Ozarbayjonda rangli inqilob ehtimoli bormi?


6 noyabr kuni Ozarbayjonda parlament saylovlari bo'lib o'tadi. Ikki mingga yaqin nomzod parlamentdagi 125 o'ringa da'vogarlik qilmoqda. Prezident Ilhom Aliyev saylovlarning ochiq va erkin o'tkazilishiga kafolat bermoqda. Biroq militsiya kuchlarining muxolifatchilar namoyishlarini buzishi va ba'zi faollarni hibsga olishi ko'plab tahlilchilarni prezident so'zlariga ishonchsizlik bilan qarashga majbur qilmoqda.

Saylovlardan bir necha kun ilgari prezident Aliyev ularning erkin o'tkazilishini ta'minlashga qaratilgan ba'zi choralarni tatbiq etuvchi qarorga imzo chekkan edi. Biroq Xyumen Rayts Votch inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotining aytishicha, hukumatning sistemali ravishda muxolifatni tazyiq qilish kampaniyasi yakshanba kungi saylovlarning erkin o'tishini shubha ostiga qo'ymoqda. Gruziya, Ukraina va Qirg'izistondagi inqiloblardan so'ng Ozarbayjon rahbarlari ehtimoliy inqilobdan xavotirga tushmoqdalar. Vashingtonda joylashgan Amerika Tashqi siyosati kengashi tashkilotining tahlilchisi Ilan Bermanning aytishicha, sobiq Sovet rahbarlari demokratiya talabini olg'a suruvchi namoyishlardan hayiqib qolganlar va ularning orqasida G'arb tashkilotlari turishiga ishonadilar.

"Ukrainadagi Qo'ng'ir inqilob, Gruziyadagi Atirgullar inqilobi va Qirg'izistondagi Qizg'aldoq inqilobidan so'ng bu yerdagi avtoritar rahbarlar orasida chet-eldagi ba'zi kuchlar ularni hokimiyatdan uloqtirib tashlamoqchi degan fikr keng tarqalgan," deydi u.

Janob Bermanning ta'kidlashicha, aynan shuning uchun ham Ozarbayjon Demokratik partiyasi rahbari Rasul Guliyevning vataniga qaytishiga qarshi favqulodda choralar ko'rildi. Guliyev 9 yil burun, unga 100 million dollar davlat pulini o'zlashtirishda ayb qo'yilgandan so'ng AQShga chiqib ketgan edi. Ozarbayjon hukumati uning o'tgan oyda kutilgan vataniga qaytishi bilan bog'liq favqulodda hollar ehtimolining oldini olish uchun yuzlab qurolli qo'shinlarni Boku shahri bo'ylab va ayniqsa, aeroport atrofiga joylashtirgan edi. Shundan so'ng hukumatning ikki vaziri hamda taniqli olim Guliyev bilan birgalikda davlat to'ntarishini rejalashtirayotganlikda ayblanib, hibsga olinganlar. Ozarbayjonning AQShdagi elchisi Hofiz Pashayevning aytishicha, hukumat tartibsizliklarning oldini olish uchun astoydil bel bo'glagan.

"Prezident Aliyev jarayonning qonun doirasida o'tishi tarafdori," deydi elchi, "aks holda siyosiy beqarorlik natijasida, erishilgan ko'p yillik iqtisodiy o'sishga katta ziyon yetadi."

Biroq ko'plab tahlilchilar nazarida Rasul Guliyev revolyutsiya u yoqda tursin, hattoki yirik norozilik namoyishlarini ham uyushtirish uchun yetarli tarafdorlarga ega emas. Prezident Aliyevni esa ko'plab odamlar qo'llab-quvvatlaydilar. Shu sabab Massachusetts Universitetining professori Odri Olstad singari ko'plab kuzatuvchilarning xulosasiga ko'ra, siyosiy inqiroz Ozarbayjon hukumati tomonidan haqiqiy demokratik saylovlarning o'tkazilishini talab qilayotgan xalqaro hamjamiyatning bosimini bir oz tushirish uchun ataylab uyushtirilgan.

"Amaldagi tuzum demokratik saylovlarni yo xohlamaydi yo ularga tayyor emas yo ularni o'tkazish qo'lidan kelmaydi," deydi Olstad. "Agar saylovlardan oldin siyosiy inqiroz muhiti vujudga kelsa, u holda hukumatdan muxolifatga qarshi tazyiqning kuchayishi hech qanday norozilikka uchramasligi mumkin."

Professor Olstadning aytishicha, davlat to'ntarishi raqiblarni siyosiy sahnadan chetlashtirishga qaratilgan bahonadir. Chunki, deydi u, hibsga olinganlarning ko'pi o'rtasida katta bog'liqlik yo'q. Prezident Aliyevning bu kabi taktikasi saylovchilar diqqatini asl muammolardan chalg'itmoqda. Masalan, deydi Olstad, prezident Aliyevning "Yangi Ozarbayjon" yoki muxolifatning "Ozodlik Fronti" partiyalari haligacha qo'shni Armaniston bilan mojaroni hal etish yo'llarini yoki jamiyatdagi boylar bilan kambag'allar orasidagi ijtimoiy farqning o'sishi muammosini muhokama qilganlari yo'q. Aynan shu muammolar Ozarbayjon barqarorligiga inqilobdan ham ko'ra kattaroq tahdid solishi mumkin.

"Bokuga borsangiz, shaharda ko'plab villalarga ko'zingiz tushadi," deydi Olstad. "Shu bilan birga haftasiga yetti kunlab ishlaydigan va Sovet davridan ham past maosh oladigan ko'plab odamlarni ham ko'rsa bo'ladi. Ijtimoiy barqarorlik nuqtai nazaridan olib qaraganda, mana shu hol uzoq-muddatli tahdidlardan biridir."

Mazkur muammolarga sabab qilib, professor Olstad, korrupsiyani ko'rsatmoqda. Biroq o'ziga yarasha kamchiliklarga qaramay, ba'zi mutaxassislar fikricha, Ozarbayjon so'nggi yillarda boshqa sobiq Sovet davlatlaridan ko'ra ko'zga ko'rinarli siyosiy va iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishdi. Tahlilchi Ilan Berman bu muvaffaqiyatlarni Aliyevning qo'llab-quvvatlanishiga sabablardan biri deb bilmoqda.

"Ozarbayjon muxolifatining mamlakat ichida va tashqarisida yetarlicha madadsiz qanday qilib amaldagi hukumatni ag'darishi mumkinligiga aqlim bovar qilmaydi," deydi Berman. "Saylovlar, mening nazarimda, Ilhom Aliyevning hokimiyatini yanada kuchaytiradi."

Ilan Berman Ozarbayjon siyosiy va iqtisodiy erkinlashtirish yo'lida davom etsa, Markaziy Osiyo davlatlariga yaxshi namuna bo'lishi mumkin, deya hisoblaydi.

XS
SM
MD
LG