Yevropa Ittifoqi O'zbekistonga nisbatan sanksiyalar kiritishi kutilmoqda


G’arb diplomatlarining ma’lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga nisbatan qurol embargosini kiritishi mumkin. Ya’ni O’zbekiston hukumati Andijon voqealari bo’yicha mustaqil tergov o’tkazish bo’yicha Ittifoq talabini qondirmagani bois, unga a’zo davlatlar O’zbekistonga qurol yoki harbiy texnika sota olmaydilar. Hujjatning yakuniy ko’rinishi 3 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari tomonidan Lyuksemburgda e’lon qilinadi.

Bu kabi choralar o’zbek xavfsizlik qo’shinlarining may oyida Andijondagi namoyishchilarni ayovsiz va betartib o’qqa tutganlari bois qo’llanmoqda, deyiladi hujjatda. Bundan tashqari ba’zi O’zbekiston hukumati vakillari va fuqarolarining Yevropaga kirishlari ham ta’qiqlanadi. Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bergan ma’lumotlarga ko’ra, xavfsizlik qo’shinlari Andijonda 750 ka yaqin kishini o’ldirganlar, biroq hukumat qurbonlar soni 200 dan kam, deb aytmoqda. Ayni paytda namoyishni tashkillashtirishda ayblanayotgan bir guruh fuqarolar Toshkentda sud qilinmoqda.

Reyter agentligining xabariga ko’ra, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo’yicha Bosh komissari Luiza Arbur Toshkentdagi sud jarayoniga kuzatuvchi yuborishini aytgan. O’zbekiston hukumatiga yo’llagan xatida Arbur xonim kuzatuvchining ishini ta’minlash uchun qator shartlarning bajarilishini so’ragan. Uning aytishicha, kuzatuvchini sudga jo’natishdan maqsad - sud jarayonining xalqaro andozalar asosida o’tayotganligini nazorat qilish.

Vashington Post gazetasining bugungi sonida AQSh Kongressining ikki vakili 29 sentyabr kuni o'tkazgan matbuot anjumani haqida xabar qilinadi. Unga ko’ra, Massachusetts va Texas shtatlaridan demokrat kongressmenlar Uilyam Delaxant va Lloyd Dogget Oq uyga murojaat qilib, O’zbekiston hukumatiga Pentagon ilgari va’da qilgan pulni bermaslikka chaqirdi. Ular, shuningdek, Oq uydan Andijon masalasini BMT ga oshirishni va O’zbekiston rahbariga qarshi chora ko’rishni talab qildilar. Ma’lumki, Pentagon Xonobod bazasidagi ko’rsatilgan xizmatlari uchun rasmiy Toshkentga 23 million dollar va’da qilgan edi.

XS
SM
MD
LG