Breaking News

O'zbek hunarmandchiligi ko’rgazmasi - Vashingtonda


O’zbekistonning AQShdagi elchixonasida O’zbekiston hunarmandchiligi ko’rgazmasi boshlandi. Unda asosan Farg’ona vodiysidan bo’lgan ustalarning ijodiy namunalari namoyishga qo’yilgan.

Rishton kulolchilik san’at maktabi va Marg’ilon to’qimachilik san’ati haqida biluvchilar yanada ko’paydi, desak xato bo’lmaydi. O’zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida ko’rgazmaga qo’yilgan kulolchilik va to’qimachilik namunalari Amerika ommasiga O’zbekistonning noyob, rang-barang tarixiy va madaniy merosi haqida so’zlayotgandek…

Rishton kulolchilik maktabi ustasi Rustam Usmonov bunday ko’rgazmalarga o’rganib qolgan.

“Men mazkur ko’rgazmaga 250 dan ziyod eksponatlarni olib keldim. Amerikada ikkinchi marotaba bo’lib turibman. Mazkur yilning iyul oyida Nyo Meksika shtatining Santa Fe shahrida ham xalqaro ko’rgazma va savdo yarmarkasida qatnashdim. 85 nafar istirokchilar orasida bizning san’at namunalrimiz amerikaliklar orasida katta qiziqish uyg’otdi”, dedi usta Rustam Usmonov.

Shuni ta’kidlash joizki, 2006 yilning mart oyida Tatariston poytaxti Qozonda ustaning shaxsiy ko’rgazmasi tashkil etiladi.

Tadbir avvalida O’zbekiston elchisi Abdulaziz Komilovning rafiqasi Gulnora Rashidova mehmonlarga tashrif uchun tashakkur bildirdi. Shundan so’ng mehmonlar uchun O’zbekistonning tarixiy madaniyati va uning dunyo tsivilizaciyasiga qo’shgan hissasi haqida so’zlovchi hujjatli film namoyish etildi. Mehmonlar, shuningdek, Vashingtonda tashkil etilgan, mashhur raqs ustasi, Qizlarhon Do’stmuhamedovaning amerikalik shogirdi, Lorel Viktoria Grey boshchiligidagi “Ipak Yo’li” raqs dastasi ijrosidagi raqslardan bahramand bo’lishdi.

Rishtonda yaratilgan likopchalar, laganlar, piyolalarni ko’zdan kechirib, betakror ranglar jilosida yaratilgan to’qimachilik durdonalari tomon yo’l olamiz. Turli adras, bahmal, shoyi parchalari, so’zanalar…

Qo’lda to’qilgan Marg’ilon gilamlari ustasi Fazliddin Jumanov san’atini ko’z-ko’z qilarkan, jumladan shunday deydi:

“Yoshligimdan to’qimachilikka qiziqib kelaman. Asosan, eskirgan va qadimda mashhur bo’lgan matolarni yana qayta tiklashga harakat qilaman. Bundan tashqari 30 ga yaqin mualliflik ishlarim ham bor. Hozirda, Marg’ilonda yosh bolalar uchun to’qimachilik to’garagi ochib, san’atning mazkur turiga mehr qo’yganlar uchun, o’zimning bilganlarimni o’rgatib kelmoqdaman.”

Amerika-O’zbekiston orasidagi madaniy almashinuv bundan 9 yil oldin sobiq elchi Sodiq Safayev tashabbusi bilan yo’lga qo’yilgan. Bu borada biroz ma’lumot olish uchun O’zbekiston elchixonasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan O’zbekiston Do’stlari Jamg’armasi vitse-prezidenti Marti Shanklinni so’zga tutamiz.

“Bundan 9 yil oldin bir guruh amerikalik sayyohlar qatorida men O’zbekistonda bo’lganimdan beri bu yurtga mehrim oshgan. Ayniqsa, noyob madaniyati va o’ziga xos urf –odatlari haqida do’stlarimga bildirgim keldi. Biz o’zbek oilalarida istiqomat qildik, ularning hayoti bilan tanishdik. Shu qatorda ular ham AQShga tashrif buyurib, bizning hayotimizga nazar tashlashdi. Bugunda biz jamg’armamizni keng miqyosda targ’ib qilib, O’zbekiston elchixonasiga turli madaniy tadbirlarni o’tkazishga yaqindan yordam berayapmiz”, dedi Marti Shanklin.

“Ko’rgazmaga kelishimdan maqsad”, deydi biz bilan suhbatlashgan yana bir mehmon, “O’zbekiston tarixiga, madaniyatiga va an’analariga qiziqadigan ko’plab odamlar bilan tanishish.”

O’zini Sammer Koysh deb tanishtirgan bu inson yaqinda Markaziy Osiyo madaniyati jurnalini tashkil etganini aytadi.

“Jurnalning birinchi sonini O’zbekiston san’atiga va madaniyatiga bag’ishlamoqchiman. Bu yerda tomosha qilgan o’zbek raqsi, hunarmandchilik namunalari meni yanada hayratga soldi.”

Ko’rgazmada eksponat sifatida qo’yilgan asarlar savdosi ham tashkil etilgan. Turli buyoqdor likopchalar, sozanalar va adraslar Amerika ayollari tomonidan katta qiziqish bilan xarid qilinayotganini ko’rasiz. Ko’rgazma 12 noyabrga qadar davom etadi.

XS
SM
MD
LG