Qirg'iziston doimiy qiynoqlar mamlakatiga aylanyaptimi?


BMT Inson Huquqlari bo’yicha komissiyasining maxsus vakili Teo van Bovenga ko’ra, O’zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida qiynoqlar doimiy qo’llaniladigan davlatdir.

Ammo qirg’izistonlik huquq himoyachilariga ko’ra, bu davlatda ham militsiya xodimlari tomonidan ayblanuvchilarga nisbatan doimiy qiynoqlar qo’llanilmoqda. Qirg'izistonda huquq himoyachilari qiynoqlarga qarshi milliy kampaniya boshlash arafasida turibdilar.

Inson Huquqlari himoyachilari “Qirg’izistonda militsiya tomonidan jinoyat sodir etganlikda ayblanib qo’lga olingan fuqarolarga nisbatan qiynoqlar qo’llanilishi oddiy holatga aylangan”, deya hisoblaydilar.

“Freedom House” tashkiloti loyihasi asosida yaratilgan “Ozodlik ovozi” tarmog’ining a’zolariga ko’ra, qiynoqlarga qarshi kurashish vaqti yetdi. 5, 6, 7 noyabr’ kunlari Issiqko’l bo’yiga to’plangan huquq himoyachilarining uchrashuvida ayni qiynoqlarga qarshi kurashish uchun milliy kampaniya boshlash rejasi muhokama qilindi.

“Freedom House” tashkilotining dasturlar bo’yicha maslahatchisi Nuriana Kartanbaevaga ko’ra, oxirgi 2-3 yil davomida qiynoqlar masalasi jamiyatning asosiy va eng muhim muammolaridan biriga aylangan.

- Qiynoqlar masalasi Qirg’izistondagi eng katta muammolardan biridir. Bu haqda oxirgi 2-3 yil davomida ham ko’p gapirildi. Qirg’izistonda qiynoqlar bor, bu qiynoqlar doimiy ravishda qo’llaniladi. Mamlakatning barcha nuqtalarida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ayblanuvchilarga nisbatan qiynoqlar qo’llaniladi, bunga hamkorlarimizning hisobotlarida keltirilayotgan ma’lumotlar dalil bo’la oladi, – deydi Nuriana Kartanbaeva.

Huquq himoyachilariga ko’ra, qiynoqlar asosan militsiya xodimlari tomonidan jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib qo’lga olingan shaxslarga nisbatan, vaqtinchalik saqlash va tergov izolyatorlarida qo’llaniladi. Ayblanuvchini ko’rsatma berishga majbur qilish, aybini bo’yniga qo’yish uchun uni kaltaklash militsiya xodimlari uchun oddiy holatga aylangan.

Huquq himoyachisi Elina Amerxanovaning aytishicha, ayblanuvchining boshiga tsellofan xalta kiydirish orqali kerakli ko’rsatma olish militsiya xodimlari tomonidan qo’llaniladigan eng oson va arzon qiynoq usullaridan biridir.

- Natijada mahbus bir necha minut davomida nafas ololmaydi, tabiiyki, bunday qiynoqdan so’ng ayblanuvchi o’zi sodir etmagan barcha jinoyatlarga osongina iqror bo’ladi. Militsionerlar ayblanuvchi o’z ko’rsatmasidan qaytmasligi uchun u to tergov protokoliga qo’l qo’ymaguncha bu kabi qiynoqlarni davom ettirishlari mumkin, – deydi Elina Amerxanova.

Huquq himoyachilari militsiya xodimlarining ishni tezroq sudga oshirish maqsadida ayblanuvchini elektr toki bilan qiynashlari yoki uni qo’llaridan osib qo’yish orqali aybiga iqror qildirishlari mumkinligini aytadilar. Bu kabi holatlar huquq himoyachilari tomonidan bir necha bor hisobotlarda qayd qilingan.

Xo’sh, boshlanishi kutilayotgan milliy kampaniya militsiya xodimlari tomonidan qiynoqlar qo’llanilishiga chek qo’ya oladimi? Ushbu kampaniya doirasida qanday tadbirlar amalga oshirilishi kutilmoqda? “Freedom House” tashkilotining dasturlar bo’yicha maslahatchisi Nuriana Kartanbaevaning aytishicha, ushbu kampaniya doirasida aholi, huquq-tartibot idoralari xodimlari o’rtasida edvokasi-mashg’ulotlar o’tkazilishi ko’zda tutilgan. Shuningdek, qiynoqlardan jamoatchilikni o’z vaqtida xabardor qilish maqsadida huquq himoyachilari va jurnalistlar o’rtasida hamkorlikni yo’lga qo’yish kutilmoqda.

- Nima uchun biz qiynoqlarga qarshi kurashish uchun milliy kampaniya strategiyasini ishlab chiqayapmiz? Chunki, huquq himoyachilari birgalikda ushbu muammoni hal qilishga o’z hissalarini qo’sha oladilar. Albatta, qiynoqlar qo’llanilishi bo’yicha axborot olishda muammo bo’lishi mumkin. Yoki jabrlanuvchilar doim ham o’zlariga nisbatan qiynoqlar qo’llanilganini gapiravermaydilar. Lekin zarurat tug’ilgan ekan, biz ishlashga tayyor bo’lishimiz kerak, – deydi Nuriana Kartanbaeva.

XS
SM
MD
LG