Qirg'iziston Toshkent bilan gaz va suv muammosini hal etish umidida


Qirg’iziston rasmiylari gaz yetkazib berish masalasini hal qilish uchun Toshkentga borishni rejalamoqdalar. O’zbekiston 2005 yilning avgust oyida Qirg’izistonga gaz yetkazib berish bo’yicha shartnomani bir tomonlama bekor qilgan edi.

Qirg’iziston prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o’tgan hafta oxirida prezident Qurmanbek Bakiev O’zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan telefon orqali suhbatda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik, jumladan, Qirg’iziston shimoliga gaz yetkazib berish masasini muhokama qilgan.

Suhbat davomida “O’ztransgaz” hissadorlik shirkati va “Qirg’izgaz” ochiq turdagi hissadorlik jamiyati o’rtasida gaz yetkazib berish bo’yicha shartnoma tuzish uchun muzokaralar o’tkazgani “Qirg’izgaz” rahbarining shu hafta Toshkentga borishiga kelishilgan.

13 maydagi Andijonda yuz bergan fojealardan keyin O’zbekiston tomonidan Qirg’izistonga gaz yetkazib berilishi masalasi chigallasha boshlagan edi. Buning sababini tahlilchilar, avvalo, Qirg’izistonning o’zbekistonlik qochqinlarni qabul qilishi va ularni Ruminiyaga chiqarib yuborishi bilan izohlaydilar. Chunki, shu yil avgust oyida O’zbekiston gaz yetkazib berish bo’yicha iyul’ oyida Qirg’iziston bilan imzolangan shartnomani bir tomonlama bekor qilgan. “Qirg’izgaz” boshlig’ining 1-o’rinbosari Qubanich Jusupov O’zbekiston qochqinlar Ruminiyaga jo’natilgach, Toshkent shartnomani bekor qilganini aytgan. “Uztransgaz” rahbariyati qirg’iz tomonining bu da’vosini rad qilarkan, shartnoma Qirg’izistonning to’lanmagan qarzlari uchun bekor qilinganini ma’lum qilgan.

Munosabatlar taranglasharkan, uzoq yillar gaz xo’jaligi sohasida ishlagan Qirg’iziston parlamentining deputati Davron Sobirov ikki davlat prezidentlari shaxsan masalaga aralashish orqali muammoni hal qilishlari mumkinligini aytgan edi.

Davron Sobirovga ko’ra, har yili Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasida gaz yetkazib bo’yicha bahslarning takrorlanishi sababi energetika bo’yicha Qirg’iziston xavfsizligini ta’minlash rejasining bajarilmayotganidadir.

Gaz Qirg’iziston aholisi uchun asosiy energiya manbai hisoblanadi. Aholining 30 foizi gazdan foydalanadi, bu foiz, ayniqsa, O’sh va Bishkekda yuqori ekani rasmiy ma’lumotlarda qayd qilingan. Qirg’izistonda gazga muqobil ravishda katta miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarilayotgani bilan, uni aholiga kerakli darajada yetkazib berish uchun moddiy-texnikaviy imkoniyatlar cheklangan.

Deputat Davron Sobirovga ko’ra, Qirg’iziston aholisini gaz bilan ta’minlash muammosini O’zbekiston bilan suv-energetika zahiralari bo’yicha tuzilgan shartnomalar doirasida hal qilish zarur.

XS
SM
MD
LG