Oq uy qora kunlarni boshdan kechirmoqda


Shu kunlarda Vashingtonda davlat ahamiyatiga molik katta bir tergov o’z ishini davom ettirmoqda. Bu tergov natijasida AQSh vitse-prezidenti Dik Cheynining o’ng qo’li, Cheynining Cheyniysi deb tanilgan Lyuis Skuter Libbi ishdan bo’shadi.

Janob Libbi jurnalistlarga federal razvedkachining shaxsi oshkor etilgani haqida – oliy hay’at oldida yolg’on gapirganlikda, qasamini buzganlikda va adolatga qarshi ish tutganlikda ayblanmoqda. Aybdor deb topilgan taqdirda Iroq urushining ortida turgan asosiy shaxslardan biri hisoblanmish Lyuis Libbi 30 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Bush rahbariyatining Iroqqa qarshi ochgan urushi, Saddam Hussayn hukumati ommaviy qirg’in qurollariga ega, degan ishonchga asoslangan edi.

Prezident Bush 2002 yilda Kongress oldida nutq so’zlar ekan, Saddam rejimi kuydurgi, asabga ta’sir qiluvchi gaz va atom qurollari ustida ishlamoqda, deb ta’kidlagan edi.

2003 yil boshida qilgan yana bir nutqida Bush Iroqni AQShga va xalqaro hamjamiyatga qarshi eng katta tahdid deb ko’rsatgan edi. "Britaniya hukumati yaqinda Saddamning Afrikadan katta miqdorda uran moddasini sotib olishga intilayotgani haqida ma’lumot oldi,"- degan edi Bush o'sha nutqida.

Bush rahbariyati bu borada o’z tekshiruvini allaqachon o’tkazgan edi.

AQShning sobiq elchisi Jozef Uilson bu haqda ma’lumot yig’ish uchun Nigerga jo’natilgan va u yerdan, Iroqning atom quroli yasash uchun muhim element uran sotib olishga urinayotgani haqida hech qanday dalil yo’q degan xulosa bilan qaytgan edi.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma Bush rahbariyati olib borgan tekshiruvda ishlatilgan razvedka ma’lumotlarini qalbaki deb topgan. Ammo ma’lumot baribir ham Bush ma’ruzasidan o’rin olgan.

Oq uy Iroq ommaviy qirg’in qurollariga ega, degan ishonchi olg’a surdi va 2003 yilning martida rasmiy Bag’dodga qarshi urush ochdi. Ommaviy qirg’in qurollari topilmadi. Bush rahbariyati shabhali razvedka ma’lumotlaridan Iroqqa bostirib kirish uchun foydalandi, deya keskin tanqid ostiga tushdi. Jorj Vashington Universitetining siyosiy boshqaruv fakulteti dekani Kristofer Arterton shunday deydi:

"Masalaning asosi shundaki, Bush rahbariyati Iroqda ommaviy qirg’in qurollari bor, deya qayd etishdan to’htamadi va omma qulog’iga bitta gapni qayta va qayta quyaverdi. Razvedka ma’lumotini o’z siyosiy maqsadi yo’lida qo’lladi."

2003 yilning yozida, Nyu York Tayms gazetasida bosilgan o’z maqolasida, sobiq elchi Uilson, Bush rahbariyati mening xulosalarimni chetga uloqtirdi, deb yozdi. Uilson ta’biricha, uning xulosalari Oq uyning Iroq haqidagi chekinmas ahdiga to’g’ri kelmagan.

Oradan sakkiz kun o’tib, konservativ siyosiy sharhlovchi Robert Novak o’z maqolasida janob Uilsonning rafiqasi Valeri Pleym Uilson niqob ostidagi federal razvedkachidir, deb ma’lum qildi.

AQShda niqob ostidagi razvedkachining shaxsini oshkor etish federal jinoyatdir. Chunki bu ularning hayoti va davlat xavfsizligiga tahdid soladi.

Konservativ siyosatni olg’a suruvchi Amerika Biznes Instituti ilmiy xodimi Jon Fortier nazarida esa, ommaga ayon qilishi uchun jurnalistlarni nozik ma’lumot bilan ta’minlab turish Vashingtondagi azaliy odatdir.

"Bu keng tarqalgan odat va jurnalist xalqi bunday ma’lumotlarga juda o’ch. Oq uydan bunday maxfiy ma’lumotlarni olish juda qiyin. Oq uy bu ma’lumotlarni ommaga ma’lum qilishni istamaydi. Chunki, gap davlat xavfsizligi masalalalari haqida ketyapti,"- deydi Jon Fortier.

Sobiq elchi Jozef Uilson rafiqamga hujum qilib, mendan o’ch olishmoqchi deya Bush rahbariyatini ayblay boshladi.

Natijada adliya vazirligi siyosiy jihatdan mustaqil qarashga ega maxsus prokuror tayinlab, Valeri Pleymning kimligini oshkor qilgan kishini izlay boshladi. Maxsus prokuror Patrik Fitzjerald ko’plab jurnalistlarni so’roq qildi.

Ulardan biri, Nyu York tayms gazetasi muhbiri Jyudit Miller, manbaning ismini aytishdan bosh tortib, hatto qamoqda o’tirib chiqdi. Unga razvedkachining kimligini aytgan maxfiy manba esa vitse-prezident Dik Cheyni idorasining boshlig’i Lyuis Skuter Libbi bo’lib chiqdi. Hozirda uning bo’yniga federal agentning shaxsini oshkor etganligini yashirganlik aybi qo’yilgan.

Lavozimidan ketgan Libbi sudda aybdor deb topilguncha, gunohkor emas. Libbi, shuningdek, maxfiy ma’lumotlarni matbuotga ulashgan birinchi AQSh rasmiysi ham emas. Ularning soni har ikki partiya a’zolari orasida talaygina. Jorj Vashington Universiteti professori Kristofer Artertonning fikricha, hech kim, hatto davlat tepasidagi kishilarning ham qonundan ustuvor emasligi demokratiya hukmron ekanidan dalolat beradi.

Hozirda federal razvedkachining shaxsi oshkor etilgani ustidan Bushning yaqin maslahatchisi Karl Rouv (Karl Rove) ham tergov ostida.

"Jahon hamjamiyati shuni bilsinki, demokratiya taraqqiy etgan jamiyatda, rahbariyat vakillari biror xatoga yo’l qoy’sa, qonun oldida javob beradi va tegishli jazo oladi,"- deydi Kristofer Arterton.



XS
SM
MD
LG