Bishkek Vashingtondan Manas uchun qayta to'lov talab qilmoqda


Qizg’aldoq inqilobi Qirg’iziston xalqining siyosiy faolligini qanchalik namoyon etmasin, ko’pchilik mamlakatda AQSh qo’shinlari joylashganiga katta e’tibor qaratmaydi, deya hikoya qiladi Christian Science Monitor gazetasi muxbiri Nikolas Shmidl.

Muxbir Janubiy Koreya, Yaponiya va Yaqin Sharqda Amerika harbiy bazalari masalasi naqadar dolzarb ekanini misol tariqasida keltirib, Qirg’iziston ommasi uchun AQSh bilan harbiy hamkorlik uncha chuqur ahamiyat kasb etmaydi, deydi.

Qirg’izistondagi yetakchi no-hukumat tashkilotlardan biri, Demokratiya va fuqaro jamiyati uchun koalitsiya prezidenti Edil Baisalov nazarida esa Sovet Ittifoqining qulaganidan beri 15 yil o’tgan bo’lsa-da, xalq orasida hali ham Amerikaga qarshi qarash hukm suradi.

“Amerikaga qarshi ruhda bitiladigan rus matbuoti Qirg’izistonda keng qamrovga ega ekanini unutmaslik kerak,”-deydi Baisalov. Lekin, deya yozadi AQSh gazetasi, Qirg’iziston yoshlari orasida Amerika ham, Manas aerodromida AQSh qo’shinlarining mavjudligi ekani ham faxriy ramz sifatida qolmoqda. Muxbir bilan suhbatlashgan Rustam ismli talaba, ko’pchilik yoshlar poytaxt Bishkekda Amerika bazasi borligi bilan g’ururlanadi - deya javob qilgan.

Bosh muharririyati Londonda joylashgan Financial Times gazetasi esa 29 oktyabrdagi sonida AQSh Mudofaa vazirligi va Qirg’iziston hukumati o’rtasida Manas havo bazasi yuzasidan kechayotgan moliyaviy kelishmovchilikni yoritdi.

Qirg’iziston prezidenti Kurmanbek Bakiyev eski hukumat davrida Manasdan foydalangani uchun AQShdan 80 million dollar talab qilmoqda. Pentagon esa bu to’lovlar sobiq prezident Askar Akayev hukumatiga to’langanini qayd etadi. Bakiyev hukumatining bildirishicha, o’sha to’lovlar Akayev bilan tili bir bo’lgan yonilg’i kompaniyalari tomonidan gumdon qilingan.

Pentagonga ko’ra, bu AQShning muammosi emas. Pulning nimaga va qayoqqa yo’q bo’lgani Qirg’izistonning ichki ishi, deydi AQSh mudofaa vazirligi vakili. Ma’lumki, yaqinda Vashington va Bishkek o’rtasida AQShning Manas aerdromidan foydalanishda davom etishini ta’minlovchi shartnoma imzolandi. Bush hukumati endilikda Qirg’izistonga Markaziy Osiyodagi eng yaqin harbiy hamkor sifatida qaramoqda. O’zbekistonning Xonobod harbiy bazasidagi Amerika qo’shinlari esa shu yil oxirigacha mamlakat tuprog’ini tark etishlari kerak.

XS
SM
MD
LG