Breaking News

Qirg'izistonda mahbuslar parlament deputatini o'ldirdilar


20 oktyabr kuni Bishkek yaqinida joylashgan qattiq rejimli koloniyaga mahbuslar o'rtasida chiqqan isyon sabablarini o'rganish uchun kelgan parlament deputati Tinich , uning qo'riqchisi va bir prokuratura xodimi mahbuslar tomonidan otib tashlangan edi.

Shundan so'ng, mamlakatdagi barcha yopiq turdagi turmalar xodimlariga ish joylarini tark etish buyurildi. Qirg'iziston Adliya vazirligi qoshidagi JO'MBB turmalarda yuz berishi mumkin bo'lgan tartibsizliklar xizmatchilar hayotiga xavf tug'dirayotgani to'g'risida ma'lumot tarqatdi. Ayni paytda yopiq turdagi barcha turmalar harbiylar tomonidan tashqaridan qurshab olingan. Rasmiylarga ko'ra, vaziyat nazorat ostida.
Deputatning o'limiga uning mahbuslarga nisbatan qo'pol muomala qilgani sabab bo'lgan, deya taxmin qilinmoqda. Shuningdek, deputatning ukasi Rispek Aqmatbayev va ayni paytda isyon chiqqan koloniyada saqlanayotgan Qirg'iziston jinoiy olamining dong'i ketgan vakillaridan biri Aziz Batukayev o'rtasidagi nizo ham qotillik sabablaridan biri sifatida ko'rilmoqda. Deputat Tinich Aqmatbayev bilan birga Qirg'iziston Adliya vazirligi qoshidagi JO'MBB boshlig'i Ikmatulla Po'lo'tov ham o'qqa tutilgan, uning hozirda og'ir ahvolda kasalxonada ekani aytilmoqda.

Qotillik yuz bergandan so'ng, mahbuslar bilan uchrashgan Qirg'iziston Bosh vaziri Feliks Qulovning aytishicha, mahbuslar turmadagi sharoitning, dori-darmon va oziq-ovqat ta'minotining yaxshilanishini talab qilmoqdalar. Bu haqda Bosh vazir juma kuni o'tgan parlament yig'ilishida ma'lum qildi. Feliks Qulovga ko'ra, ayni paytda hukumatning JO'MBB qarzi 29 million so'mni [taxminan 725, 000 AQSh dollari] tashkil qiladi. Bu mablag' mahbuslar ta'minoti uchun sarflanishi kerak. Hozir hukumat muammoni hal qilish uchun shoshilinch tarzda 10 million so'm [taxminan 250, 000 AQSh dollari] topish taraddudiga tushgan.

"Nima bo'ldi va bu qanday yuz berdi, men bunga diqqat qaratishni xohlamagan bo'lardim. Chunki hozir ishni tergov hal qilishi kerak," dedi Qirg'iziston Bosh vaziri Feliks Qulov juma kuni o'tgan parlament yig'ilishida deputat Tinich Aqmatbayevning mahbuslar tomonidan otib o'ldirilishini izohlarkan. "Turli qarama-qarshi ma'lumotlar bor. Mahbuslar bir gapni aytishsa, boshqalar boshqa gapni gapirishyapti. Lekin nima bo'lganda ham, qandaydir janjal chiqqani aniq."

"Qotil o'z aybini tan oldi, taslim bo'ldi, mahbuslar uni bizga topshirdilar," dedi Qulov. "Bu voqeaning siyosiy jinoyat ekani to'g'risida, qasddan sodir etilgani to'g'risida hech qanday ma'lumot yo'q."

Qirg'iziston parlamenti spikerining o'rinbosari Bo'lo't Sherniyazov deputat Tinich Aqmatbayevning mahbuslar tomonidan o'ldirilishi uning ukasi Rispek Aqmatbayevning faoliyati bilan bog'liq degan fikrda.

"Tinich Aqmatbayev kim? Jinoiy olam vakili Rispek Aqmatbayevning akasi. Nima, biz bilmaymizmi? Ommadan nimani yashiryapmiz? Tinich Aqmatbayev o'ldirilgan turmada uning ukasiga raqib bo'lgan Aziz Batukayev bor edi," Sherniyazov. "Bu qarama-qarshilik nimaga olib kelishi mumkin? Hurmatli Bosh vazir, sizdan, huquq-tartibot tizimlari rahbarlaridan iltimos qilamiz, bunday qarama-qarshilikka yo'l qo'yilmasin. Tarixda birinchi marta JO'MBB boshlig'i turmada halok bo'ldi."

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Qirg'izistondagi jazoni o'tash muassasalarida saqlanayotgan mahbuslarning umumiy soni 18 ming kishini tashkil qiladi. Isyon chiqqan koloniyada asosan ashaddiy jinoyatchilardan iborat ikki mingga yaqin mahbus saqlanadi. 19 oktyabr kuni bu mahbuslar o'z yashash sharoitlarining yaxshilanishini talab qilib, isyon ko'targanlar.

Tinich Aqmatbayev yangi saylangan parlamentning hisob bo'yicha o'ldirilgan uchinchi deputati bo'ldi. Shu yil yozida deputat Jirg'albek Surabaldiev, sentyabr oyida deputat Bayaman Erkinbaev no'malum shaxslar tomonidan otib o'ldirilgan edi.

XS
SM
MD
LG