qilgan edi. Buning evaziga biz ham O’zbekiston hukumatiga ko’p va’dalar bergandik. Nazarimda biz ana shu va’dalarni bajarishni eplay olmadik. Balki biz O’zbekistonga to’liq hamkor sifatida ko’rinmadik. Bunda kimni ayblashni bilmayman. Lekin AQSh ham O’zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish, uni avaylash uchun yetarlicha ter to’kmadi. Mana endi ming afsus va nadomatlar bo’lsinki, O’zbekiston bizdan bazani bo’shatishni so’rab, o’z noroziligini bildirmoqda. Men bundan afsusdaman. Men O’zbekistonni - ham AQShga, ham Rossiyaga - yaqin do’st qiladigan o’zaro hamkorlik siyosati vujudga keladi, degan umidda edim. Chunki boshida juda yaqin hamkorlar edik. Xonobod bazasida bo’lganimda O’zbekistonning harbiy samolyotlarida o’tirib, uchuvchilar bilan rasmlarga tushganman. Ular Amerika harbiylari bilan ishlayotganlaridan faxrlanayotgan edilar. Afsuski, byurokratiya va bizning tashqi siyosatimiz uzoqni ko’zlamagani tufayli bu hamkorlikni boy berdik. Ko’rinib turibdiki, O’zbekiston bizning tutayotgan yo’limizdan qoniqmayapti,"-deydi janob Uelden.

Respublikachi qonun chiqaruvchi nazarida, Xonobod bazasi Afg’onistondagi harbiy harakatlarda muhim rol o’ynab keldi. “AQSh bazani ta’mirladi va uni ana shunday yaroqli holda qoldiramiz. Lekin maqsad uzoq muddatli hamkorlikni yuzaga keltirish edi,”-deydi kongressmen.

Xo’sh, Amerika tashqi siyosatining qaysi tomonlari O’zbekiston bilan hamkorlikda pand beryapti? AQSh O’zbekiston bilan aloqalarni tiklash uchun nima qilmog’i lozim?

"Menimcha, biz O’zbekistonga nisbatan tashabbuskor va yaqinlik ruhini aks ettiruvchi siyosat yuritishimiz kerak,"-deya javob qiladi Uelden. "Biz mamlakatni, uning xalqini quvvatlab, siyosiy jihatdan tomonlar tanlamasligimiz lozim. O’zbekistonda bo’lganimda, AQSh va O’zbekiston parlamentlari o’rtasida hamkorlikni yo’lga qo’yish borasida ish boshlagan edim. Afsuski, bu borada yetarlicha siljish bo’lmadi. Biz o’zimiz bilan o’zimiz ovora bo’lib ketdik. Yaqin kelajakda bu sayi-harakatlarni yangilaymiz, degan umiddaman. Bu hamkorlikda faol qatnashishni istardim."

O’zbekiston qonun chiqaruvchilari sizning bu g’oyangizga qanday munosabat bildirishadi?

"Takliflarimni O’zbekiston qonunchilari juda iliq qarshilashgan. Men ular kabi mehmondo’st odamlarni, AQSh bilan do’st bo’lishga intiluvchan odamlarni sobiq Sovet Ittifoqining boshqa hech bir yerida ko’rmaganman. O’zbekistondagi do’stlarimizga shuni aytmoqchimanki, biz o’lkangizga qaytamiz. Hamkorlikni yangidan boshlaymiz. Ikki davlat o’rtasida o’zaro ishonchni vujudga keltirish lozim. Munosabat ana shunda mustahkamlanadi. Biz O’zbekistonni Rossiyaga qarshi qo’ymoqchi emasmiz. Biz O’zbekiston - ham bizning, ham ruslarning do’sti bo’lsin, deymiz. O’zbekiston shundagina ham iqtisodiy, ham strategik muvaffaqiyatga erishgan bo’ladi,"-deydi kongressmen Uelden.

Rossiya va Xitoy O’zbekistonda o’z siyosiy ta’sirini kuchaytirmoqda. Siyosiy sharhlovchilar AQSh boy beryapti, o’z nufuzidan ayrilyapti, deyishmoqda...

"Bilasizmi, AQSh Mudofaa vazirligining O’zbekiston hukumati bilan til topishishga urinayotganidan xabarim bor, ammo inson huquqlari ahvoliga kelganda, masala yanada chigillashadi,"-deydi Uelden. "Rossiya, albatta O’zbekistonda o’z nufuzini tiklashni istaydi va bizning u yerda doimiy qolishimizni xohlamaydi. Shu bois ham Amerika O’zbekistonga nisbatan siyosatini ruhlantirishi, uni qayta ko’rib chiqishi kerak. Men qonun chiqaruvchi sifatida shuni bilamanki, AQSh Kongressi O’zbekiston bilan yaqinlashish uchun barcha zarur choralarni ko’rmog’i lozim."

