Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Moskvadagi navbatdagi sammiti


26 oktyabr kuni Rossiya poytaxti Moskvada Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) a'zo davlatlar rahbarlarining sammiti boshlandi. Sammitga mezbonlik qilayotgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, tashkilot ildamlik bilan rivojlanmoqda va dunyoda o'z siyosiy mavqeiga ega bo'lib bormoqda.

Putinga ko'ra, Andijondagi va Nalchikdagi so'nggi voqealar ShHT ga a'zo davlatlarning terrorizmga qarshi kurashda o'zaro hamkorlikni kuchaytirishlari zarurligini ko'rsatadi.

Rossiya, Xitoy, Qozog'iston, Qirg'iziston, O'zbekiston va Tojikiston ShHT ga a'zodirlar. Hindiston, Pokiston, Eron va Mongoliya vakillari esa sammitda kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqdalar.

Hukumat rahbarlari ShHT yig'ilishi davomida o'zaro savdo-iqtisodiy aloqalar, ShHT rasmiy kengashi hamda taraqqiyot jamg'armasini yaratish, banklar o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yishni muhokama qilish hamda boshqa qator kelishuvlarni imzolashlari kutilmoqda. Shuningdek, ShHT yig'ilishini 2006 yilda qaysi davlatda o'tkazish va qo'shma bayonot imzolash masalasi ham kun tartibiga qo'yilgan.

Rossiyalik tahlilchilarga ko'ra, ShHT kelajakda harbiy qudratga ega davlatlar ittifoqiga aylana olishi va NATO bilan raqobatlashishi mumkin.


XS
SM
MD
LG