Internyusga O'zbekistonda faoliyatni davom ettirish rad etildi


Toshkent shahar fuqarolik sudi Internyus (Internews) xalqaro tashkilotining O’zbekistondagi vakolatxonasi faoliyatini to’xtatish haqidagi qarorni apellyatsiya tartibida ko`rib chiqqan va tashkilotning da’vo arizasini inobatsiz qoldirgan.

Internyus tashkilotining O’zbekistondagi vakolatxonasi faoliyati Toshkent shahar fuqarolik sudining qarori bilan to’xtatilgan edi. Sud Toshkent shahar adliya boshqarmasining davosini qoniqarli topgan va Internyus vakolatxonasini O’zbekiston respublikasining nodavlat tashkilotlar haqidagi qonunni buzganlikda ayblab, uning faoliyatini to’xtatish haqida qaror chiqargan edi.

Shundan so’ng vakolatxona rahbariyati sud qarorini nazorat tartibida qayta ko’rib chiqish uchun shikoyat bilan murojaat qilishgan edi. 11 oktayabr kuni shikoyat arizasini ko’rib chiqqan nazorat komissiyasi Toshkent shahar sudining qarorini o’z kuchida qoldirdi.

Vakolatxona vakillariga ko’ra, bu narsa ular uchun kutilmagan qaror bo’lmagan.

- Bizning shikoyatimizni inobatsiz qoldirishdi. Ularga ko’ra, shikoyat qilish uchun va tashkilotning faoliyatini davom ettirish uchun yetarlicha asos yo’q ekan. Biz albatta shikoyatimizni inobatsiz qoldirishlarini kutgan edik, lekin baribir bundan taassufdamiz, -deydi Internyus tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Ketrin Eldrij (Catherine Eldridge).

Ketrin Eldrijga ko`ra, vakolatxona O’zbekistonda 10 yildan oshiqroq faoliyat yuritgan va shu vaqt mobaynida mamlakatdagi jurnalistlarga va mustaqil ommaviy axborot vositalariga yaqindan ko’mak bergan. Xalqaro Internyus tashkilotining faoliyatini O’zbekistonda tugatilishi va uni O’zbekistondan chiqarib yuborilishi nafaqat mahalliy jurnalistlar uchun yo’qotish bo’ladi, balki shu bilan bir qatorda O’zbekiston obro’si uchun ham zararli bo’ladi, degan fikrlarni bildirib o’tadi Ketrin Eldrij.

Internuys tizimi tomonidan O’zbekistonga taklif etilgan ommaviy axborot vositalari bo’yicha mutaxassis va yurist Fyodor Kravchuk nazorat tartibida ko’rilgan jarayon haqida shunday taassurotlarini bildiradi.

- Menga birinchi sud chiqargan qarorning asossizligini tushungan sudyalar haqiqatda yordam berishga moyildek tuyuldi. Faqat O’zbekistondagi sud tizimi mustaqil emasligi va bu ularning qo’lida emasligi bois ham, ular bunday yordam ko’rsata olishmaydi. Men sud jarayonidan so’ng sudyadan rostdan ham appelyatsiya uchun da’volarni asossiz hisoblaysizmi deb so’radim, U menga “yo’q da’volar mutlaqo to’g’ri, lekin hozirgi vaziyat shunaqa, biz bu shikoyatni qanoatlantira olmaymiz, degan javobni oldim. Men O’zbekistonda yashayotgan va sudlardan adolat topolmayotgan kishilarga yaqindan hamdardlik bildiraman, - deydi sudda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Fyodor Kravchuk.

Internyus tashkilotining O’zbekistondagi vakolatxonasi faoliyati asosan mustaqil jurnalistlar bilan ishlash, ularning kasb mahoratlarini oshirish, huquqiy himoya ta’minlash va mustaqil elektron ommaviy axborot vositalariga texnik, nazariy ko’mak ko’rsatishdan iborat edi.

Internyus tashkiloti vakolatxonasining O’zbekistondagi faoliyati qay darajada ahamiyatli ekanligi haqida vakolatxona bilan hamkorlik qilgan, ammo ma’lum sabablarga ko`ra ismini oshkor etishni istamagan jurnalist, shularni gapiradi:

- Masalani bunaqa ko’ndalang qo’yishni o’zi noto’g’ri, chunki xalqaro tashkilot bo’ladimi, o’zimizni tashkilot bo’ladimi, ularning hamma ishlari va vazifalari bu [jurnalistlarning] kasb-mahoratini oshirishga qaratilgan, xususan televidenie sohasida. Buni bugun davlat miqyosida hali birorta bir tashkilot amalga oshirmayapti. Internyus esa amalga oshirib kelayotgan edi.

Jurnalistga ko’ra, bugun mahalliy ommaviy axboroy vositalari ishlayotgan jurnalistlar kasb mahoratini oshirishga o’ta muhtoj.

- O’zim ham o’sha mahalliy ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko’rsatganman. U gazeta bo’ladimi, radio bo’ladimi, televideniye bo’ladimi, bugungi kunda deyarli hammalari kasb mahoratlarini oshirishga muhtojlar. Gazetani o’qib ko’rsangiz, saviyalariga baho berish mumkin. Televideniyeda berilayotgan ko’rsatuvlarni, radio eshittirishlarini tinglasangiz, mening nazarimda mahalliy xalq o’zi baho berishi mumkin. O’sha Internyusga o’xshagan tashkilotlar bugungi kunda o’zbek jurnalistlariga yordam berishga kelgan edi bu yerga. Afsuski, ularni bugun sudlar orqali, ayblarni qo’yib, chiqarib yuborishyapti. Buni katta xato deb o’ylayman,- deydi jurnalist.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko’ra, Internyus vakolatxonasining O’zbekistondan chiqarilishi ehtimolga yaqin, va bu narsa so’nggi paytlarda AQSh bilan O’zbekiston munosabatlarining buzilishi, O’zbekiston hukumatining so’z erkinligini ta’minlash, demokratik islohotlar o’tkazish pozitsiyasidan uzoqlashayotgani bilan bog’liq.

10 kun ichida sud qarori yozma ravishda vakolatxonaga taqdim etiladi va unda vakolatxonaning bundan keyin qanday huquqlarga egaligi aniq ko’rsatilishi kerak. Internyus tashkilotining O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ketrin Eldijga ko’ra, vakolatxona so’nggi imkoniyat qolguncha kurashadi.

XS
SM
MD
LG