"Markaziy Osiyoda rejim emas, rahbariyat o'zgarishi mumkin"


Germaniyalik bir olimaning fikricha, Gruziya, Ukraina va Qirg’izistondagi inqiloblar Markaziy Osiyo hukumatlarini xalqaro tashkilotlarning, ayniqsa G’arbda asoslangan no-hukumat tashkilotlarining dushmaniga aylantirdi.

"Mintaqa rahbarlari vahimaga tushib qolgan va nima qilib bo’lsa-da, hokimiyatni boy bermaslik eng asosiy maqsadga aylangan,"- deydi Gamburgdagi Tinchlikshunoslik va xavfsizlik siyosati bo’yicha tadqiqot instituti ilmiy xodimasi Andrea Berg.

"Ayniqsa, Qirg’iziston janubi va Farg’ona vodiysining boshqa qismlari turli mojarolar o’chog’iga aylanishi hech gap emas. Bilasizmi, Qirg’izistonda inqilob yuz berganida, rejim emas, rahbariyat o’zgardi, xolos, deydi olima. Chunki,"- deydi Andrea Berg, "Kurmanbek Bakiyev va Askar Akayevning tarjimai holi bir-biridan uncha farq qilmaydi. Har ikkisi kommunizm nurida yetishgan odamlar."

Tadqiqotchining tahlil qilishicha, inqiloblarga chet el tashkilotlari homiylik qilmoqda, degan gaplar tarqalar ekan, birinchi bo’lib, Tojikiston xalqaro tashkilotlarga nisbatan siyosatini kuchaytirdi. Har bir chet el muassasasi mamlakatdagi faoliyati, kim bilan gaplashgani va kim bilan hamkorlik qilayotgani haqida hukumatni doimiy ravishda ogohlantirib turadigan, ya’ni undan ruxsat so’raydigan bo’ldi.

"Qozog’istonda ham shu yozning boshida xalqaro tashkilotlar faoliyatini cheklovchi qonunlar qabul qilindi. Xuddi O’zbekistonda bo’lganidek, bu tashkilotlar endi qayta ro’yxatdan o’tishi, moliyaviy ahvollari haqida hukumatga hisobot berishi kerak va O’zbekistondagi kabi maxsus moliyaviy komissiya nazorati ostida."

"Qizig’i shuki,"- deya davom etadi Andrea Berg, "endilikda Rossiya ham no-hukumat tashkilotlarning ishini yaqindan kuzatish va nazorat qilish borasida yangi qonun loyihalari ustida ishlamoqda."

"Qarabsizki, kelasi ikki yilda prezident saylovlari bo’lishi kutilayotgan bu sobiq ittifoq mamlakatlarida bu xalqaro tashkilotlarning kuchini, ta’sirini kamaytirish uchun oldindan tayyorgarlik ko’rilmoqda; fuqarolik jamiyatini targ’ib etayotgan muassasalarning ildizi qirqilmoqda,"-deydi Berg xonim.

Andrea Berg bir necha yil davomida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotida ishlagan. Markaziy Osiyoning hamma mamlakatlari bu tashkilotga a’zo hisoblanadi. O’tgan yillar ichida, mintaqa, qolaversa Rossiya ham Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini bu davlatlarning ichki siyosatiga aralashayotganlikda va turli davlatlarga turlicha ko’z bilan qarab, ikki-yuzlamachilik qilayotganlikda keskin tanqid qildi.

"Yaqin kelajakda saylovlar bilan yuzlashadigan bu mamlakatlar saylovlarni kuzatuvchi tashkilotni hozirdan hujum ostiga olmoqda. Chunki tashkilotning demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi bu saylovlarni kuzatadi."

Olima Andrea Berg Markaziy Osiyo va AQSh aloqalari va bu aloqalardagi keskin burilishlarning AQSh tomonidan moliyalangan no-hukumat tashkilotlar faoliyatiga ta’sirini kuchli, deb baholaydi.

Xo’sh, Markaziy Osiyoda tuzum emas, rahbariyat o’zgarayotgan bo’lsa, tuzum o’zgarayotganidan yoki o’zgarishi mumkinligi haqida dalolat beruvchi biror belgilar bormi yoki mintaqada hech qanday ijobiy o’zgarishlar kuzatilmayaptimi?

"Mening fikrimcha," - deya javob qiladi Andrea Berg, "qo’poruvchilikka qarshi kurash boshlanmasa, korruptsiyaga qarshi harakat qilinmasa, mintaqada tuzum o’rgaryapti, deya xulosa qilish juda qiyin bo’ladi. Xalqaro tashkilotlarning asosiy vazifasi, fuqarolarga fuqarolik qilishni, fuqarolik hissi va vazifalarini uqdirish bo’lmog’i lozim. Gap shundaki, deydi olima, mintaqada fuqarolik hissi va javobgarligi juda past. Odamlar o’zlarini hukumatdan va davlatdan begonadek his qiladilar."

Mintaqada ishlovchi har bir ajnabiy tashkilot xalq mentalitetini, uning chet el tashkilotlariga nisbatan munosabati va fikrini nazarga olishi lozim, deydi olima.

"No-hukumat tashkilotlarining ko’pi ayollar tomonidan yuritiladi. Buning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati katta. Mahalliy jamoatchilikning fikrini o’rganish juda muhim," - deydi Berg xonim.

Siyosatshunos Andrea Berg yaqin kelajakda inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkilotining O’zbekistondagi vakili sifatida ish boshlaydi.

XS
SM
MD
LG