O'zbekistonlik olimlarning nanotexnologiyaga hissalari


Yaqinda Texasning Xyuston shahrida ko'plab olimlar va tadqiqotchilar nanotexnologiyaga bag'ishlangan ilk anjumanda ishtirok etdilar. AQShda nanotexnologiya tadqiqoti bilan shug'ullanayotgan o'zbekistonlik olim, professor Anvar Zohidov Texas Universiteti qoshida hattoki Nanotexnologiya Institutiga asos solgan. Nanotexnologiya o'zi bu nima va o'zbekistonlik olimlar bu sohada qanday yutuqlarga erishmoqdalar?

Nanotexnologiya dunyosi inson ko'zi uchun o'ta kichik bo'lishiga qaramay, uning ehimoliy ta'siri kattadir. Nanotexnologiya moddadan atom darajasida foydalanishni ko'zda tutadi. Hozirda tadqiqotchilar mazkur texnologiyadan yaxshiroq tibbiy muolaja, kuchliroq kompyuterlar yaratish, vazni yengil, biroq pishiq materiallarni tayyorlash yo'llarini aniqlash ustida ish olib bormoqdalar. Texas shtatidagi Rays Universiteti qoshidagi Nanotexnologiya markazining rahbari Veyd Adamsning aytishicha, bir atom yo'g'onlikdagi devorlardan iborat trubka aslida juda pishiqdir.

"Biz hozirda universitetda yagona qatlamli devordan iborat uglerodli nanotrubkalar ustida ish olib bormoqdamiz," deydi Veyd Adams. "Bundanda pishiq materialni butun boshli sayyoramizdan topib bo'lmaydi."

Hozircha bu bayonotlar eksperimentlar asosida qilinayotgan bo'lsa-da, janob Adamsning aytishicha, nanotexnologiya asosida tayyorlangan mahsulotlar bozor yuzini ko'rmoqda.

Nanotexnologiya harbiy va fazoshunoslik sohalarida ham qo'l keladi. Jonson nomidagi fazo markazida katta tadqiqotchi bo'lib ishlovchi asli hindistonlik Sivaram Arepalli bu kabi kichik moddalar ustida olib borilayotgan tadqiqotlar katta kashfiyotlarga olib kelishiga ishonishini aytadi.

"Ulardan puxta va ko'p maqsadlarda ishlatiladigan tuzulmalar yasash mumkin. Bunday tuzulma mahsulotga kuch va quvvat bag'ishlaydi, juda sezuvchan va o'zini-o'zi tuzata oladi," deydi Arepalli.

Nanotexnologiya asosida ishlab chiqarilgan materiallar nafaqat fazo vositalari, balki avtomobil va samolyotlarning vaznini ham yengillashtiradi hamda ularning kuchini oshiradi. Tadqiqotchi Arepallining fikricha, nanotexnologiya yaqin kelajakda katta imkoniyatlarga yo'l ochadi.

"Nanotexnologiya kichik sohalarga katta o'zgarishlarga olib kelishi mumkin," deydi u. "Masalan, yonilg'i batareyalariga. Nanotexnologiya tadqiqoti qator ilmiy jumboqlarning yechilishini ta'minlaydi."

Nanotexnologiya o'zbekistonlik olimlar uchun ham yangilik emas. Texas Universitetida 4 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan olim, professor Anvar Zohidov universitet qoshida besh laboratoriyadan iborat Nanotexnologiya Institutiga amerikalik ximik-olim Rey Bogman bilan birga asos solgan. Professor Zohidov bu yerda fizikadan ham dars beradi. Olimning aytishicha, nanotexnologiyadan ko'plab sohalarda foydalanish mumkin.

Hozirda professor Zohidov nanotrubkalar ustida tadqiqotlar va turli xil eksperimentlar o'tkazmoqda. Ulardan biri yaqinda muvaffaqiyatli yakunlandi. Anvar Zohidov va uning O'zbekistondan taklif etilgan yana ikki hamkasbi Ali Aliyev va Sergey Li kabi olimlar uzunligi bir metr va eni 5 santimetr bo'lgan va ko'p devorli bir necha nanotrubkalardan iborat pishiq va tiniq nanoplenkalarni ixtiro qilishdi.

Nanotexnologiya nanometrlar bilan o'lchanadi. Har bir nanometr bir metrning milliarddan bir qismiga teng o'lchamdir. Misol uchun, bir varaq qog'ozning qalinligi 100,000 nanometrga teng. Uglerodli nanotrubkalar esa inson sochi tolasidan 10 ming baravar ingichkadir. O'zbekistonlik olimning aytishicha, nanotexnologiyada kichik moddalarni bo'yiga va eniga cho'zgan va pishigligini saqlab qolgan holda, hajmini o'zgartirish mumkin.

Toshkentda O'zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi Yadro fizikasi institutida ishlagan va hozirda O'zbekistondagi shogirdlari va hamkasblari bilan nanotexnologiya sohasida fikr almashib turadigan professor Zohidovning aytishicha, Parkentdagi quyosh pechkasida ham nanotrubkalarni ishlab chiqarsa bo'ladi. Nanotexnologiya vositasida, deydi olim, masalan qalinligi bir millimetrdan yupqa bo'lgan, biroq yuqori haroratga chidamli kompyuter va televizor ekranlarini ishlab chiqarish mumkin.

XS
SM
MD
LG