Kongressmen Uelden Amerika O’zbekiston bilan ijtimoiy-madaniy, ilmiy va iqtisodiy aloqalar o’rnatishi, uning xalqi oldida hamkor sifatida shakllanishi kerak, deydi. Janob Uelden O’zbekiston va AQSh o’rtasida sun’iy yo’ldosh orqali aloqa o’rnatish taklifi bilan chiqmoqda. "O’zbekistonga borib, bu taklifni prezident Karimov va Oliy Majlisga taqdim etmoqchiman,"- deydi u. Kongressmenning fikricha, Andijon voqealari ustidagi kelishmovchilik avjga chiqqan bir paytda, AQSh O’zbekistonga nisbatan siyosatini muvozanatlashi lozim.

"Karimov biz bilan muloqot qilganida, O’zbekiston uchun eng muhimi xavfsizlik, biroz vaqt o’tgach, ahvol yaxshilanadi, degan. Biz O’zbekistonning o’z demokratik yo’liga ega bo’lishini istaymiz,"-deya davom etadi kongressmen Uelden. "Ammo inson-huquqlari e’zozlanmagan jamiyat demokratik mamlakat bo’la olmasligini ham yodda tutmoq lozim. Buni estlatib turish bizning burchimiz. Endi ham hukumatni yetarlicha qo’llash, ham vaziyatni me’yorda saqlash uchun qanday chora ko’rishni o’ylashimiz kerak. Men muvozanat tarafdoriman. O’zbekistonni keskin tanqid ostiga olish uni Rossiya va Putin quchog’iga uloqtiradi. Biz muvozanatli siyosat olib borishimiz kerak. Men Karimov va Oliy Majlis bilan uchrashish umididaman. Ularga biz uzoq-muddatli do’st bo’lish, samimiy hamkor bo’lish niyatidamiz. Bu vaqtinchalik, Afg’onistondagi harakatlarni yengillashtirish uchun qilingan bir tomonlama hamkorlik emas edi, demoqchiman."

Uelden nazarida, o’tgan yil ichida O’zbekistondagi AQSh tomonidan moliyalangan no-hukumat tashkilotlarining tazyiqqa uchrashi, ishdan to’xtatilishi Karimov rahbariyatining Amerikadan norozi ekanini yaqqol aks ettiradi. Shu sabab ham, deydi janob Uelden, AQSh uni tanqid qilishdan to’xtab, uning dardiga quloq tutishi va keyin bir xulosaga kelishi lozim. Ammo, bu no-hukumat tashkilotlariga nisbatan qilinayotgan tazyiqni oqlamaydi va men u bilan uchrashganimda bu kabi siyosat ish bermasligini va vaziyatni yanada murakkablashtirishini eslataman, deydi kongressmen Uelden.

"Bizning nazarimizda, norozilik no-hukumat tashkilotlariga qarshi qadam bilan bildirilmaydi. Amerika u bilan yuzma-yuz o’tirib, buni unga tushunturmog’i lozim. Men shu gapni bu yil oxirigacha unga o’zim yetkazaman, deb umid qilyapman. Biz O’zbekiston bilan har narsada kelisha olmasmiz. Ammo, demokratiya yetakchisi sifatida biz bu borada maslahat berishdan, yo’l-yo’riq ko’rsatishdan qaytmaymiz. Noto’g’ri qadamlar qo’yilayotganini aytish bizning burchimiz. O’zbekistonga taklif qilingan edim. Iroq, Shimoliy Koreya bilan bog’liq masalalar deb vaqtida bora olmadim. Shuning uchun, meni u yerda kutganlardan uzr so’rayman va yaqin orada Toshkentga safar qilmoqchi ekanimni bildiraman,"-deydi janob Uelden.

Kongressmen Ueldenga bergan so’nggi savolimiz – yetakchilari asosan chet elda yashab, endilikda Vashingtondan homiy va tarafdor izlayotgan O’zbekiston muxolifatchilari haqida bo’ldi. Prezident Karimov bilan yaqindan ishlash lozimligini qayta-qayta uqtirayotgan, ishida pishgan siyosatchi O’zbekiston hukumati ro’yxatdan o’tkazmayotgan partiyalar bilan ishlarmikan?

"Albatta,"-deydi kongressmen Uelden."Munosabatimiz O’zbekiston xalqi bilan ekaniga urg’u bermoqchiman. Shart shuki, ular fuqarolik jamiyati talabiga rioya qilsinlar. Men O’zbekiston xalqi bilan muloqot qilish tarafdoriman."

XS
SM
MD
LG