BBC Jahon xizmati O'zbekistonda vakolatxonasini yopdi


Buyuk Britaniya Teleradio Korporatsiyasi Jahon xizmatining kecha ma'lum qilishicha, Bi-Bi-Si (BBC) o'zining O'zbekistondagi vakolatxonasini yopish haqida qaror chiqargan. Bunga O'zbekiston hukumatining Bi-Bi-Si muxbirlariga nisbatan tazyiqi sabab qilib ko'rsatilmoqda.

BBC kompaniyasining O`zbekistondagi vakolatxonasini noma'lum muddatga yopilishi va jurnalistlarni mamlakatdan chaqirib olinishi haqidagi qarori vakolatxonada ishlayotgan jurnalistlar tomonidan tasdiqlanadi, biroq jurnalistlar buning sabablari haqida gapirishni istashmaydi.

BBC kompaniyasining mintaqadan o`z muxbirlarini chaqirib olayotganiga doir tarqatilgan bayonotga ko`ra "BBC ning O`zbekistondagi xodimlari mamalakatdagi voqealarni yoritish vazifasini o`ta qiyinlashtirgan hukumatning ta'qib va tayziq qilish bo`yicha ketayotgan kampaniyasi qurbonlariga aylanishgan".

Shu paytgacha BBC ning O`zbekistondagi vakolatxonasida rus, qozoq, qirg'iz, tojik va o`zbek xizmatlarida jurnalistlar faoliyat yuritishayotgan edi. Bungacha esa BBC ning ingliz tili jahon xizmati vakili ham faoliyat yuritgan, biroq Andijon voqealaridan so`ng ingliz va boshqa xizmat vakillarining mamlakatda faoliyat yuritishlariga to`siqlar paydo bo`lgan. Ingliz xizmati vakili Monika Uitlok mamalakatdan chiqarib yuborilgan. U O`zbekiston prokuraturasi tomonidan Andijon voqealarini no`to`g'ri yoritishda ayblangan.

O`zbekistonlik kuzatuvchilardan biri Kamron Alievga ko`ra "BBC vakolatxonasining yopilishi O`zbekistonning demokratik mamlakatlar bilan aloqasining "Sovuq urush darajasiga ko`tarilganini bildiradi".

Bi-Bi-Sining Londondagi Markaziy Osiyo va Kavkaz bo'yicha xizmatining katta prodyusseri Hayrullo Ubaydullayev vaziyatni sharhlar ekan, O'zbekistondagi vakolatxonaning yopilishi bilan O'zbek xizmati o'z dasturlarini to'xtatadi degani emas, dedi. O'zbekistonga borib turadigan Bi-Bi-Sining inglizzabon muxbirlari u yerdan axborot jo'natib turishga harakat qiladi. Hozirda prezident Islom Karimov nomiga BBC jurnalistlarining xavfsizligini ta'minlashni kafolatlash so'ralib yozilgan xatga javob kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG