O'zbekiston diniy erkinlikni tahqirlayotgan davlatlar ro'yxatiga kiritilmadi


AQSh Davlat departamenti Birma, Xitoy, Shimiloy Koreya, Eritreya, Eron, Sudan, Saudiya Arabistoni va Vietnamni diniy erkinlikka eng qattiq tazyiq o'tkazayotgan davlatlar deb e'lon qildi.

AQSh Kongressi tomonidan 1998 yilda qabul qilingan qonun asosida nashr qilingan yillik hisobotda qayd etilishicha, o’tgan yil bilan solishtirganda, diniy erkinlik bobida jahon bo’ylab sal bo’lsa-da ijobiy hollar kuzatilgan. Lekin yuqorida qayd etilgan sakkiz mamlakatda diniy erkinlik hali ham qattiq bosim ostida.

Ma'lumki, AQSh, diniy erkinlikni cheklagani sababi maxsus ro'yxatga kiritilgan bu davlatlarga nisbatan turli sanksiyalar qo'ygan. Davlat kotibasi Kondoliza Rays (Condoleezza Rice) yaqin kunlarda Saudiya Arabistoniga safar qiladi va tashrifi davomida rasmiy Riyod bilan e'tiqod erkinligi masalasini muhokama qiladi.

Davlat departamentining diniy erkinlikni kuzatuvchi bo’limi vakili, maxsus elchi Jon Xanford (John Hanford) Turkmaniston, Qatar va Hindistonda ma’lum bir darajada ijobiy o’zgarishlar ro’y berganligini aytib, jiddiy muammolar kuzatilayotgan ba’zi mamlakatlarni ham yaqin orada ro’yxatga olish mumkinligini ta’kidladi.

Bu qaysi mamlakatlar ekanini aniq aytmasa-da, elchi, O’zbekistonda dindorlarga qarshi qilinayotgan hatti-harakatlar katta muammo, deydi.

- Ko’p hollarda, ma’muriyat, biron bir asosga suyanmay, oddiy musulmonlar a’zo bo’lib kirgan siyosiy tashkilotlar terrorchilikni tashviq qilmoqda, deb da’vo qilmoqda. Hukumat ayni damda, dindorlarning ektremistik tashkilotlarga a’zo bolganligini da’vo qilib, bundan ham faqat begunoh taqvadorlarga bosim o’tkazish niyatida foydalanmoqda,- deya ta'kidlaydi elchi Xanford.

Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha AQSh komissiyasi nazarida, O'zbekistonda e'tiqod erkinligi bilan bog'liq ahvol nihoyat og’ir vaziyatda. Shu bois komissiya davlat departamentiga O’zbekistonni ham diniy erkinliklar cheklangan mamlakatlar ro’yxatiga olishni tavsiya qilgan edi.

Washington Post gazetasining 2005 yil, 9 noyabrgi sonida yozilishicha, ushbu komissiya raisi Maykl Kormarti (Michael Cromartie) hali Davlat departamentidan nima uchun O’zbekiston bu ro’yxatga qo’shilmaganini so’ramagan.

Xalqaro tashkilotlar nazarida, Andijon voqealari sabab O’zbekistonni ushbu ro’yxatga tushirish uchun Bush ma’muriyati qolida yetarli dalillar bor.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkilotining Vashingtondagi vakili Tom Malinovski (Tom Malinowski) Washington Post gazetasiga bergan intervyusida, Davlat departemanti O’zbekistonni diniy erkinliklar cheklangan mamlakatlar ro’yxatiga olgan taqdirda, [Xonobod] bazasini qo’ldan boy berganligidan g’azablanib shunday qildi, degan gap-so’zlar tarqalishini xohlamagandir, deya fikr bildirgan.

XS
SM
MD
LG