"Serquyosh O'zbekistonim" rahbari qalloblikda ayblanmoqda


Muxolifatdagi “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi raisi Sanjar Umarov katta miqdordagi mablag'ni o'zlashtirganlikda va talon-taroj qilganlikda ayblanib hibsga olingan.

Koalitsiya muvofiqlashtiruvchisi Nodira Hidoyatovaning aytishicha, Sanjar Umarovning hayoti xavf ostida va mazkur ish siyosiy sabablar bilan bog`liq.

“Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi bir necha kun avval Oliy Majlisga muxolifat bilan muloqot boshlash haqida murojaatnoma jo'natgan edi.

“Sanjar Umarov 23 oktyabrda, kechasi yo`qolib qoldi. 24 oktyabr kuni, kunduzi soat 12 larda bizga uning hibsga olingani va Shahar ichki ishlar boshqarmasida saqlanayotgani ma'lum bo`ldi,-deydi Nodira Hidoyatova.

"Men bugun O`zbekiston Bosh prokurori nomiga ariza bilan murojaat qildim. Arizada 23 oktayabr kuni mening ishxonamda 40ga yaqin kishi tomonidan tintuv o`tkazilganligi, tintuvda ishtirok etgan xodimlardan biri tintuv guruhiga Sanjar Umarov ustidan kompramat to`plash vazifasi yuklatilganini, Sanjar Umarovni jismonan yo`q qilish maqsadida unga nisbatan psixotrop moddalarini qo`llanilishini aytgani ko`rsatilgan”, - deydi koalitsiya tomonidan o`tkazilgan matbuot anjumanida tashkilotning muvofiqlashtiruvchisi Nodira Hidoyatova.

Nodira Hidoyatova Sanjar Umarovning sog'lig'ini tekshirish uchun chet ellik mutaxassislardan iborat komissiya tuzish talabini qo`ymoqda.

“Sanjar Umarovning tibbiy varaqasi AQShda, uning salomatligi haqidagi barcha ma'lumotlar o`sha yerda saqlanadi/ Shuning uchun ham tibbiy ko`rikka amerikalik mutaxassislar chaqirilishi kerak”, - deydi Nodira Hidoyatova.

Sanjar Umarovning hibsga olinishi siyosiy sabablarga egaligi, uning nomidan O`zbekistonda birorta korxona ro`yxatga olinmagani, uni iqtisodiy jinoyatlarda ayblash uchun asos yo`qligi aytiladi.

"Bu “Serquyoh O`zbekistonim” koalitsiyasining O`zbekiston parlamentiga yozgan murojati bilan bog`liq, chunki mening ishxonamni tintuv qilgan xodimlar hukumatda bizni qo`llovchi kuchlar bor-yo`qligi va ularning kimligi bilan qiziqqan edi. Ular hukumatda bizning murojatimizni qo`llovchi kishilar ko`pligidan xavotirga tushib qolishgan,” - deydi Nodira Hidoyatova.

Sanjar Umarovning ishi bilan shug'ullanayotgan Toshkent shahar prokuraturasi tergovchisi Jasur Fozilov mazkur ish yuzasidan hech qanday ma'lumot bera olmasligini ta'kidlaydi.

Hozirda Sanjar Umarovning himoyasi bilan shug`ullanuvchi bir guruh advokatlar tayinlangan. Advokatlar guruhi boshlig`i Vitaliy Krasilovskiyga ko`ra, uni O`zbekiston jinoyat kodeksining 167 moddasi 3 qismi bilan katta miqdordagi o`girlikda ayblashmoqda.

“Men hali uni o`zi bilan uchrasha olganim yo`q. Endigina ish bilan tanishishni boshlayapman. Hozircha hech narsa deya olmayman,” - deydi Vitaliy Krasilovskiy.

Ayni paytda “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiya tarkibiga kiruvchi muxolifatdagi Ozod Dehqonlar partiyasi hamda koalitsiya vakili va tadbirkorlik bilan shug`ullanuvchi Nodira Hidoyatovaning ofisi ham tintuv qilingan. Nodira Hidoyatova hozirda o`z ozodligi ham xavf ostida ekanini aytadi.

XS
SM
MD
LG