Breaking News

O'zbek-qirg'iz chegarasi minalardan tozalandi


Qirg’izistonning Botkent viloyati hokimining mudofaa va huquq-tartibot idoralari faoliyati bo’yicha o’rinbosari Toshtemir Eshaliyevning “Amerika Ovozi” radiosiga ma’lum qilishicha, o’zbek-qirg'iz chegarasi minalardan butunlay tozalab bo’lindi.

Uning aytishicha, oktyabr oyining birinchi o’n kunligida o’zbekistonlik mutaxassislar O’zbekistonning Farg’ona viloyatiga qarashli Tul, Gaznov, Qalacha, O’qchi qishloqlari va Qirg’izistonning Botkent viloyatiga qarashli To’rtko’l, Oqtuproq, Zartosh qishloqlari tevaragi minalardan tozalangan.

Qirg’izistonning O’zbekiston bilan chegaradosh janubiy hududlari O’zbekiston tomonidan 1999 yilda minalashtirilgan edi. Bunga sabab 1999 va 2000 yillarda Qirg’izistonning Botkent viloyatiga Tohir Yo’ldosh boshchiligidagi O’zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining bostirib kirgani edi.

O’tgan olti yil davomida minalashtirilgan hududlarda asosan tinch aholi qurbon bo’lgan. Botkent viloyati hokimining mudofaa va huquq-tartibot idoralari faoliyati bo’yicha o’rinbosari Toshtemir Eshaliyevga ko’ra, hozirgacha mina portlashi oqibatida ikki nafar Qirg’iziston fuqarosi o’lgan va yana bir fuqaro yaralangan.

Umumiy zarar miqdori 7 million so’m, taxminan 175 000 AQSh dollarini tashkil qiladi. Botkent viloyat davlat ma’muriyatining zararni qoplash to’g’risidagi talabiga nisbatan O’zbekiston rasmiylari tomonidan hech qanday javob olinmagan.

XS
SM
MD
LG