Breaking News

Yevropa Ittifoqi va AQSh Kongressi O'zbekistonga qarshi chora ko'rmoqda


Yevropa Ittifoqi Kengashi O'zbekistonga nisbatan qurol embargosini kiritish haqida qaror qildi. Unga ko'ra O'zbekiston hukumati Andijon voqealari bo'yicha mustaqil tergov o'tkazish bo'yicha Ittifoq talabini qondirmagani bois, unga a'zo 25 davlat O'zbekistonga qurol yoki harbiy texnika sota olmaydilar. Hujjatning yakuniy ko'rinishi 3 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari tomonidan Lyuksemburgda e'lon qilinadi.

Bu kabi choralar o'zbek xavfsizlik qo'shinlarining may oyida Andijondagi namoyishchilarni ayovsiz va betartib o'qqa tutganlari bois qo'llanmoqda, deyiladi hujjatda. Bundan tashqari ba'zi O'zbekiston hukumati vakillari va fuqarolarining Yevropaga kirishlari ta'qiqlanadi va Yevropa Ittifoqi o'zining O'zbekistonga bo'lgan yordam dasturlarini qisqartiradi. Hujjatda Ittifoqqa a'zo har bir davlatga rasmiy Toshkent bilan bundan keyingi har bir muloqotda inson huquqlarini xurmat qilish ehtijoyini ta'kidlash kerakligi to'g'risida ko'rsatma beriladi.

Hozircha hujjatning yakuniy ko'rinishi ustida ish ketmoqda. 3 oktyabr kuni Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazilarining yig'ilishida hujjat rasman e'lon qilinadi hamda O'zbekistondagi vaziyat yana bir bor muhokama qilinadi.

May oyida Andijonda namoyishchilarning hukumat qo'shinlari tomonidan o'qqa tutilgani haqidagi xabarlar Yevropa Ittifoqi tomonidan katta bir tashvish bilan qabul qilingan edi. O'shanda Ittifoqning qaror chiqaruvchi organi Yevropa Kengashi O'zbekistondan Andijondagi qon to'kishlar bo'yicha mustaqil xalqaro tergov o'tkazilishini talab qilgan edi. O'zbekiston hukumati bu talabni rad etgandan so'ng, Yevropa Kengashi O'zbekistonga iyul oxirigacha muhlat bergan edi.

Iyul oyi kelib ham Yevropa Kengashi O'zbekistonga qarshi va'da qilgan sanksiyalarni joriy qilmadi. Kengash bor imkoniyatlardan foydalanish va O'zbekiston hukumatiga so'nggi imkoniyat berish maqsadida mintaqaga maxsus elchi etib Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining sobiq Bosh kotibi Yan Kubishni tayinladi hamda uni prezident Karimov bilan uchrashish uchun O'zbekistonga jo'natdi. Elchi Kubish O'zbekistondan quruq qaytdi hamda safari va Karimov bilan muzokaralari haqida Yevropa Kengashiga hisobot taqdim etdi.

Bu orada esa Yevropa Parlamentidagi ba'zi siyosiy guruhlar Yevropa Kengashi qilgan do'q-po'pisalarning amalga oshmayotganligi tashkilotning nufuziga putur yetkazadi, deb Kengashga bosim o'tkaza boshladilar.

Qo'shma Shtatlarning ham Andijon xunrezliklari bo'yicha mustaqil tergov o'tkazish talabi O'zbekiston tomonidan qondirilmadi va shu haftada Toshkentga safar qilgan AQSh delegatsiyasi ham aniq bir natijasiz qaytib keldi.

29 sentyabr kuni AQSh Kongressining Xalqaro aloqalar qo'mitasining a'zosi, massachusettslik demokrat kongressmen Bill Delaxant texaslik hamkasbi demokrat kongressmen Lloyd Dogget bilan birgalikda prezident Karimovni Andijon voqealarida aybdor deb topib, uning ishini Xalqaro jinoiy sudga topshirishga undaydigan rezolyutsiya loyihasini Kongressga taqdim etdilar.

Agar rezolyutsiya loyihasini Kongressda qo'llab-quvvatlashsa, unga ko'ra AQShning BMTdagi elchisi prezident Karimovning ishini Andijon voqealariga aybdor sifatida BMT ostidagi Xalqaro jinoyat sudiga oshirishga harakat qiladi. Rezolyutsiyaning ikkinchi talabi - Pentagondan O'zbekiston hukumatiga barcha moliyaviy yordamni to'xtatish bo'ladi. Kongressmenlar fikricha, AQSh soliq to'lovchilarining puli ittifoqdoshlikdan tushgan mamlakatga berilmasligi kerak, shu jumladan Pentagonning Xonobod aviabazasidagi xizmatlar uchun va'da qilgan 23 million dollar ham.

Ana shu ikki choraning O'zbekiston uchun oqibatlari qanday?

O'zbekiston Yevropadan ko'p qurol va harbiy texnika sotib olmaydi. Ular asosan Xitoy yoki Rossiyadan keltiriladi. Yevropa Kengashining qarori ayon bo'lishi bilanoq, kecha Rossiya mudofaa vaziri Sergey Ivanov O'zbekistonga jon-jon deb qurol sotishini eslatib o'tdi. Buning uchun ikki mamlakat o'rtasida harbiy-texnikaviy yordam haqida shartnoma ham bor.

Andijon xunrezligining orqasida turgan O'zbekiston hukumati vakillariga Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarga kirish vizalarini bermaslik ham bir qancha qiyinchiliklar tug'dirishi mumkin. Masalan, mustaqil tergov o'tkazmasdan turib, Andijonda namoyishchilarni o'qqa tutishga aynan kim buyruq berganini va ijrochilarning shaxsini aniq bilish oson emas.

AQSh kongressmenlarining rezolyutsiya loyihasiga kelsak, birinchidan, uning Kongressda yetarlicha ovoz to'plashi mushkul, chunki Delaxant ham, Dogget ham obro'si baland kongressmenlar ro'yxatiga kirmaydilar va shuning uchun ularning boshqa qonun chiqaruvchilarni hujjatga ovoz berishga ko'ndirishlari oson bo'lmaydi. Bundan tashqari AQShning, va ayniqsa Oq uyning, Xalqaro jinoyat sudiga munosabati to'la-to'kis ijobiy emas.

Shunga qaramasdan, ham Yevropa Ittifoqining qarori, ham AQSh Kongressidagi tashabbusning O'zbekiston hukumati uchun muhim salbiy psixologik ta'siri bor. U ham bo'lsa, O'zbekiston rahbariyatining dunyodagi mavqei va sha'niga katta dog' tushadi va putur yetadi. Agar masalaning bu tomoni respublika rahbariyatini bezovta qilmasa, u holda Andijon voqealari bo'yicha mustaqil tergovning o'tkazilishi hali beri amalga oshmaydi.

XS
SM
MD
LG